Dunyoning ishlari…
17.04.1931-07.05.1991
G’aynitdinova Zuhra Qamariddinovna Samarqand viloyatining Bulung’ur (o’sha paytda Krasnogvardeysk) shahrida tug’ilgan.
Otasi – G’aynitdin bobomiz va onasi – Guljon buvimiz 1920-yillarda bolsheviklar tomonidan Bosqirdistonning Ufa shahridan O’rta Osiyoga surgun qilingan.
Go’yoki “ular cho’ldagi issiqqa chidolmay, kuyib o’lib ketishlari kerak” bo’lgan.
Onamning hikoyasiga ko’ra, buvimiz Ufa markazidagi 4 qavatli haybatli saroyda katta bo’lgan ekanlar (sovetlar uni tortib olib, keyinchalik shahar poliklinakasi qilshgan ekan).
Buvim 16 yoshigacha umuman quyosh ko’rmagan, chunki uyidagi pashshaxonadan tashqariga ciqarilmagan ekan.
Va shu yoshida u Qur’oni Karimni toliq yoddan bilgan, hatto su’ralar buvimning bosh barmog’ida ko’rinib turar ekan.
Keyinchalik Guljon buvim yangicha tartibdagi maktabga chiqadi va Ufa davlat universitetiga o’qishga kiradi.
Ammo onamning bolaligigi buvimniki singari oson kechgan emas.
Urush yillari “Bulung’ur ko’chalari chetida ochlikdan ishib o’lib yotgan odamlarni o’z ko’zim bilan ko’rganman” derdilar.
Oiladagilar zo’rg’a omon qolishgan.
Non o’rniga asosan qand lavlagi yegan kunlari bo’lgan ekan.
Shuningdek, uyidagi tegirmonida odamlarning oq jo’xorisini chiqarib berib, evaziga birgina hovuch unidan olib qolishar va shundan tandirda kulcha yopishgan ekan.
Onam Ikkinch jahon urushi tugagach akasi bilan Toshekntga keladi.
Bu yerda hozirgi TTZ tarafdagi Agroshkolaga o’qishga kiradi.
Uni bitirib, Bulung’urga qaytgach, kolxozda agronom bo’lib ishlay boshlaydi.
Oilali bo’lganidan keyin Samarqand davlat universitetini sirtdan tamomlaydi.
Bir umr Xorzam viloyati, Bog’ot tumanidagi 26-maktabda ishlaydi.
Geografiya, rus tili, mehnat va qator boshqa fanlardan dars berardi.
Shuning barobarida Sayyid Abdulloh Urganjiyning yettinchi avlodi vakillaridan roppa-rosa 7 barzangini katta qiladi.
Kechagidek esimda.
Uyimiz hovlisida kopto’k emas globus tepib o’nab yurishni yaxshi ko’rardim…
Bir marta onam meni geografiyadan tuman olimpiadasiga olib chiqqandilar.
U yerdan qaytayotganimizda tuman gazetasi “Lenin yo’li” (hozirgi “Bog’ot sadosi”)ga olib kirganlar va bosh muharrirga “shu bolamni jurnalist qilib beringlar” deb aytgandilar.
Uyga qaytgach, o’sha kuni to qosh qorayguncha birgalikda ona-bola kartoshka ekdik.
– “Ona, qani edi kun hecham botmasa-da… Siz bilan gaplashib, umuman charchamayman. Keling fonarni yoqib, yana biroz ishlaymiz”…
Onam bu gapga rozi bo’lmadilar.
– “Bor endi, darslaringni qil, bolam. Ertaga besh olib kelishing kerak”, – dedi-da, kamina yaxshi ko’radigan chuchvaraga unnab ketdi…
Bugun onajonim hayot bo’lganida 93 yoshga kirgan bo’lardilar.
U kishidan insoniylik, mehnatdan qochmaslik, ilmga chanqoqlik, sadoqat, o’zaro mehribonlik, haqiqiy do’stlik kabi bebaho tuyg’ular va qadriyatlar me’ros bo’lib qoldi.
Qani edi hozir oldimda paydo bo’lganlarida qavargan qo’llaridan, oydan chiroyli yuzlaridan, jingalak sochlaridan o’pib-o’pib olardim.
Ular yaxshi ko’radigan nastsrindan katta bir guldasta sovg’a qilardim. Kichik bir paketda esa “Shipr” odekoloni ham bo’lardi.
Bundan tashqari bolalikdagi sevimli masg’ulotim – onamning sobiq o’quvchilaridan kelgan otkritkalarni ularga o’zim o’qib bergan bo’lardim.
– “Qarang, ona, bunisi Murmanskdan kelibdi, bunisi Toshkentdan, mana bunisi esa Xabarovskdan ekan…”
17.04.2024.