Uch og’ayni botirlar

Ba’zan qayerda ishlaganingiz emas, kim bilan ishlaganingiz ko’proq xotirada qolar ekan.
2005-2009-yillar Akmal aka Saatov va Umid Alimov bilan O’zbekistonning kunchiqar mamlakatdagi elchixonasida xizmat qilgandik.
Har birimizning oldimizga qo’yilgan vazifalar turli xil esa-da, yaxlit jamoa bo’lib, bir-birimizning ishimizga beminnat yordam berishga erinmasdik.
4 yil davomida mahalliy hamkorlar yordamida Yaponiyaning 20 dan ziyod shaharlarida o’zbek madaniyati targ’iboti bilan bog’liq tadbirlarni o’tkazdik.
Tokiodan tortib Osakagacha, Naradan tortib Niigatagacha, Gummadan tortib Fukushimagacha, Kyotodan tortib Nagoyagacha, Yokohamadan tortib Kobegacha xuddi bo’zchining mokisidek borib kelaverdik.
Qimmat galstuk taqqan po’rim diplomat emas, stenariy muallifi, shofyor, tarjimon, oshpaz, notiq, tadbir menejeri, jurnalist, yuk tashuvchi ham o’zimiz edik.
Milliy hunarmandlik namunalari, ajoyib kitob-broshyuralar, turizmga oid filmlarni namoyish etardik.
“Akmal aka pishirgan haqiqiy o’zbek palovi!” desak bormi, yaponlar o’zini tomdan tashlab yuborishardi.
Tadbir jarayonida o’zimiz nutq so’zlab, o’zimiz tasvirga olib, hatto o’zimiz maqolalar yozardik.
Esimda, bir marta Yapon Jamg’armasi bilan hamkorlikda 5-6 ta prefektura markazida O’zbek kinosi kunlarini tashkil qilgandik. Ishonish qiyin, tomoshaga 20 mingdan ziyod mahalliy aholi vakillari kelgandi.
Eng qizig’i, bor-yo’gi 3-4 kishi butun yapon xalqini O’zbekiston bilan yaqindan tanishtirishga astoydil harakat qilardik.
Qo’l-qo’lga tegmasdi. Katta-kichik ish ekan deb lallayib, bir-birimizga solib o’tirmasdik. Ishga g’ujur bilan yopishardik.
Mana endi oradan shuncha vaqt o’tgan bo’lsa-da, dunyoning turli nuqtalarida aka-ukalardek bir-birimizni yo’qlab turamiz.
Bugun “uch og’ayni botirlar” do’ppidek osh atrofida Labzakdagi Kamolon osh markazida yig’ildik. Va kunchiqar mamlakatda kechgan ajoyib yillarni xotirladik.
06.05.2025