Beruniy ALIMOV: “O‘QITUVCHILARNING MODDIY HOLATI YAXSHILANIB BORMOQDA!”

Yurtimizda so‘nggi yillar ichida ta’limga xususan o‘qituvchi shaxsiga bo‘lgan e’tibor kuchayib bormoqda. Har jihatdan ularga nisbatan yengilliklar yaratish choralari ko‘rilmoqda. Bunga misol, ularni majburiy mehnatdan ozod qilinish, kredit olishda yengilliklar berilishi, qadr-qimmatining poymol bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligi shular jumlasidandir. Ushbu sahifamizda mustaqillikkacha va undan keyingi yillarda o‘qituvchi maqomi mavzusi yuzasidan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘qituvchisi Beruniy ALIMOV bilan suhbatlashdik.
– Ustoz siz bugungi kunga­cha ta’lim tizimining turli xil jabhalarida faoliyat olib borgan­siz? Ular orasida siz uchun eng murakkabi qaysi biri deb bilasiz: maktabdami yoki oliy ta’lim muassasasidami?

– Menimcha eng murakkabi maktabdagi ta’lim bo‘lsa kerak. Chunki maktabda bolaga dastlab­ki bilimlar beriladi. Ular orasida ba’zilari maktabga tayyorlangan, ba’zilari tayyorlanmagan bo‘lishi mumkin. Universitetlarga esa talabalar, albatta, ma’lum bir imti­honlardan o‘tib, asosiy bilimga ega bo‘lgan holda kelishadi. Bundan tashqari, kichik bolalar bilan ish­lash psixologik jihatdan anchayin murakkab sanaladi. Sababi, bolalar ruhiy jihatdan juda nozik bo‘lishi barchamizga ma’lum. Ularni ilmga qiziqtirib, yaxshi gap bilan qalbiga yo‘l topish kerak. Ana shu jihatdan ham qiyinlik maktab tizimida ustun­roq degan fikrdaman.

– Mustaqilligimizgacha va undan keyingi davrda o‘qituvchi maqomi qanday edi va qay dara­jada o‘zgardi?

– O‘qituvchi bizning xalqimizda har doim e’zozda bo‘lgan. Bir nar­sani aniq aytishim mumkinki, o‘sha paytda sobiq ittifoq davrining o‘qituvchilarining obro‘si yaxshi bo‘lgan bo‘lsa ham ularda o‘quv dasturiga nisbatan erkinlik bo‘lmagan. Buni menimcha o‘sha davrda o‘qituvchi bo‘lib ishlaganlar tushunadi. Chun­ki har bir fanning negizida partiya siyosati, hattoki oliy ta’limda ham bir partiyalik tizimiga xizmat qilin­gan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Bugungi kunga kelib esa o‘qituvchi maqomi ancha o‘zgardi. Hozirda har bir o‘qituvchida o‘z fan dasturini tuzishi uchun akademik erkinlik bor. Ya’ni u o‘zi xohlagan mavzularni asos qilib olib, shunga tayangan holda dars o‘tishi mumkin. Avval­gi davrda o‘qituvchilarda bunday imkoniyat bo‘lmagan. Ular faqatgina “yuqori”dan berilgan dasturga asoslanib, faoliyat yuritishgan. Tabiiyki, bu bir tomondan o‘z o‘rnida kasbiy o‘sishga to‘sqinlik qilgan, ikkinchi tomondan, ma’lum miqdorda ustozlarning mavqeiga ham jiddiy zarar yetkazgan. Yana bir narsaga alohida e’tibor berish kerakki, bir siyosiy tizimdan ikkinchi siyosiy tizimga o‘tganda albatta katta farq seziladi. Ilgari o‘qituvchilar majburiy mehnat­ga ko‘p tortilgan. Sentabr boshidan to qor yog‘maguncha ular daladan kelishmagan. Ularning hatto o‘qituvchi ekanliklari ham esidan chiqib ketar edi. Bu paytda qanday qilib obro‘ yoki mavqe haqida gap ketishi mumkin? Mustaqillikdan so‘ng qanchadan-qancha o‘qituvchilarimiz orasida qahramonlik darajalarini olgan, O‘zbekiston qahramoni dara­jasiga ko‘tarilganlar bo‘ldi. Shuning­dek, so‘nggi 5-6 yilda o‘qituvchilarning moddiy ahvoli ham ancha ijobiy tomonga o‘zgardi. Albatta, bu ham o‘qituvchining jamiyatdagi maqomi yaxshilanayotganidan dalolat beradi, degan fikrdaman.

– Afsuski, bugungi kunda ba’zi o‘qituvchilarning imloviy savodxonligi qoniqarli darajada emasligida ham tez-tez guvoh bo‘lyapmiz. Bunga nima sabab deb o‘ylaysiz? Qanday qilib buni tuzatish mumkin?
– Albatta, o‘qituvchilar orasida ham har xil bilimga, ko‘nikmaga ega bo‘lganlari bor-da. Masalan, kimdir matematikani, kimdir kimyoni mukammal bilsa ham lekin imloviy xatolarga yo‘l qo‘yib yozishi mum­kin. Hatto afsuski boshqa tillarni mukammal o‘rganib, o‘zbek tilida imloviy xatolar qilganlarni uchratib ham turamiz. Lekin gapning ochig‘i, o‘qituvchi kasbi diplom olish bilan yakunlanmasligi kerak. Biz har doim o‘zimizning ustimizda ishlashimiz zarur. Masalan, lotin alifbosida to‘g‘ri yozishni o‘rganishimiz kerak. Men o‘zim ham lotin tilida ravon yoza olaman deb ayta olmayman. Boisi, bunga hali o‘zim ham ko‘nikishim kerak. Demak, oldimdagi asosiy vazifalardan bittasi – xatosiz yozish­ga o‘rganishim kerak. Ayniqsa, oliy ta’lim sohasida o‘qituvchi bo‘lishning baribir o‘ziga xos qoidalari bor. Xato yozishga chek qo‘yish sifatida ko‘p kitob muto­laa qilish, o‘z ustida ishlash, turli tanlovlar yoki qo‘shimcha o‘quv kurslarini tashkil etishni taklif qilgan bo‘lardim. Natijada siz aytgan kamchiliklarning oldi olingan bo‘lardi, deb o‘ylayman.
– Yaqinda so‘nggi 3 yilda oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar soni qariyb 2 baravarga oshgan­ligi haqida ma’lumot berildi. Toifa olish yengillashdimi yoki chindan ham o‘z ustida ishlaydigan malakali o‘qituvchilar ko‘paydimi?

– Men demokratik O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlar qatorida aynan mamlakatimizda o‘qituvchi­larga bo‘layotgan e’tiborni ham shu o‘zgarishlarning hosilasi deb bilaman. Siz aytganingiz kabi oxirgi yillarda I toifa va oliy toifa oluvchilarning soni ikki barobarga oshdi. Men aniq bilamanki, bu bo‘yicha murakkablik jihatidan avvalgi jarayonlardan hozirgi tartib yoki talablar aslo qolishmaydi. Shu soha vakili sifatida toifalarni kim olayotgan bo‘lsa ham bunga osonlik bilan erishmasligiga aminman. Hatto maktab o‘qituvchilaridan ham turli maqolalar, ilmiy izlanishlar olib borish talab etilyapti. Ya’ni o‘sha talablardan o‘tib toifa olish uchun ancha energiya sarflanadi. Bundan tashqari, byurokratik to‘siqlar ham bo‘lishi mumkin. Haqiqatdan malakali, tirishqoq, o‘rganishni to‘xtat­mayotgan o‘qituvchilarimiz mehnati­ga yarashasini olishmoqda.

Ilgarilari oddiy bir kasb sifatida qaralgan o‘qituvchilikka ayni paytga kelib talab oshib bormoqda. Xulo­sa qilib aytganda, o‘qituvchi ma­qomi, unga bo‘lgan hurmat tinmay izlanishda bo‘layotgan ustozlarning mehnati samarasidir.
Dilrabo TOLIBOVA suhbatlashdi.
Manba: “Zamonaviy ustoz” gazetasi,
7 oktyabr, 2021 yil.