Yaponiya ommaviy axborot vositalari faoliyatiga bir nazar.
Axborot kommunikatsiya texnologiyalari eng yaxshi rivojlangan davlatlardan biri Nihon — ya’ni Yaponiyada an’anaviy gazeta mushtariylari internetga o‘tib ketishga shoshilmayapti.
Albatta buning sabablari ko‘p.
Hozir 72 million nusxada chop etilayotgan gazetalar odamlarning jamoat transporti, uyda yoki ofisdagi eng yaqin hamrohi va hamsuhbati bo‘lib qolmoqda.
Jahondagi ayrim media mutaxassislarning “kelajakda bosma nashrlar elektron formatga to‘liq o‘tib ketishi mumkin” degan fikrlari puchga chiqmoqda. Chunki, kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, Yaponiya, Hindiston va Xitoy kabi mamlakatlarda gazetalarning soni ham, adadi ham kamayish o‘rniga, aksincha, tobora ommalashib, ko‘payib bormoqda.
YETAKCHI NASHRLAR
Yaponiyada 166 milliy va mahalliy kundalik gazeta chiqadi.
Eng yetakchi nashrlar quyidagilar:
“Yomiuri” (“Reportyor”, 1874 yildan chiqa boshlagan), “Asaxi” (“Porlayotgan quyosh”, 1879 yildan), “Maynichi” (“Kundalik gazeta”, 1872 yildan), “Nixon keydzay shimbun” (“Yaponiya iqtisodiy gazetasi”, 1876 yildan), “Sankey simbun” (“Sanoat iqtisodiy gazetasi”, 1950 yildan).
Shuningdek, 4178 nomdagi haftalik va oylik jurnallar, byulletenlar chiqadi.
Yiriklari: “Bungey syudzyu” (“Adabiy badiiy almanax”, 1923 yildan chop etiladi), “Dziyu minsyu” (“Liberal demokratiya”, 1955 yildan), “Kurashi to seyji” (“Hayot va siyosat”), “Sekay” (“Koinot”, 1946 yildan), “Tyuo koron” (“Markaziy sharh”, 1886 yildan), “Ekonomisuto” (“Iqtisodchi”, 1923 yildan), “Bunka xyoron” (“Madaniyatga oid sharhlar”), “Gekkan syakayto” (“Sotsial demokratik partiya oynomasi”, 1957 yildan).
HAMMANING TILIDAGI GAP
Qizig‘i, butun dunyodagi kabi O‘zbekistonda ham ommaviy axborot vositalari faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan turli ilmiy-amaliy konferentsiyalar deysizmi, davra suhbatiyu seminar-treninglar, boringki, oddiy ijodiy uchrashuvlarmi – hammasida ko‘tarilayotgan har qanday masalaning bir uchi aynan shu mavzuga – gazetachilikning istiqboldagi taqdiriga borib taqaladi.
Nafaqat Tokio, hatto Los Anjeles, Uels, Goulbern yoki Moskvadagi jurnalistlar tomonidan, balki umuman hozirgi media olamida eng ko‘p muhokama qilinayotgan ushbu mavzuni o‘ylab ko‘rmagan yoki bu borada o‘z fikrini bildirmagan mutaxassis topilmasa kerak.
Biroq, xavotirlar asossiz.
Jurnalistika tarixidan ma’lumki, o‘tgan asrning 50-yillarida televizor paydo bo‘lganida: “Radioning kuni bitdi. Endi hech kim radio eshitmaydi. Chunki televizorni ham ko‘rib, ham eshitish mumkin”, degan ishtibohlar paydo bo‘lgan edi. Biroq XXI asrning birinchi choragi deyarli yakunlanayapti hamki radio yetakchi ommaviy axborot vositalari qatorida sobit turibdi.
Keyinchalik, internet paydo bo‘ldi-yu “endi gazeta va jurnallarning hammasi elektron shaklga o‘tib ketadi, bosma nashrlar qolmaydi”, degan qarashlar yuzaga keldi. Biroq bu fikr noto‘g‘ri ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
Chunki dunyo miqyosida gazetalar mushtariylari soni kamaygani yo‘q.
ASHADDIY GAZETXONLAR
O‘tkazilgan ommaviy so‘rovlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, nixon-jinlar, ya’ni yaponlarning 89 foizi muntazam ravishda bosma nashrlarni o‘qib boradi. Replyua.net tarmog‘i ma’lumotiga ko‘ra, aholining 51 foizi tongi gazetalarni mutolaa qilishni yaxshi ko‘radi.
Ekspertlar fikricha, Yaponiyada yaqin kelajakda bosma ommaviy axborot vositalaridan foydalanuvchilar hajmi kamaymaydi. Aksincha bu raqamlar yanada o‘sishi kutilmoqda.
Yaponiyada to‘rt yil davomida mahalliy mushtariylarning bosma ommaviy axborot vositalariga munosabatini bevosita kuzatgan ushbu maqola muallifi, ayniqsa, jamoat transportida, qo‘lida gazeta, jurnal yoki kitobsiz yaponni kam uchratgan.
Kamina xizmat yuzasidan Tokiodan tashqari shu mamlakatning yigirmadan ziyod shaharlariga borganimda ham aynan shunday holatga guvoh bo‘lgan edim.
Nihon-jinlar — gazetxon xalq.
Mahalliy aholi erta saxardan ishga, o‘qishga yetib olish uchun metro, avtobus yoki shinkansen — tez yurar poezdda soatlab vaqt o‘tkazadi.
Yapon madaniyatiga ko‘ra, jamoat joylarida o‘zaro ovoz chiqarib gaplashish, shovqin solish odobsizlik sanaladi. Shu sababli yo‘lda hamma gazeta-jurnal yoki kitob o‘qishga tutinadi.
TO‘RTINCHI HOKIMIYAT
Dunyoning qator mamlakatlarida, shu jumladan MDH davlatlari hududida million nusxali nashrlar deyarli qolmagan bir paytda Yaponiya gazetachilarining qo‘li-qo‘liga tegmayotir.
Misol uchun “Yomiuri shimbun” har kuni ertalabki va kechqurungi sonlarini qo‘shib hisoblaganda 10 milliondan ziyod nusxada bosiladi. Yapon gazetalarining sahifalari to‘xtovsiz yangilanib boradi va kun mobaynida bir necha marotaba, katta tirajda qayta nashr etiladi. Ular aksariyat hollarda mamlakatdagi axborot agentliklaridan ham ko‘ra tezkorroq ishlaydi va shu sababdan aholi o‘rtasida ommabopligini muttasil saqlab kelmoqda.
Bu mamlakatda gazetalar tahririyatlari qudratli xususiy kompaniyalar tarkibida faoliyat olib boradi. Bundan tashqari, yetakchi telekompaniyalar bilan ularning “qozoni bir”, ya’ni yirik iqtisodiy konglomerat tashkil qilgan.
Yapon gazetalari davlat tashkilotlari faoliyati ustidan qat’iy nazorat olib boradi. Shu sababli xalqning ishonchini qozongan. Gazetxonlarni qiziqtirgan axborotlarni, boshqacha aytganda, mushtariylar “xarid qilishga arziydigan” materiallarni yetkazib bera oladi. To‘rtinchi hokimiyatning amaldagi namoyoni.
TADQIQOTLAR NATIJASI
Yaponiyada gazeta tahririyatlari alohida uyushmaga birlashgan. Uning to‘liq nomi — Yaponiya gazeta noshirlari va muharrirlari uyushmasi (JNPEA — Japan Newspaper Publishers and Editors Association).
Kundalik gazetalar jami hisobda 72 million nusxada chop etiladi. Yaponiyada bir ming bir yuzdan ortiq nomdagi gazeta ro‘yxatga olingan.
Mamlakat nufusi — 127 million fuqaroga nisbatan olib qaralganda, 2.38 kishiga bitta, har bir xonadonga esa 1.22 dan gazeta to‘g‘ri keladi. Boshqacha aytganda, gazeta o‘qimaydigan kishining o‘zi yo‘q.
Mamlakatdagi shakllangan bir asrlik an’anaga muvofiq, gazeta va jurnallar bevosita o‘quvchilarning uyiga, obuna orqali yetkazib beriladi. Hozirgi paytda bu ko‘rsatkich 90 foizdan oshadi. Qolgan 10 foizi chakana savdoga chiqariladi.
GAZETANI KIM QANDAY O‘QIYDI?
JNPEA tarqatgan ma’lumotda qayd etilishicha, yapon xalqining 80 foizdan ortig‘i har kuni gazeta mutolaa qiladi.
E’tiborli jihati shundaki, ular asosan o‘rta va katta yoshlilardan iborat. 18-19 yoshli yigit-qizlarning ham 51.7 foizi muntazam gazeta o‘qishini aytgan.
Yaponlar gazetalarda aynan nimalarni, qaysi mavzularni ko‘proq o‘qishi masalasi ham muhim. E’tibor beramiz: odatga ko‘ra, 66.4 foiz o‘quvchi teledasturlar bilan
tanishadi. Ijtimoiy masalalar haqidagi maqolalarni 60.5 foiz mushtariy sinchiklab o‘qiydi. 56.7 foiz gazetxon mahalliy mavzular bilan kifoyalanadi.
Bulardan tashqari, 54.3 foiz o‘quvchi sport yangiliklarini yaxshi ko‘radi.
YIRIKLASHTIRISH ZARURATI
Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bois bizda ham Yaponiyadagi kabi mavjud bosma nashrlarning kuchini birlashtirish, ularni optimallashtirish — gazeta-jurnallarning, jurnalistlarning jamiyatdagi o‘rnini yanada faollashtirishga va mustahkamlashga xizmat qilgan bo‘lur edi.
O‘zbekistonda hozir mingdan ziyod gazeta va jurnal faoliyat olib bormoqda. Biroq ularning ko‘pchiligi iqtisodiy nochor ahvolda ekani sir emas. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi mutaxassisi Mansur Jumaev “Hurriyat”ning o‘tgan sonidagi “Kasbning nufuzi ustasiga bog‘liq” maqolasida ta’kidlaganidek, gazetalarimizning ming nusxa chiqishini yaxshi natija deb qabul qilishga ko‘nikib qoldik. Ayrim tuman va shahar hokimliklarining nashrlari adadi hatto shunga ham yetmaydi. Xususiy nashrlarning ahvoli yanada achinarli.
Ajablanarli joyi yo‘q. Gazeta va jurnal chiqarish serxarajat ish. Qog‘oz va bosmaxona xarajatlari tobora oshayotgan, reklama beruvchilar barcha gazeta-jurnallarni ham o‘z iltifoti bilan siylamayotgan zamonda (adadi haminqadar nashrga qaysi tadbirkor reklama beradi!) gazeta chiqarishning o‘zi bo‘lmaydi. “Yo zaring yoki zo‘ring bo‘lsin” degan kinoyalar bejiz paydo bo‘lgani yo‘q jurnalistlarimiz orasida.
Oddiy korxona, muassasa va hokimlikdan davlat boshqaruvi organlarigacha — barcha tashkilotlar o‘z veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarini yuritayotgan paytda bosma ommaviy axborot vositalarini optimallashtirish maqsadga muvofiq bo‘lur edi.
Ayniqsa, suvarakdek bolalab ketgan tarmoq gazetalariga shu kunlarda nechog‘lik katta ehtiyoj bor? Deyarli qay bir vazirlik yoki qo‘mitani olmang, poytaxt Toshkentdan to tumanlargacha o‘z nashrlariga ega.
Masalan, ta’lim tizimida nafaqat respublika miqyosida, balki viloyatlar va tumanlarda ham o‘nlab gazetalar va jurnallar chop etiladi. Soha xodimlari ularga har yili “katta ishtiyoq bilan” obuna bo‘lishadi.
2018 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, birgina O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida 34 gazeta, 40 jurnal chop etilmoqda. Xalq ta’limi sohasida esa 24 gazeta va 21 jurnal bor.
Sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi nashrlar haqida ham shunday deyish mumkin: 19 gazeta, 27 jurnal chiqariladi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Negaki, ushbu vazirliklar tizimida davlat byudjetidan muntazam oylik oladigan xodimlar armiyasi mavjud. Aslini olib qarasangiz, rasman “nodavlat” yoki “xususiy” sanalmish nashrlarning ortida ham sohaning turli darajadagi rahbarlari turganini sezish qiyin emas.
Nimasini aytasiz, dasti uzunlar uchun bu — biznesning bir yo‘li. Obunachilar — naqd. Qo‘l ostingizdagi xodimlarning birortasi tasarrufingizdagi nashrga yozilmay ko‘rsin-chi! Qo‘li kaltaroq xodimlar uchun esa norasmiy soliq.
Davlatimiz rahbarining kuni kecha qabul qilingan “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ushbu muammoga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Qarorga binoan o‘qituvchilarning “bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish” qat’iy ta’qiqlandi.
Kezi kelganda axborot globallashuvi jarayoniga xos bir xususiyat haqida ham to‘xtalib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Gap shundaki, globallashuv sharoitida axborot oqimi uchun to‘siq, chegara qolmadi hisob. Shu omilning o‘ziyoq ichki va tashqi axborot makoni integratsiyasini osonlashtiradi va tezlashtiradi. Ayni paytda, axborot tarqatish, jurnalist kasbi va mahorati mas’uliyatini juda-juda oshiradi.
Bu ichki axborot oqimi xorijiy va xalqaro axborot oqimiga qo‘shilib ketishi bilan bog‘liq. Misol uchun, endilikda aksariyat viloyat, tuman gazetalari, hatto nodavlat nashrlar ham o‘zlarining elektron versiyalariga ega.
Demak, qaysidir viloyat yoki tuman miqyosida tarqatilayotgan bosma nashr sahifalarida chop etilgan materiallar dunyoning istalgan nuqtasida o‘qilishi, e’tiborga tushishi mumkin. Boshqacha aytganda, chekka tuman hayotiga doir yangilik, axborot ayni choqda o‘sha tumanning, demak, Vatanimizning xorijdagi imijiga, mavqeiga bevosita ijobiy ta’sir o‘tkazishi tabiiy.
Demak, mavjud bosma ommaviy axborot vositalari tahririyatlari imkoniyatlarini jipslashtirish, ularni yiriklashtirish yo‘llarini izlash davri keldi. Shuningdek, zamonaviy multimedia imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalanish orqali gazetalar o‘quvchilari geografiyasini kengaytirishga harakat qilish zarur.
“Hurriyat” gazetasi,
21 avgust 2018 yil.
Beruniy ALIMOV
filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori