YO‘LBARS YO’QLAGAN QABRISTON

Bog‘lar ichidagi sukunat. I bob.
Qulon-Qorabog‘ qishlog‘i bir necha asrki qalin jiydazoru uzumzor, tutzoru qamishzorlar orasida, mayin esadigna shamol va sukunat orasida yashardi.
Bu yurtning osmoni baland, suvlari shirin, yerlari serbaraka edi. Bahorda adirlari yashil gilamday yoyilar, birinch yomg’irdan keyin sonsiz qo’ziqorinlar portillab chiqadigan dalalar, yozda esa oftob ostida tilladek tovlanar, tilni yoradigan gurvaklar ifori erta tongdan kishini mast qilar, kuzda esa oltin rang tut yaproqlari yer bag‘riga sirli xatlar kabi tushardi.
Ammo Qorabog‘ faqat go‘zallikdan iborat emasdi.
Bu yerda ajib bir sukunat ham gapirar edi. Uning ham aytar so’zlari bor edi.
Qadim daraxtlar shivirlar, toshlar xotira saqlar, jarliklar esa o‘tmish sirlarini pinhon tutardi.
Har 3-4 soatda ana shu sukunatni buzadigan poyezd shovqini ham hech narsani o’zgartirolmasdi. Aksincha beshikdagi chaqaloqlar poyezd shovqinini alla o’rnida qabul qilar va ona sutidan to’yib, yana shirin uyquga ketishardi.
Qishloqning chekkasida g’ayri oddiy bir joy bor edi.
Xo‘ja bobo qabristoni. Qori A’lam masjidiga ulanib ketadi.
Bu joy oddiy qabriston emasdi. U yer avvalo — xotira maskani, duo manzili, sukut maktabi edi.
II bob. Vahimali gap
1950-yillar. Hamqishloqlar orasida g’alati gaplar tarqala boshladi.
Eshitdingizmi…?
— Har juma kuni mozorga yo‘lbars kelarmish…
— Qabristonni sekin aylanib chiqib ketarkan…
— Hech kimga zarar qilmas ekan…
Avvaliga hech kim bu gaplarga ishonmadi.
— Qo’ysangiz-a… Yo‘lbars odamlar orasiga kelarkanmi..?
— Daryo yoqasidagi to’qaydan adashib kelib qolgan bo‘lsa kerak-da…, — deyishdi.
Lekin vaqt o‘tgan sari qishloqdoshlar orasida guvohlar ko‘paydi.
Odamlar qabrlar orasida haqiqiy panja izlarini ko‘rishdi. Ovchilar uzoqdan hatto qandaydir bo‘g‘iq ovoz ham eshitishibdi. Qorovullar esa tunlari qabriston tomondan sirli harakat sezganmish.
Eng ajablanarlisi — yo‘lbars hech qachon odamga hujum qilmabdi.
U kelardi. Va ketardi. Xuddi o’z vazifasini bajargandek.
III bob. Qurbondurdining guvohligi
Namozshom payti edi. 20 yoshalr atrofidagi agronom Qurbondurdi paxta dalasidan qaytayotgan edi.
Kuz havosi sovuqlashgan, osmon ranglari oqarib borayotgan, Toza yop ortidagi “Qirq yalang”hududidagi to’qayzor ko’zga qorayib ko‘rina boshlagandi (qishloqdagilar fasllar almashinuvini aynan shu yalanglikka qarab bilishardi).
Qurbondurdi zahkash ustidagi eski poyapul ya’ni taxta ko‘prikka yaqinlashdi. To‘satdan to‘xtab, muzdek qotib qoldi.
Chunki ko‘prik ustida yirik soya qimirlayotganini sezib qoldi.
Yigitning yuragi go’yoki urmay qo’ydi…
Bu o’sha ko’zga ko’rinmas yo‘lbars edi. Ulkan tanasi quyosh botayotgan nurda oltinday jilvalanardi.
Har bir qadamini sekin, og’ir bosardi. Oyoqlari yerga shovqinsiz tegardi.
Qurbondurdi darhol panaga yashirindi. Nafasi bo‘g‘ziga tiqildi. Oyoqlari titradi.
Yo‘lbars yonginasidan o‘tib ketdi. Ammo unga qaramadi.
Jonivorning nigohi faqat qabriston tomonda edi. Xuddi u yerda kimdir uni kutayotgandek.
IV bob. Keksalar hikmati
Ertasi kuni Qurbondurdi ko‘rganini odamlarga aytib berdi.
Qariyalar sukut saqlashdi.
So‘ng mo’ysafid Sayid Abdulloh buva shunday dedi:
— “Bu bekorga emas, birodarlar…”
Ma’lum bo‘lishicha, Xo‘ja bobo tirikligida yovvoyi jonivorlarga mehribon bo‘lgan ekan.
Bir marta hatto yarador qushni o’z qo’llari bilan davolagan ekan. Qishda och qolgan hayvonlarga non bergan ekan. Ovchilarni haddan ziyod uvoldan to‘xtatgan ekan.
— Har jon — Allohniki, — der ekan u. — Biz faqat omonatchimiz.
Shu bois, keksalar yo‘lbarsni “qabr posboni” deb atay boshlashibdi.
Uni haydamadilar. Uni qo‘rqitmadilar. Aksincha har safar sabr, minnatdorlik va duo bilan kutib oladigan bo’lshibdi.
V bob. Tabiat va ruh suhbati
Oradan yillar o‘tdi. Yo‘lbars asta-sekin ko‘rinmay qoldi. Ammo qabriston hanuz jim.
Shamol esganda — duo yangraydi. Oy chiqqanda — soyalar jonlangandek bo‘ladi.
Ba’zan tunlari zahkash suvi orasidan g‘alati tovushlar, osmon qadar ko’tariladigan, hamma joyni titratib yuboradigan bo’kirik ovoz eshitiladi.
Qariyalar shunday deydi:
— Ruhlar ketmaydi. Ular faqat ko‘rinmas bo‘ladi.
Chunki tabiat ham xotira saqlaydi. Bog’lar ham hech kimni unutmaydi. Oddiy daraxt ham uni kim ekkanini eslar ekan. Yirtqich ham o’tganlar hurmatni bilar ekan…
VI bob. Omonat dunyo
Bu hikoya faqat yo‘lbars haqida emas. Bu — inson va tabiat munosabati haqidagi hikoya. Bu — hurmat va ehtirom sabog‘i.
Agar inson qalbida poklik bo‘lsa, yirtqich ham tajovuz qilmaydi. Agar inson xotirani asrasa,
ruhlar ham duo qiladi.
Qorabog‘dagi yo‘lbars aynan shuni isbotlab ketdi.
U kuch bilan emas, sukut bilan yashadi. U odamlarga qo‘rquv solish bilan emas, hurmat bilan yodda qoldi.
Va hanuz bog‘lar ichinda, ko‘rinmas izlar qoldirib, biz bilan yonma-yon yashayapti…
B.A.
05.02.26