– Menimcha eng murakkabi maktabdagi ta’lim bo‘lsa kerak. Chunki maktabda bolaga dastlabki bilimlar beriladi. Ular orasida ba’zilari maktabga tayyorlangan, ba’zilari tayyorlanmagan bo‘lishi mumkin. Universitetlarga esa talabalar, albatta, ma’lum bir imtihonlardan o‘tib, asosiy bilimga ega bo‘lgan holda kelishadi. Bundan tashqari, kichik bolalar bilan ishlash psixologik jihatdan anchayin murakkab sanaladi. Sababi, bolalar ruhiy jihatdan juda nozik bo‘lishi barchamizga ma’lum. Ularni ilmga qiziqtirib, yaxshi gap bilan qalbiga yo‘l topish kerak. Ana shu jihatdan ham qiyinlik maktab tizimida ustunroq degan fikrdaman.
– O‘qituvchi bizning xalqimizda har doim e’zozda bo‘lgan. Bir narsani aniq aytishim mumkinki, o‘sha paytda sobiq ittifoq davrining o‘qituvchilarining obro‘si yaxshi bo‘lgan bo‘lsa ham ularda o‘quv dasturiga nisbatan erkinlik bo‘lmagan. Buni menimcha o‘sha davrda o‘qituvchi bo‘lib ishlaganlar tushunadi. Chunki har bir fanning negizida partiya siyosati, hattoki oliy ta’limda ham bir partiyalik tizimiga xizmat qilingan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Bugungi kunga kelib esa o‘qituvchi maqomi ancha o‘zgardi. Hozirda har bir o‘qituvchida o‘z fan dasturini tuzishi uchun akademik erkinlik bor. Ya’ni u o‘zi xohlagan mavzularni asos qilib olib, shunga tayangan holda dars o‘tishi mumkin. Avvalgi davrda o‘qituvchilarda bunday imkoniyat bo‘lmagan. Ular faqatgina “yuqori”dan berilgan dasturga asoslanib, faoliyat yuritishgan. Tabiiyki, bu bir tomondan o‘z o‘rnida kasbiy o‘sishga to‘sqinlik qilgan, ikkinchi tomondan, ma’lum miqdorda ustozlarning mavqeiga ham jiddiy zarar yetkazgan. Yana bir narsaga alohida e’tibor berish kerakki, bir siyosiy tizimdan ikkinchi siyosiy tizimga o‘tganda albatta katta farq seziladi. Ilgari o‘qituvchilar majburiy mehnatga ko‘p tortilgan. Sentabr boshidan to qor yog‘maguncha ular daladan kelishmagan. Ularning hatto o‘qituvchi ekanliklari ham esidan chiqib ketar edi. Bu paytda qanday qilib obro‘ yoki mavqe haqida gap ketishi mumkin? Mustaqillikdan so‘ng qanchadan-qancha o‘qituvchilarimiz orasida qahramonlik darajalarini olgan, O‘zbekiston qahramoni darajasiga ko‘tarilganlar bo‘ldi. Shuningdek, so‘nggi 5-6 yilda o‘qituvchilarning moddiy ahvoli ham ancha ijobiy tomonga o‘zgardi. Albatta, bu ham o‘qituvchining jamiyatdagi maqomi yaxshilanayotganidan dalolat beradi, degan fikrdaman.
– Men demokratik O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlar qatorida aynan mamlakatimizda o‘qituvchilarga bo‘layotgan e’tiborni ham shu o‘zgarishlarning hosilasi deb bilaman. Siz aytganingiz kabi oxirgi yillarda I toifa va oliy toifa oluvchilarning soni ikki barobarga oshdi. Men aniq bilamanki, bu bo‘yicha murakkablik jihatidan avvalgi jarayonlardan hozirgi tartib yoki talablar aslo qolishmaydi. Shu soha vakili sifatida toifalarni kim olayotgan bo‘lsa ham bunga osonlik bilan erishmasligiga aminman. Hatto maktab o‘qituvchilaridan ham turli maqolalar, ilmiy izlanishlar olib borish talab etilyapti. Ya’ni o‘sha talablardan o‘tib toifa olish uchun ancha energiya sarflanadi. Bundan tashqari, byurokratik to‘siqlar ham bo‘lishi mumkin. Haqiqatdan malakali, tirishqoq, o‘rganishni to‘xtatmayotgan o‘qituvchilarimiz mehnatiga yarashasini olishmoqda.