Ilmiy darajadan – ilmiy unvonga!

Oddiy qish kunlaridan biri edi.
Ertalabdan dekan bilan fakultetimiz ilmiy salohiyatini bu yil yanada yuqoriroqqa olib chiqish haqida gaplashib o’tiribmiz.
– Shundog’am ketishimiz universitet va boshqa jurnalistika maktablari oldida ancha yaxshi. Lekin mavjud potensialimiz hali katta, – deydi Amrullo Ashurovich.
– Ha, baxtimizga ustozlarimiz omon bo’lishsin. Bugun Hurshid Nabiyevichning tug’ilgan kunlari, boyagi postingizni o’qidim. Ularga nima sovg’a qilsak ekan-a?
– OAK tinchmi haliyam? Bir borib kelsangiz-chi. Diplomingiz tayyor bo’lsa, ana shu ustozga bugun qiladigan eng katta sovg’angiz bo’lardi.
– Yonimda pasportim yo’q-da, meni kiritishmaydi u yerga. Boz ustiga chontakda pul ham yo’q. Boshqa safar borarman…
– Sizga pasport nega kerak? Yuzingiz pasport-ku. To’lovini esa telefonizdan davlat xizmatlariga tashlaysiz!
– Qanaqa bo’larkan? OAKdan qo’rqaman…
– Turing-da hozir, hech narsa bo’lmagandek kirib boravering. 11-xonaga.
– Xo’p, ketdim unda. Tavakkal…
“Dekanning gapi singandan ko’ra, bobovning qulog’i sinsin” deb, taksida bir pasda OAK tarafga yetib bordim.
Odatdagidek turli univerlardan kelganlar navbat kutib turishibdi.
Bir-biridan taniqli, nufuzli, katta domlalar…
Mendan oldin kamida 5-6 kishi bor.
Ichkaridan chrioyli bir opaning ovozi eshitilayapti.
– Siz, Bobur Alimov, kiring (ko’pincha ismimni shunday adashtirishadi)… Yaxshi keldizmi domla?
Bekitmayman. G’arib ko’nglim bu iltifotdan osmon qadar ko’tarildi.
Kamtarin, latofatli va shirinsuxan opani bir ko’rishdayoq hurmatim oshdi. Umrlari uzoq bo’lsin!
Shu payt ichimdan nima o’tdi deng?
Qani edi onam tirik bo’lsalar-da, yugurib oldilariga borib, birinchi bo’lib ularni xursand qilsam.
Qabargan qo’llaridan to’yib-to’yib o’psam…
Bino tashqarisiga qo’limdagi qizil diplom bilan chiqib borar ekanman, o’zimcha dunyodagi eng baxtli odam edim.
Odatda bunday paytlarda xursndlikdan og’zim yopilmay qoladi (bugun uxlaganda ham aynan pishgan kalladek tirjayib uxlasam kerak).
Darvoza tegida turgan ikki yosh yigit “sizni rasmga olib qo’yalikmi, bu an’ana-ku”, deyishdi.
– Iye, dotsentni endi oldingizmi, yoshingiz nechada?, – deb so’rashdi.
Men esa ularga necha yoshga kirganimni aytishdan uyalmadim.
Chunki bu hayotda kamina hech narsaga shunchaki erishmaganman.
Boshimdagi g’urralarni-ku bir men, bir yaratuvchining o’zi biladi.
Xullas, dekanimiz aytganidek, ilmiy rahbarimning tug’ilgan kunlariga sovg’a olib qaytdim.
Ularga bu aniq yoqadi…
B.A.
08.01.2025