QUTQARUVCHI IMIJINI KIM QUTQARADI?

Kasb bor, jasorat bor, fidoyilik bor. Ammo uning kuchli jamoatchilik obrazi nega yetarlicha shakllanmagan?

Vaholanki qutqaruvchi boshqalar qochayotgan paytda xavf tomon yuzma-yuz boradi. Inson hayotini saqlab qolish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yadi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qutqaruvchi obrazi jasorat va professionallik timsoliga aylangan. Ammo nega bizda yoshlar orasida bu kasbga nisbatat qiziqish uning jamiyatdagi beqiyos ahamiyatiga mutanosib emas? Muammo kasbning o‘zidami yoki biz uning asl qiyofasini ko‘rsata olmayapmizmi?

Dunyoda shunday kasblar borki, ularning nomi tilga olinishi bilanoq inson ko‘z oldida jasorat, matonat, fidoyilik va mas’uliyat timsoli gavdalanadi. Qutqaruvchilik ana shunday kasblardan biridir. Favqulodda vaziyat yuz berganida ko‘pchilik xavfsiz hududga chiqishga intiladi, qutqaruvchi esa aksincha, xavf tomon yo‘l oladi. Yong‘in avj olgan binoga kirish, suv toshqini paytida oqim qarshisida harakatlanish, vayrona ostida qolgan insonni izlash yoki texnogen avariya hududida ish olib borish oddiy kasbiy vazifa emas. Bunday vaziyatlarda insondan nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki ruhiy barqarorlik, tezkor tafakkur, chuqur bilim va yuksak mas’uliyat talab etiladi.

Qutqaruvchilik kasbining butun falsafasini bitta jumla bilan ifodalash mumkin: boshqalar xavfdan uzoqlashayotgan paytda qutqaruvchi xavf tomon boradi. Bu oddiy ibora ortida inson hayotini asrashdek ulkan ma’no mujassam. Shunday bo‘lsa-da, mazkur kasbning yoshlar orasidagi ommaviy jozibadorligi uning real ijtimoiy ahamiyatiga hamisha ham mutanosib emas. Dunyodagi ko‘plab davlatlarda qutqaruvchi, o‘t o‘chiruvchi yoki tezkor yordam xodimi yoshlar uchun orzu qilinadigan kasb sifatida namoyon bo‘ladi. Bizda esa kuch tuzilmalari va maxsus xizmatlar orasida qutqaruvchilik yo‘nalishiga hujjat topshiruvchilar soni nisbatan kam bo‘lishi mumkinligi haqidagi kuzatuvlar mavjud.

Bu holatni faqat kasbning og‘irligi yoki xavfliligi bilan izohlash yetarli emas. Chunki harbiylik, uchuvchilik, tibbiyot yoki boshqa mas’uliyatli yo‘nalishlar ham yengil kasblar sirasiga kirmaydi. Shunga qaramay, ularning ko‘pchiligi yoshlar ongida kuchli, aniq va jozibador obrazga ega. Demak, masala faqat xizmat sharoiti yoki kasbiy mashaqqatda emas. Muammoning muhim qismi qutqaruvchilik kasbi jamiyatga qanday ko‘rsatilayotganida, uning mazmuni qanday talqin qilinayotganida va yoshlar ongida qanday tasavvur uyg‘otayotganidadir.

IMIJ — TASHQI KO‘RINISHDAN KENGROQ TUSHUNCHA

Ko‘pchilik “imij” so‘zini eshitganda tashqi ko‘rinish, forma, ramz, logotip yoki chiroyli suratni tasavvur qiladi. Aslida esa imij ancha murakkab va ko‘p qatlamli tushunchadir. U kasb, tashkilot yoki shaxs haqida jamoatchilik ongida shakllangan umumiy tasavvurni anglatadi. Odamlar qutqaruvchini ko‘rganda nimani his qiladi, uni qanday inson sifatida qabul qiladi, kasbning jamiyatdagi o‘rnini qanday baholaydi — bularning barchasi imijning tarkibiy qismidir.

Qutqaruvchilik kasbining kuchli imiji shakllangan jamiyatda bu soha faqat xavfli xizmat sifatida emas, balki jasorat, professionallik, intizom, texnologiya, jamoaviylik va insonparvarlikning uyg‘unlashgan timsoli sifatida qabul qilinadi. Yosh qutqaruvchini ko‘rganda: “Bu inson hayotni asraydi, murakkab vaziyatda boshqalarga tayanch bo‘ladi, zamonaviy texnikani boshqaradi va zarur paytda mas’uliyatni zimmasiga oladi”, degan tasavvurga ega bo‘lishi kerak. Ana shunda kasbning ijtimoiy qiymati yosh avlod ongida haqiqiy jozibadorlikka aylanadi.

Kasb imijining eng yuqori natijasi yoshning o‘ziga bergan ichki savolida namoyon bo‘ladi: “Men ham shunday bo‘lishni istarmidim?” Agar qutqaruvchilik haqidagi kommunikatsiya ana shu savolga ijobiy javob uyg‘ota olsa, demak kasbning imiji to‘g‘ri shakllanmoqda. Agar yosh bu kasb haqida deyarli hech narsa bilmasa yoki uni faqat og‘ir, xavfli va yopiq tizim sifatida tasavvur qilsa, demak kommunikatsiyada jiddiy bo‘shliq bor.

KASBNING O‘ZI KUCHLI, LEKIN UNING ODAMLARGA AYTILADIGAN HIKOYASI YETARLIMI?

Qutqaruvchilik kasbini jozibador ko‘rsatish uchun sun’iy afsonalar yaratish yoki voqelikni bezash shart emas. Bu kasbning o‘zida kuchli dramatizm, insoniylik va professional mazmun mavjud. Qutqaruvchi har kuni murakkab sharoitga tayyorlanadi, takror va takror mashq qiladi, xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘z ustida ishlaydi. Favqulodda vaziyat sodir bo‘lmaganda ham uning xizmati davom etadi. Chunki qutqaruvchilik faqat hodisa yuz bergan paytda bajariladigan ish emas, balki doimiy tayyorgarlik, intizom va hushyorlik talab qiladigan turmush tarzidir.

Zamonaviy auditoriya, ayniqsa yoshlar, quruq ta’riflardan ko‘ra real voqealarga ko‘proq ishonadi. Ular qutqaruvchining faqat xizmat natijasini emas, balki uning yo‘lini, his-tuyg‘ularini, tayyorgarligini va qarorlarini ko‘rishni xohlaydi. Qutqaruvchi qanday qilib shu kasbni tanlagan? U ilk chaqiruvini qanday eslaydi? Og‘ir vaziyatda o‘zini qanday boshqaradi? Uning oilasi xizmatiga qanday munosabatda? U qanday texnika bilan ishlaydi? Qanday xatolar eng xavfli hisoblanadi? Mana shunday savollar kasbning haqiqiy qiyofasini ochadi.

Afsuski, davlat tashkilotlari axborot siyosatida ko‘pincha voqeaning o‘zi qayd etiladi, lekin uning insoniy mazmuni yetarlicha ochilmaydi. “Fuqaro qutqarildi”, “yong‘in bartaraf etildi”, “o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi” kabi xabarlar zarur, ammo ular qutqaruvchilik kasbining ichki dunyosini to‘liq ko‘rsata olmaydi. O‘quvchi uchun natija bilan birga jarayon ham muhim. Qaysi qaror muvaffaqiyatga olib keldi, qanday tayyorgarlik ish berdi, jamoa qanday harakat qildi, xodim bu voqeadan qanday xulosa chiqardi — ana shu tafsilotlar kasbni jonlantiradi.

BIZ QUTQARUVCHINI EMAS, ASOSAN TADBIRNI KO‘RSATIB QO‘YMAYAPMIZMI?

Davlat idoralari matbuot xizmatlari faoliyatida ko‘p uchraydigan muammolardan biri — tashkilot faoliyati bilan kasbning mohiyatini bir-biriga aralashtirib yuborishdir. Ko‘pincha axborot markaziga majlislar, yig‘ilishlar, profilaktik tadbirlar, ma’ruzalar va topshiriqlar chiqariladi. Bunday xabarlarning ma’muriy jihatdan zarurligi shubhasiz. Ammo ular yosh auditoriyada qutqaruvchilik kasbiga nisbatan chuqur qiziqish uyg‘otishi qiyin.

Rasmiy xabarlarda ko‘pincha tashkilot ko‘rinadi, lekin inson ko‘rinmaydi. Lavozimlar ko‘rsatiladi, ammo xarakterlar ochilmaydi. Tadbirlar sanaladi, lekin kasbiy mahorat namoyon etilmaydi. Natijada qutqaruvchilik faoliyati jonli hayotdan uzilgan, faqat ma’muriy hisobotlardan iborat soha sifatida tasavvur qilinishi mumkin.

Yoshlar esa boshqa narsani izlaydi. Ular “Qutqaruvchining bir kuni”, “Signal kelganidan keyingi dastlabki bir daqiqa”, “Bir chaqiruv ortida nechta mutaxassis turadi?”, “Qutqaruvchi qanday qo‘rquvni boshqaradi?”, “Maxsus kiyim va jihozlarning har biri nima uchun kerak?” kabi mavzularni qiziqish bilan kuzatishi mumkin. Chunki bunday kontent orqali ular tizimni tashqaridan emas, ichkaridan ko‘radi. Kasbga hujjat topshirish haqidagi qaror ham ko‘pincha aynan mana shunday yaqinlik hissidan tug‘iladi.

Shu jihatdan qaraganda, matbuot xizmati faqat axborot tarqatuvchi bo‘linma bo‘lib qolmasligi kerak. U kasb imijini shakllantiruvchi strategik markazga aylanishi zarur. Bu vazifa rasmiy xabar yozishdan ancha murakkab. U auditoriyani o‘rganish, qahramonlarni topish, hikoyalarni yaratish, zamonaviy formatlardan foydalanish va natijani o‘lchashni talab qiladi.

QAHRAMONLAR BOR. LEKIN ULARNI KIMDIR TANIYDIMI?

Qutqaruvchilar orasida murakkab vaziyatlarda jasorat ko‘rsatgan, insonlar hayotini saqlab qolgan, ko‘p yillik tajribaga ega fidoyi xodimlar ko‘p. Biroq oddiy fuqaro ulardan nechtasining ismini biladi? Yoshlar qaysi qutqaruvchini o‘ziga namuna sifatida taniydi? Qaysi xodimning hayot yo‘li ommaviy axborot vositalarida keng ochib berilgan?

Agar bu savollarga javob topish qiyin bo‘lsa, muammo qahramonlarning yo‘qligida emas. Muammo ularning jamoatchilikka yetarlicha tanitilmaganidadir. Ba’zan tashkilotlar o‘z xodimlarini faqat bayram yoki taqdirlash marosimlari paytida ko‘rsatadi. Holbuki, qutqaruvchining eng qiziqarli va ta’sirchan qiyofasi uning kundalik xizmatida namoyon bo‘ladi.

Uning oddiy tongi, navbatchiligi, mashg‘uloti, hamkasblari bilan munosabati, oilasi bilan suhbatlari va kasb tanlash tarixi yoshlar uchun juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Chunki auditoriya lavozimga emas, insonga bog‘lanadi. Tizimga bo‘lgan ishonch ham uning real vakillari orqali shakllanadi.

Qutqaruvchini mukammal va hissiz superqahramon sifatida ko‘rsatish ham xato bo‘lishi mumkin. Haqiqiy qahramonlik qo‘rquvning yo‘qligi emas, balki uni boshqarish qobiliyatidir. Qutqaruvchi ham charchaydi, xavotirlanadi, og‘ir vaziyatlardan ta’sirlanadi. Ammo tayyorgarlik, intizom va jamoaviy hamkorlik unga o‘z vazifasini bajarishga yordam beradi. Ana shu insoniy haqiqat uning obrazini yanada kuchli va ishonchli qiladi.

QUTQARUVCHI — FAQAT JISMONAN KUCHLI XODIM EMAS

Qutqaruvchilik kasbining ommalashishiga to‘sqinlik qilayotgan omillardan biri uning zamonaviy qiyofasi yetarli darajada ko‘rsatilmayotganida bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik qutqaruvchini faqat jismonan baquvvat, maxsus kiyimdagi xodim sifatida tasavvur qiladi. Aslida esa bugungi qutqaruvchi ko‘p yo‘nalishli professionaldir.

U tezkor qaror qabul qilishi, murakkab texnikani boshqarishi, aloqa tizimlaridan foydalanishi, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishi, vaziyatni tahlil qilishi va jamoada ishlashi kerak. Zamonaviy qutqaruv faoliyatida dronlar, sensorlar, raqamli xaritalar, qidiruv uskunalari, maxsus transport, robotlashtirilgan qurilmalar va axborot tizimlari tobora muhim o‘rin tutmoqda.

Bugungi yoshlar esa aynan texnologiyaga qiziqadi. Agar ularga qutqaruvchilik faqat xavfli va jismonan og‘ir kasb sifatida ko‘rsatilsa, kasbning katta qismi yashirinib qoladi. Holbuki, bu soha zamonaviy texnika, muhandislik, psixologiya, tibbiyot, logistika va boshqaruvni birlashtiradigan murakkab professional maydondir.

Qutqaruvchilik tizimining o‘zida yoshlar uchun tabiiy “wow-effekt” yaratadigan ko‘plab jarayonlar bor. Balandlikdagi mashqlar, suv osti qidiruv ishlari, kinologik xizmat, dron yordamida hududni kuzatish, maxsus texnikani boshqarish, vayronalar orasida inson izlash va tezkor shtab faoliyati buning yaqqol misolidir. Muammo ko‘pincha qiziqarli kontentning yo‘qligida emas, balki uni ko‘ra bilmaslik va to‘g‘ri formatda taqdim eta olmaslikdadir.

“VAZIYAT” QANDAY CHORALARNI KO‘RISHI KERAK?

Favqulodda vaziyatlar tizimining nashri bo‘lgan “Vaziyat” gazetasi bu jarayonda katta rol o‘ynashi mumkin. Gazeta faqat tizimda o‘tkazilgan tadbirlar, yig‘ilishlar yoki xizmat natijalarini qayd etadigan rasmiy solnoma bo‘lib qolmasligi kerak. U qutqaruvchilik kasbining ma’naviy, professional va insoniy mohiyatini ochib beradigan kuchli media maydoniga aylanishi zarur.

Buning uchun nashr muammoli va tanqidiy mavzulardan ham qochmasligi kerak. Nega yoshlar qutqaruvchilikni kam tanlaydi? Kasb haqida qanday noto‘g‘ri tasavvurlar mavjud? Hududlarda targ‘ibot qanday olib borilmoqda? Yosh xodimlar tizimga kirgach, qanday muammolarga duch keladi? Ularning kasbiy o‘sishi uchun nima yetishmaydi? Jamiyat qutqaruvchidan nimani kutadi? Mana shunday savollarning ochiq muhokamasi nashrning obro‘sini kamaytirmaydi, aksincha, uning ishonchliligini oshiradi.

Gazetada “Qutqaruvchi portreti”, “Bir chaqiruv tarixi”, “Ustoz va shogird”, “Yosh qutqaruvchi”, “Texnologiya xizmatda”, “Bir kun qutqaruvchi bilan” kabi doimiy ruknlar tashkil etish mumkin. Bu ruknlar kasbning turli qirralarini ochib beradi va tizimning jonli obrazini yaratadi.

Shu bilan birga, gazeta faqat bosma shaklda qolib ketmasligi kerak. Bugungi media muhitida bitta maqola bir nechta platformada yashashi lozim. Masalan, gazetada chop etilgan qutqaruvchi portreti asosida qisqa video, podkast, foto-hikoya, infografika yoki ijtimoiy tarmoq posti tayyorlanishi mumkin. Bu yondashuv gazetaning yosh auditoriya orasidagi ta’sirini sezilarli darajada oshiradi.

MATBUOT XIZMATI FAOLIYATINI TO‘G’RI O‘LCHAYAPMIZMI?

Ko‘plab tashkilotlarda axborot faoliyatining samaradorligi (KPI) chiqarilgan xabarlar soni, joylashtirilgan suratlar yoki o‘tkazilgan tadbirlar miqdori bilan o‘lchanadi. Bunday texnik ko‘rsatkichlar kerak, ammo ular kommunikatsiyaning haqiqiy ta’sirini ko‘rsatmaydi.

Asosiy savol shunday bo‘lishi kerak: axborot faoliyati natijasida yoshlarning qutqaruvchilik kasbi haqidagi tasavvuri o‘zgardimi? Kasbning zamonaviy qiyofasi ularga yetib bordimi? Qabul shartlariga qiziqish oshdimi? Ijtimoiy tarmoqlarda aynan yosh auditoriya qanday munosabat bildirdi? Qaysi mavzu ko‘proq qiziqish uyg‘otdi? Qaysi xodimning hikoyasi ularga kuchli ta’sir qildi?

Agar bu savollarga javob yo‘q bo‘lsa, demak kommunikatsiya ko‘p kontent ishlab chiqarayotgan, ammo uning natijasini bilmayotgan tizimga aylanib qoladi. Ko‘p post har doim kuchli imij degani emas. Ba’zan bitta samimiy, puxta tayyorlangan va yaxshi hikoya qilingan material o‘nlab rasmiy xabarlardan kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi.

Matbuot xizmatining yangi mezonlari auditoriya fikri, yoshlarning qiziqishi, kasb haqidagi bilim darajasi, murojaatlar soni va media mahsulotlarning real ta’siriga asoslanishi kerak. Shunda axborot faoliyati tashkilotning strategik maqsadlari bilan bog‘lanadi.

YOSHLAR BILAN ULARNING TILIDA GAPLASHA OLYAPMIZMI?

Yosh auditoriya bilan muloqot qilish uchun ijtimoiy tarmoqda rasmiy sahifa ochishning o‘zi kifoya emas. Platforma o‘zgarsa, kommunikatsiya shakli ham o‘zgarishi kerak. Gazeta maqolasi Instagram uchun mos emas, rasmiy press-reliz esa qisqa video auditoriyasi uchun jozibador bo‘la olmaydi.

Yoshlar dinamik, aniq va vizual kontentga moyil. Ular uzoq kirish so‘zlari, takroriy rasmiy iboralar va faqat rahbarlar nutqiga qurilgan materiallarni qiyin qabul qiladi. Ular amaliy jarayonni, real qahramonni va aniq natijani ko‘rishni xohlaydi.

Bu rasmiylikdan voz kechish degani emas. Aksincha, davlat tashkilotining obro‘siga mos bo‘lgan, lekin zamonaviy va insoniy kommunikatsiyani shakllantirish zarur. Yoshlar bilan ularning tilida gapirish savodsiz yoki haddan tashqari soddalashtirilgan uslubdan foydalanish emas. Bu ularning savollarini tushunish va ularga aniq javob berishdir.

“Qutqaruvchilik sharafli kasb” degan shior o‘rinli. Ammo yosh “Nima uchun sharafli?”, “Men bu sohada qanday o‘saman?”, “Qanday bilim va tayyorgarlik kerak?”, “Kasbning qiyinchiliklari nimada?” degan savollariga ham javob olishni istaydi. Faqat shior emas, mazmun kerak.

KASB TARG‘IBOTI FAQAT QABUL MAVSUMIDA BOSHLANMASLIGI KERAK

Qutqaruvchilik kasbini ommalashtirish hujjat qabul qilish boshlanishi bilan faollashadigan mavsumiy kampaniya bo‘lib qolmasligi lozim. Kasbiy qiziqish bir necha haftada shakllanmaydi. Bola qutqaruvchi kasbi bilan erta yoshdan tanishishi, uning faoliyatini kuzatishi va bu sohani o‘z hayotiy tanlovlaridan biri sifatida ko‘ra boshlashi kerak.

Maktablarda “Yosh qutqaruvchi” klublari, xavfsizlik musobaqalari, amaliy mashg‘ulotlar, maxsus texnika ko‘rgazmalari va ochiq eshik kunlari doimiy tizimga aylanishi mumkin. Bunday tadbirlar faqat ma’ruza yoki ekskursiyadan iborat bo‘lmasligi kerak. Yoshlar maxsus jihozlarni ko‘rishi, simulyatsiyada qatnashishi, qutqaruvchilar bilan ochiq suhbatlashishi va kasbning ichki muhitini his qilishi muhim.

Kasbga oid targ‘ibot tajribaga aylanganida uning ta’siri oshadi. Bola qutqaruvchilikni faqat so‘z orqali emas, amaliy faoliyat orqali his qilsa, uning kasbiy qiziqishi ancha chuqur shakllanadi.

NIMA QILMOQ KERAK?

Birinchi navbatda, qutqaruvchilik kasbining yagona va zamonaviy kommunikatsiya konsepsiyasini ishlab chiqish zarur. Bu konsepsiyada qutqaruvchi jasur, bilimli, intizomli, insonparvar va texnologik mutaxassis sifatida namoyon bo‘lishi kerak. Kasbni faqat xavf bilan emas, ma’no, imkoniyat va ijtimoiy missiya bilan bog‘lash lozim.

Ikkinchidan, real qutqaruvchilarni jamoatchilikka tanitish zarur. Har bir hududda o‘z kasbi, tajribasi va hayot yo‘li bilan yoshlarga namuna bo‘la oladigan xodimlar bor. Ularning hikoyalarini topish, yozish, videoga olish va turli platformalarda tarqatish kerak.

Uchinchidan, “Vaziyat” gazetasi va vazirlik Matbuot xizmati o‘rtasida multimedia hamkorligini kuchaytirish maqsadga muvofiq. Bitta yaxshi maqola bir nechta formatga aylantirilishi, bir qahramon hikoyasi esa turli auditoriyalarga mos shaklda taqdim etilishi kerak.

To‘rtinchidan, yoshlar orasida chuqur sotsiologik tadqiqot o‘tkazish zarur. Ular qutqaruvchilik kasbi haqida nimani biladi? Nima ularni jalb qiladi? Nima cho‘chitadi? Qaysi axborot manbalariga ko‘proq ishonadi? Taxminlarga emas, aniq ma’lumotlarga asoslangan kommunikatsiya samaraliroq bo‘ladi.

Beshinchidan, ochiqlikni kuchaytirish kerak. Kasbning faqat jozibali jihatlari emas, uning mashaqqati, intizomi va mas’uliyati ham to‘g‘ri tushuntirilishi lozim. Ochiq axborot yoshlarning tanlovini ongli qiladi. Ongli ravishda kelgan xodim esa tizimning talablarini yaxshiroq tushunadi.

ENG MUHIMI…

Qutqaruvchilik kasbini ommalashtirish uchun uni qayta yaratish yoki unga sun’iy joziba berish shart emas. Bu kasbning o‘zida insonni hayratga soladigan barcha unsurlar mavjud. Unda jasorat, mas’uliyat, texnologiya, insoniylik, jamoaviylik va fidoyilik mujassam. Muammo shu boylikni jamiyatga, ayniqsa yosh avlodga yetkazish usulidadir.

Bizga ko‘proq rasmiy xabar emas, ko‘proq haqiqiy hikoya kerak. Ko‘proq tadbir emas, ko‘proq inson kerak. Ko‘proq umumiy shior emas, aniq va samimiy mazmun kerak. Qutqaruvchilik kasbi haqida gapirganda tashkilotni emas, avvalo qutqaruvchini ko‘rsatish lozim.

Matbuot xizmati ham, “Vaziyat” gazetasi ham kasb imijining oddiy kuzatuvchisi bo‘lib qolmasligi kerak. Ular qutqaruvchilikning jamiyatdagi nufuzini yaratadigan, uning mohiyatini tushuntiradigan va yoshlarni ruhlantiradigan kuchga aylanishi zarur.

Buning uchun ba’zan o‘z faoliyatimizga tanqidiy nazar bilan qarash ham foydali. Biz qutqaruvchini haqiqatan ko‘rsatyapmizmi yoki faqat uning atrofidagi tadbirlarni yoritib yuribmizmi? Yoshlar kasbning mohiyatini tushunmayaptimi yoki biz uni tushunarli qilib aytib bera olmayapmizmi? Qahramonlarimiz yetishmayaptimi yoki ularni tanitish sustmi?

Bu savollarga halol javob berilsa, yechim topiladi.

Chunki bizda qahramonlar yetarli.

Ularni ko‘rsatish, ularning hikoyasini baralla aytish va qutqaruvchilik kasbining chinakam qadrini yoshlar ongiga yetkazish kerak.

 

       Beruniy ALIMOV,

       filologiya fanlari doktori (DSc), professor,

         OʻzDJTU Media va kommunikatsiy

 

“Vaziyat” gazetesi, 13-avgust, 2026