JURNALISTIKAGA KULTIVATORDA KIRIB KELGANMAN

Media olamining sehrli dunyosiga qizil yoki zangori gilamlardan yurib emas, eski kultivatorning torgina kabinasi orqali kirib borganman.
Tuman gazetasida ilk xabar, maqola va ocherklarim chiqa boshlaganida 8-sinfda o‘qirdim.
O‘sha paytda kamina uchun eng muhim joy — oddiy maktab emas, “Lenin yo‘li” tuman gazetasining tahririyati edi. Shuning uchun Mehnat yoki Jismoniy tarbiya kabi “unchalik muhim bo‘lmagan” darslardan qochib, 45 daqiqa, ba’zan bir soatga tahririyatga borib kelishga harakat qilardim.
Maqsad esa oddiy: ustoz jurnalistlardan maslahat olish, yozgan yangi xabar va maqolalarimni ularga topshirish.
Ammo bitta muammo bor edi: tahririyat qishlog‘imizdan 10 chaqirimcha uzoqda joylashgan. Cho‘ntakda esa onam bufetga bergan 20 tiyindan boshqa hemir ham bo’lmasdi. Demak, taksi — orzu. Avtobus esa hashamat edi.
Shuning uchun yagona yo’l – avtostop! ✋🚗
Kimning yo‘li Bog‘otga bo‘lsa, birga yetib olishga harakat qilardim.
Ana shunday ajoyib kunlarda hayotimdagi eng noodatiy “transport”lardan biri paydo bo‘ldi.
Kultivator. 🚜 Uni Rahimboy aka Ulliev haydardi.
Rahimboy aka o‘sha paytlarda qishlog‘imizning nomdor mexanik-traktorchilaridan edi. Kuzda esa unga paxta terish mashinasini boshqarish ishonib topshirilardi.
Shuncha ishi bo‘lishiga qaramay, meni yo’l chetida ko‘rib qolsa:
— “Qani, chiq traktorga, Bog‘otga borib kelamiz!” — derdi.
Shunday qilib, boshqa bolalar maktabda uzluksiz o’qiyotgan yoki uyga qaytayotgan bir paytda, men kultivatorga minib, tuman gazetasiga — jurnalist bo‘lish uchun ketardim.
Bugun o‘ylab qarasam, jurnalistikaga olib borgan yo‘limning o‘zi bir story ekan.
Aytmoqchi, Rahimboy aka o’zimizning xo’jalardan, bir umr qilgan halol mehnati va atrofdagi odamlarga qilgan yaxshiliklari uchun qishlog‘imizda juda hurmat qilishadi. Hozir u 78 yoshda. Yaqinda biznikiga yo‘qlab kelibdi.
Bolalik yillarimni birga o’tirib xotirladik. Ayniqsa, jurnalistikaga kultivatorda kirib kelgan davrimni eslab rosa kulibmiz.
Darvoqe, hozir “Lenin yo‘li” gazetasi “Bog‘ot sadosi” deb ataladi. Hanuz jonajon tahririyat bilan aloqalarimiz bor.
Oradan yarim asrga yaqin vaqt o‘tibdi. Lekin o‘sha kultivatorning shovqini, Bog‘otga ketayotgan 8-sinf o’quvchisi, cho‘ntagidagi atigi 20 tiyini bor bolakay — ko’zimning oldida turibdi.
Eng muhimi, Ullievning evarasi – Sаfiya Sulton mening birinchi nevaram bo‘ladi. Qarang, hayotning o‘zi ham ba’zan bizga sezdirmasdan eng chiroyli ssenariylarni yozib qo’yarkan…
Siz-chi, o‘z sohangizga qanday kirib borgansiz? 🚜
Qaysi transport sizni kasbingiz sari olib borgan?