TADQIQOT KOMMUNIKATSIYASI

MURAKKAB TADQIQOTNI OMMAGA TUSHUNARLI YETKAZISHNING ZAMONAVIY USULLARI

2024 yil 4-6 oktyabr kunlari Osiyo Taraqqiyot Banki tomonidan tashkillashtirilgan “Samarali tadqiqot kommuniktasiyasi: zarurat va zamonaviy tendensiyalar” mavzuida seminar-trening bo’lib o’tdi. Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar institutining 20 nafar eksperti faol ishtirok etdi.

Ayni mavzuda mamlakatda ilk bor tashkil etilgan mazkur trening Osiyo Taraqqiyot Bankining “Samarali kommunikatsiyalar orqali OTB va O‘zbekiston hamkorligini chuqurlashtirish” texnik yordam loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Qayd etish o’rinliki, Osiyo taraqqiyot banki dunyoning qator mamlakatlarida, xususan Osiyo va Tinch okeani mintaqasida faoliyat olib borayotgan tahlil markazlari bilan keng hamkorlik аloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Bank turli tashabbuslar orqali mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, o’zaro bilimlar almashish va tahlil markazlari bilan barqaror aloqalarni o’rnatishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan.

Tahlil markazlari bilan hamkorlik OTBning 2030-yilgacha boʻlgan strategiyasida bayon qilingan inklyuziv va barqaror rivojlanishni ragʻbatlantirish kabi strategik maqsadlariga aynan mos keladi.

OTBning O’zbekistondagi doimiy vakolatxonasi Direktori Kanokpan Lao-Araya xonim seminar-trening ochilishida so’zga chiqar ekan, tadqiqot kommunikatsiyasi ahamiyatining bir nechta asosiy jihatlarini qayd etdi.

Birinchidan, u har qanday chuqur ilmiy tadqiqot natijalarini tushunarli shaklga olib keladi. Aniqroq aytadigan bo’lsak, samarali muloqot murakkab iqtisodiy tushunchalarni shu sohada mutaxassis bo’lmaganlar, jumladan, siyosatchilar, keng jamoatchilik vakillari hamda jurnalistlar va blogerlar uchun tushunarli ma’lumotlarga aylantiradi.

Ikkinchidan, u muhim siyosiy qarorlarning qabul qilinishi jarayoniga bevosita ta’sir qiladi. Ya’ni yuzaga kelgan aniq va ravshan muloqot yangi siyosatni ishlab chiqishda tadqiqot natijalariga tayanish barobarida ulardan unumli foydalanish imkoniyatini yaratadi. Bu esa o’z o’rnida zamon talabalriga mos ilmiy ishlanmalarga doir xabardorlikni yanada oshiradi va samarali qarorlarning qabul qilinishiga olib keladi.

Uchinchidan, tadqiqot xulosalariga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etishga xizmat qiladi. Iqtisodiy tadqiqotlar natijalari bilan jamoatchilikni o’z vaqtida tanishtirish aholi o’rtasidagi iqtisodiy masalalardan xabardorlik darajasini oshiradi va asossiz anglashilmovchiliklarning oldini oladi. Shuningdek aholining iqtisodiy va ijtimoiy masalalarga oid bilimlarini oshiradi.

Bundan tashqari, mazkur yo’nalishdagi ishlar manfaatdaor taraflar o’rtasidagi hamkorlikni rag’batlantiradi. Bir so’z bilan aytganda, tadqiqot natijalarini almashish iqtisodchilar, siyosatchilar va boshqa manfaatdor tomonlar o’rtasidagi yaqin va o’zaro foydali hamkorlik aloqalarini rag’batlantiradi. Bu esa yanada keng qamrovli yechimlarga olib keladi.

Shuningdek, masalaning eng muhim jihatlardan yana biri, bunday sa’y-harakatlar ana shu tomonlar orasidagi mavjud ishonchni rivojlantirishga xizmat qiladi. Tadqiqot usullari va topilmalarining shaffofligi jamiyatda mavjud ishonchni yanada mustahkamlaydi, ayniqsa, ishlab chiqilayotgan iqtisodiy maslahatlarning har tomonlama mustahkam va ishonchli bo’lishini ta’minlaydi.

Shu sababdan trening dasturini tayyorlashda mavjud masalaning yuqorida sanab o’tilgan eng muhim jihtalari inobatga olingan holda tadqiqot kommunikatsiyasining turli zamonaviy jihatlari bo’yicha xorijiy mamlakatlarda erishilgan eng sara tajribalar jalb qilindi.

Trening jarayonidagi sessiyalarni amalaiy jihatdan qiziqarli va samarali tashkil etish maqsadida mamlakatimizdagi yetuk mutaxassislar, jumladan taniqli media tadqiqotchi va bloger Mo’tabar Xushvaqtova (Urikguli) va tahliliy jurnalning ijodiy direktori va vizualizator Aleksandr Voynov jalb qilindi. Kommunikatsiyalar bo’yicha tajribali mutaxassis, OTB O’zbekistondagi vakolatxonasi Axborot xizmati rahbari Nargiza hamda xalaqaro media ekspert, filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov tomonidan trening dasturini ishlab chiqishda bugungi reallik, mavjud talablar va jahondagi ilg’or tajribalarga alohida e’tibor qaratildi.

Mashg’ulotlar davomida ishtirokchilar tadqiqot muloqotining fundamental va huquqiy jihatlari haqida zarur bilim va ko’nikmalarga ega bo’ldilar. Ayniqsa, murakkab tadqiqot natijalarini keng jamoatchilik uchun tushunarli tilda ifodalab berish, turli auditoriyalar uchun moslashtirilgan media matnlarni tayyorlash, jarayonga ommaviy axborot vositalarini jalb qilish hamda ma’lumotlarni vizualashtirish usullari haqida yangi ma’lumotlarni o’zlashtirdilar. Shuningdek, muvaffaqiyatli video-intervyu berish hamda ommaviy nutqning asosiy tamoyillariga oid amaliy mashg’ulotlarda faol qatnashdilar. Muhimi, iqtisodiy tahlil va tadqiqot natijalari bilan bog’liq ma’lumotlarini aholiga etkazishning eng samarali usullarini aniqlab, amaliyotga bevosita tatbiq etaolish ko’nikmalarini qo’lga kiritdilar.

Trening yakunida barcha ishtirokchilarga tegishli sertifikatlar topshirildi.

 

Axborot xizmati

OTBning O’zbekistondagi doimiy vakolatxonasi