ОБРАЗ – ГЛАВНЫЙ ИНСТРУМЕНТ МЕДИА-ИМИДЖА СТРАНЫ: ТЕОРЕТИКО-КОГНИТИВНЫЕ АСПЕКТЫ
Алимов Беруний Султонович
Доктор филологических наук, DSc
Узбекский государственный университет мировых языков
Ташкент, Узбекистан
THE IMAGE IS THE MAIN TOOL OF THE COUNTRY’S MEDIA IMAGE: THEORETICAL-COGNITIVE ASPECTS
Alimov Beruniy Sultanovich
Doctor of Philological Sciences, DSc
Uzbekistan State World Languages University
Tashkent, Uzbekistan
Ushbu maqolada mamlakat imijining kognitivlik xususiyatlarining hozirgi tendensiyalari va muammolari o‘rganildi. Unda auditoriyadagi ijtimoiy-psixologik kayfiyat va unga ta’sirning ahamiyati, uning dolzarb tushunchalari, yondashuvlari va tamoyillariga katta e’tibor qaratilib, axborotni olayotgan shaxsning o‘sha mamlakatga nisbatan shakllanadigan tasavvuri haqida bayon qilindi. Kognitivlikning etimologik negizida nafaqat falsafadagi bilish nazariyasi, balki keng ko‘lamdagi yangi avlod kognitiv texnologiyalarning amaliyotga tatbiq etilishi, neyrovizualizatsiya, qolaversa tilshunoslikda – kognitiv yo‘nalish leksik-semantik sathdagi tahlillar bilan chambarchas bog‘liqligi ko‘rsatib o‘tildi.
Maqolada kognitivlik ilmiy hodisa sifatida ko‘rib chiqilib, u tilni tafakkur, ya’ni ong bilan bog‘laydi, ma’lum bir tasavvurning hosil bo‘lishidagi psixologik, biologik va neyrofiziologik jihatlarning ijtimoiy, madaniy va lisoniy hodisalar bilan uzviy aloqasini chuqur nazariy aspektlarda o‘rganildi. Auditoriyaning mediakontent bilan doimiy aloqada bo‘lishi, ya’ni axborotning tarkibiy qismlari – so‘z va iboralar, grafikalar, ovoz yoki videotasvirlar vositasida resipient ongiga o‘rnashishi natijasida uning xotirasida voqeaning aksi, predmetning obrazi yoki alohida hududning imiji hosil bo‘lashi alohida tadqiq etildi. Xorijiy va milliy OAVlarida Yangi O‘zbekistonning o‘zga xos obrazi, imiji shakllanayotgan bir paytda, “kontent-xanterlar” ijobiy axborot bilan bir qatorda salbiy axborotga ham tez-tez yuzlanishini hisobga olib, ob’ektning media obrazini yaratishda stereotip va freym kabi kognitiv strukturalardan foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, Yangi O‘zbekiston obrazi bilan bog‘liq barqaror, o‘zgarmaydigan, soddalashtirilgan, sxematik tushunchalar ko‘rsatildi. Stereotiplar amaliyotda salbiy yoki ijobiy bo‘lishini hisobga olib, mamlakat imijni yuksaltirishda ijobiy stereotiplardan samarali foydalanish usullari yoritildi.
Kalit so‘zlar: imij; obraz; kognitivlik; mediamakon; stereotip; PR; ommaviy kommunikatsiya; mediamaydon; milliy kontent; axboriy xuruj; mediatexnologiyalar.
Аннотация.
Данная статья рассматривает современные тенденции и проблемы когнитивных особенностей имиджа страны. В данном исследовании рассказывается о социально-психологических настроениях в обществе, а именно о значении воздействия на аудиторию, о формирующемся восприятии человека, получающего информацию, по отношению к той стране, уделяя большое внимание ее актуальным понятиям, подходам и принципам. В этимологической основе познания лежит не только теория познания в философии, но и широкое внедрение в практику нового поколения когнитивных технологий, нейровизуализации, причем в лингвистике – когнитивное направление тесно связано с анализом на лексико-семантическом уровне.
В статье когнитивизм рассматривается как научное явление, которое связывает язык с мышлением, то есть с сознанием, изучая в глубоких теоретических аспектах неразрывную связь психологических, биологических и нейрофизиологических аспектов формирования данного воображения с социальными, культурными и языковыми явлениями.
Сделан акцент на то, что в результате постоянного контакта аудитории с медиаконтентом, то есть оседания в сознании реципиента компонентов информации – слов и фраз, графики, аудио или видеозаписей в его памяти формируется отражение события, образ субъекта или образ отдельной территории. В то время, когда образ Нового Узбекистана и его имидж всеми красками формируется, в зарубежных и национальных СМИ, «охотники за контентом» часто сталкиваются как с позитивной информацией, так и с негативной. В статье обозначена необходимость использования когнитивных структур, таких как стереотипы и фреймы, при создании медийного образа объекта, в нашем случае страны в целом. В то же время были показаны стабильные, неизменные, упрощенные, схематичные концепции, связанные с имиджем Нового Узбекистана. Учитывая, что стереотипы на практике бывают негативными или позитивными, были выделены методы эффективного использования позитивных стереотипов в повышении имиджа страны.
Ключевые слова: имидж; когнитивизм; медиапространство; медиаобраз; стереотип; PR; массовая коммуникация; национальный контент; информационная атака; медиатехнологии.
Abstract.
This article examines current trends and issues of cognitive features of the country’s image. This study describes the socio-psychological attitudes in society, namely the importance of influencing the audience, the emerging perception of a person receiving information in relation to that country, paying great attention to its relevant concepts, approaches and principles. The etymological basis of cognition is not only the theory of cognition in philosophy, but also the widespread introduction into practice of a new generation of cognitive technologies, neuroimaging, and in linguistics, the cognitive direction is closely related to analysis at the lexico-semantic level.
In the article, cognitivism is considered as a scientific phenomenon that connects language with thinking, that is, with consciousness, studying in deep theoretical aspects the inextricable connection of psychological, biological and neurophysiological aspects of the formation of this imagination with social, cultural and linguistic phenomena.
The emphasis is placed on the fact that as a result of the constant contact of the audience with the media content, that is, the settling of information components in the recipient’s mind – words and phrases, graphics, audio or video recordings, a reflection of the event, the image of the subject or the image of a separate territory is formed in his memory. At a time when the picture of New Uzbekistan and its image are being formed in all colors, in foreign and national media, «content hunters» often encounter both positive and negative information. The article highlights the need to use cognitive structures, such as stereotypes and frames, when creating a media image of an object, in our case, the country as a whole.
At the same time, stable, unchanging, simplified, schematic concepts related to the image of New Uzbekistan were shown. Considering that stereotypes in practice can be negative or positive, methods of effective use of positive stereotypes in improving the image of the country were highlighted.
Keywords: image; cognitivism; media space; media image; stereotype; PR; mass communication; national content; information attack; media technologies.
Kirish.
Avvalo, asosiy tushunchalarga e’tibor qaratsak. Manbalarda qayd etilishicha, kognitiv so‘zi lotinva ingliz tillaridagi «cognize» so‘zidan olingan bo‘lib, u sezmoq, bilmoq, anglamoq, tushunmoq hamda fikrlamoq yoki «cognition» – bilish, tushunish kabi ma’nolarni anglatadi [Arslonov Z. Kognitiv tilshunoslik haqida qisqacha. Elektron resurs: http://arslonov.blogspot.com/2012/01/blog-post_12.html]. O‘z o‘rnida bilish faoliyati har qanday odamning voqelikni bevosita anglashi va his etishi bilan bog‘liq hodisa hisoblanadi. Aslida kognitivlik tom ma’noda o‘qish, tajriba orttirish orqali biron-bir narsa tog’risida erishiladigan asosiy bilim hamda ma’lumotlarning umumiy majmui hisoblanadi [Shatil E. Does combined cognitive training and physical activity training enhance cognitive abilities more than either alone? A four-condition randomized controlled trial among healthy older adults. Electronic resource: https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/23531885/]. Britaniyadagi Kembrij lug‘atida ushbu kognitiv so‘ziga fikrlash va ongli ruhiy jarayonlar bilan bog‘liq tushunchadan iborat deyiladi [Cognitive. Electronic resource: https://dictionary.cambridge.org/dictionary/english/cognitive].
O‘zbekistonlik olim Z.Arslonovning qayd etishicha, «sezgi idroki tafakkurda voqelikning parchasi ramzining shakllanishi uchun zamin tayyorlaydi» [Arslonov Z. Kognitiv tilshunoslik haqida qisqacha. Elektron manba: http://arslonov.blogspot.com/2012/01/blog-post_12.html]. Ya’ni biron bir predmet, narsa yoki voqea-hodisani aynan o‘zimizning sezgilarimiz orqali his etamiz va ularni ko‘ramiz, eshitamiz, sezamiz. Olingan har qanday yangi ma’lumotni esa tushunamiz, anglaymiz va tabiiyki ich-ichimizdan idrok etamiz. Keyin esa xotiramizga ular ma’lum bir aniq sifat belgisi, imij yoki «ramz parchasi» sifatida avtomatik tarzda o‘rnashib oladi. Ayni sababdan hozirgi media maydonda biror bir mamlakatga oid axborot, ana shu hududning imijiga doir ijobiy yoki salbiy ma’lumotlar mazmunini tushunish, ma’lum hududda sodir bo‘layotgan muhim voqelikni har tomonlama idrok etish, tushunish juda muhim va dolzarb hisoblanadi. Ayni jarayonda media orqali yangilikni o‘qigan har qanday inson bilish faoliyatining ijrochisi sifatida maydonga chiqadi.
Asosiy qism.
Olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, sub’ekt, boshqacha aytganda, shaxs va bilish faoliyatining ob’ekti bo‘lmish ma’lum bir hudud o‘rtasida «sub’ekt-ob’ekt munosabati» yuzaga keladi. Asosiy masala esa axborotni olayotgan shaxsning aynan o‘sha mamlakatga nisbatan shakllanadigan aniq bir tasavvuridir. Axborotni qabul qiluvchi shaxs tarafidan mamlakatning qanday idrok etilishi har doim muhim jihat sanaladi.
Shuni unutmaslik kerakki, miyamizda yuzaga keladigan har qanday imij tabiatan ong ostida saqlanadigan asosiy ma’lumotlar tizimi bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu sababdan ham nazariy jihatdan imij masalasini kognitiv kontekstda o‘rganish talab etiladi va bu juda muhim. Qozog‘istonda faoliyat olib boruvchi tadqiqotchi A.A.Tlepbergenova o‘zining «Stranovoy imidj» ilmiy asarida qayd etishicha, «bizning dunyo haqidagi bilimlarimizning aksariyati imij darajasidagi tushunchalardan hosil bo‘ladi» [ Tlepbergenova A.Stranovoy imidj: uchebnoe posobie dlya studentov bakalavriata universitetov, obuchayushixsya po spesialnostyam «Jurnalistika», «Svyaz s obshestvennostyu». – Almaty: Qazaq universitetі, 2011. – S 13]. Bu fikrni yuqoridagi aytilgan fikrimizning asosiy tasdig‘i sifatida qabul qilish o‘rinli bo‘lar edi. Endi biz qayd etayotgan kognitivlikning etimologik, ya’ni kelib chiqish negiziga e’tibor qaratilsa, u faqat falsafadagi sezish, bilish, anglash nazariyasi bilangina kifoyalanmaydi. Chunonchi, zamonaviy axborot globallashuvi davrida kognitivlik masalasi xususan:
– yangi AKT sohasida, ayniqsa robotlashtirish hamda sun’iy ongni shakllantirish, rivojlantirish;
– harbiy, mudofaa hamda xavfsizlik borasida yangi avlod kognitiv texnologiyalarining amaliyotga olib kirilishi;
– tibbiyotda, xususan, farmasevtika, psixoterapiya va neyrovizualizatsiya jarayonida tadbiq qilinishi;
– an’anaviy tilshunoslik sohasida kognitiv yo‘nalish asosan leksik-semantik sathdagi turli tahlillar bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, unga asosab til umumiy kognitiv mexanizm bo‘lishi bilan bir qatorda, kognitiv qurol tarzida axborotning taqdimotini, kod yordamida yaqindan uzatish hamda o‘zgartirish vazifasini bajaruvchi belgilar tizimi hamdir [Arslonov Z. Kognitiv tilshunoslik haqida qisqacha. Elektron resurs: http://arslonov.blogspot.com/2012/01/blog-post_12.html]. Bulardan tashqari boshqa bir nechta tegishli sohalarga ham bevosita kirib borishi jarayonida yaqqol kuzatilayotgani isbot talab qilinmaydigan haqiqatdir.
Tadqiqotchi Sh.Safarovning qayd etishicha, kognitiv tilshunoslikning asosiy vazifasi va unsuri til yordamida bilim olish va uni saqlash, tilni real amalda qo‘llash va uzatishda ko‘rinadi. Shuningdek, til tizimi va tarkibini miyamizdagi in’ikosi sifatida tafakkur bilan bog‘lab, chuqur ilmiy tadqiq etishdir. Bu to‘g’rida tadqiqotchining «Pragmalingvistika» nomli monografiyasida ham aniq ma’lumotlaruchraydi [Safarov Sh. Pragmalingvistika. Monografiya. Toshkent. 2008 yil, 318 bet. Elektron resurs: http://n.ziyouz.com/books/kollej_va_otm_darsliklari/ona-ili_va_adabiyot/Pragmalingvistika%20(Sh.Safarov).pdf]. A.Abduazizov bildirgan fikrga ko‘ra, nutqning hosil bo‘lishi, uzatilishi, xotirada ongli saqlanishi kabi murakkab hodisalarning markazi miyadagi asosiy neyronlar vositasida amalga oshiriladi [Arslonov Z. Kognitiv tilshunoslik haqida qisqacha. Elektron resurs: http://arslonov.blogspot.com/2012/01/blog-post_12.html]. Shunisi aniqki, keyingi 20-25 yil ichida kognitiv texnologiyalarning joriy qilinmagan sohaning o‘zi deyarli qolmadi.
Ayni davrda davlat medi imijini yuksaltirish zamonaviy PR (ing. public relations, ya’nijamoatchilik bilan aloqalar)ning eng yangi va istiqbolli yo‘nalishlaridan hisoblanadi. U respublikamizning siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy jihatdan yanada taraqqiy etishiga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Shu sababdan ham mazkur yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlar va izlanishlar olib borish, media imijga oid instrumentlarni har tomonlama tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Har qanday hudud yoki mamlakat mediaimijini shakllantirish hamda uni yanada rivojlantirish masalasi nazariy metodologik jihatdan olib qaralganida fanlararo (ya’ni ing. interdisciplinary) tadqiqotlar qatorida turadi. Ya’ni bu faqat an’anaviy jurnalistika fani yoki hozirgi ommaviy kommunikatsiyalar bilan bog’liq yo‘nalishlar oldida turgan muammo emasligini anglash zarur. Biz qayd etayotgan masala aslida ko‘p tarmoqlidir. Xususan sotsiologiiya, imijeologiya, iqtisodiyot,siyosatshunoslik, falsafa, tilshunoslik va aynan kognitiv tilshunoslik kabi fan sohalarining “chorrahasi”da vujudga kelgani aniq. Shu sababdan u turli aspektlarda, turli olimlar tomonidan tegishligicha tadqiq etilishi tabiiy hisoblanadi.
Yanada aniqroq aytadigan bo’lsak mamlakat imiji obraz, hudud haqida kishilar ongostida shakllanadigan turli tasavvurlar, qarashlar bilan hamohang bo‘lganligi tufayli ushbu tadqiqotimizda kognitivlik hamda uning ahamiyatiga chuqurroq e’tibor berilmoqda. Sababi mazkur holat OKV(ommaviy kommunikatsiya vositalari)ning asosiy quroli bo‘lgan lingvistik imkoniyatlari hamda undan foydalanish barobarida ko‘zga tashanadi.
Aslida, tom ma’noda olib qaralganda kognitivlik ilmiy hodisa bo‘lib, u tilni tafakkur, ya’ni ong bilan bevosita bog‘lab, ma’lum bir tasavvurning paydo bo‘lishidagi betakror ruhiy, psixologik, biologik va neyrofiziologik jihatlarning ijtimoiy, madaniy hamda lisoniy (lingvistik) hodisalar bilan bevosita aloqasini nazariy aspektlarda chuqur tadqiq etib beradi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, kognitiv tilshunoslik ayni aspektdan olib qaralganda psixolingvistika, antropolingvistika, etnolingvistika, sotsiolingvistika kabi turli kichik va tor, o‘ziga xos bo‘limlarga ajraladi.
Mazkuq maqola doirasida respublika mediaimijini shakllantirish va uni bevosita rivojlantirish jarayonida jurnalistlarning o‘rni va ahamiyatini solishtirdik. Shuningdek, OAV tilining keng jamoatchilik (auditoriya) ongiga kognitiv aspektdan ta’sirini alohida o‘rganishga urindik.
Juda ko‘p manbalarda ta’kidlanganidek, OAVning klassik ma’nodagi vazifalariga quyidagilar kiradi:
- a) axborotni to‘plash,
- b) uni qayta ishlash,
- c) tarqatish.
Media va OAVning nazariy asoslariga oid ilmiy asarlarda uning yanada muhimroq funksiyalari bilan bog‘liq masalalar o‘rganilgan. Xususan, AQShlik dunyoga mashhur olim G.Lassuell OKVni 4ta asosiy funksiya bajaruvchiga bo‘ladi [Panarin I. SMI, propaganda i informatsionnыe voynы. Elektronnыy resurs: https://textbooks.studio/uchebnik-teoriya-politiki/osnovnyie-funktsii-smi17974.html], xususan:
- Yon-atrofni bevosita kuzatish (natijada axborot to‘plash, uni tarqatish);
- Materialni tahrir qilish (mavjud axborotni saralab olish, uni atroflicha sharhlab berish);
- Mamlakatdagi ijtimoiy fikrni atroflicha shakllantirish;
- Turli madaniyatni media orqali tarqatish.
Biroq bu olim bilan tortishish mumkin. Negaki, uning fikrlari nihoyatda umumiy hamda anchatarqoq ko‘rinadi. Asl mass media fuknsiyalarining eng maqbul ta’rifi hamda mazkur ta’rif va tavsiflarning mediaimij uchun yaqindan xizmat qilishi professor M.Xudoyqulov qalamiga mansub «Jurnalistika va publitsistika» asarida batafsil keltirilgan.
Bunda tashqari mass medianing dolzarbroq fundamental g‘oyaviy funksiyalari ham borki, ular odamlar e’tiborini o‘ziga jalb etish, kerak bo‘lsa yo‘naltirish, ularga ta’lim berish hamda yaxshi ma’noda tarbiyalashdan tashkil topadi.
Mamlakat mediaimijning hozirgi konsepsiyalarida uning axborot-kommunikatsion tabiati alohida qayd etiladi. Tilga olinayotgan imij hozirgi kommunikatsiya jarayonlari vositasida biron bir ob’ekt haqidagi axborot asosida shakllanadi hamda rivojlanadi [Gavra D. Kategoriya imidja v sovremennoy kommunikavistike. Elektronniy resurs: http://www.jourssa.ru/sites/all/files/volumes /2013_4/Gavra_2013_4.pdf].
Yangi O‘zbekistonning hozirgi dolzarb media imijini shakllantirishda mass medianing aynan jalb etish funksiyasidan samarali foydalanish kerak bo‘ladi.
O‘zbek olimi D.Muitov zamonaviy massmedianing imkoniyatlari haqida yanada chuqurroq yozadi. Uning fikriga ko‘ra, «bugun ommaviy axborot vositalaridan u yoki bu mamlakatda olib borilayotgan siyosatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilish imkoniyatidan foydalanish yo‘liga o‘tilgan» [Muitov D. Geosiyosat va jurnalistika. –T.:, TURON-IQBOL, 2014. –B.11].
D.Muitovga ko’ra, «shunday paytda u siyosatning muhim bir elementi sifatida namoyon bo‘ladi. Ikkinchi tomondan OAV turli davlatlar haqida hududiy tasavvurlarni rivojlantirishi, kayfiyatlarni o‘zgartirib turishi, aholining keng qatlamida tarqala olish imkoniyatiga ega».
Tadqiqotchining aytganiga tayanadigan bo‘lsak, media vositasida tarqatilgan xabarlar biron bir aniq mamlakat yoki uning tarkibiga kiruvchi aniq bir viloyat yoki hudud haqidagi tasavvurlarni bevosita rivojlantirishga xizmat qilishini anglash qiyin emas. Shuning barobarida fokus guruhdagi axborot resipientining kayfiyatini tizimli tarzda o‘zgartish kuchiga egadir.
Moskvalik olimlar A.Demidov hamda A.Fedoseev jurnalistlar tomonidan amalga oshirilayotgan ayrim ishlar ko‘lamiga shunday ta’rif beradilar: «Medianing bu imkoniyati ijtimoiy fikrni shakllantirishda juda qo‘l keladi. Shu sababdan olib qaraganda, u geosiyosiy o‘yinchilarning o‘yinchog‘iga aylanishi hech gap emas. Bu jarayonda transmilliy korporatsiyalar, diniy tashkilotlar kabi boshqa turli faktorlarning teng ishtirok etishga intilishi sezilmoqda» [ Demidov A.I., Fedoseev A.A. Osnovы politologii. Moskva, “Vysshaya shkola”, 1995, 229-str.]. Demak, OKV o‘zining birlamchi vazifalaridan chekinish holatlari hozirgi amaliyotda ko‘p kuzatiladi. Afsuski ular xolis, ob’ektivyangiliklarni auditoriyaga yetkazish bilan cheklanishni istamayaptilar.
Yuqoridagi olimlar bu singari ishlarni «turfa xil mafkuralarni tarqatish OAVning birinchi darajali vazifalari jumlasiga kiradi», deydilar, «va oqibatda, tarqatilgan axborot gazeta-jurnal, radio-televidenie, audio-video kassetalar va internet tarmog‘i orqali belgilangan geosiyosiy vazifalarni bajara boshlaydi». Lekin mamlakat mediaimijini yuksaltirishda KV avvalo geosiyosiy manfaatlarni birinchi o‘ringa qo‘yishi nazariy jihatdan ham, professional etika nuqtai nazardan ham to‘g‘ri bo‘lmaydi, deb o‘ylaymiz. Axir jurnalistikaning asosiy vazifasi – bu turli siyosiy o‘yinlarda ishtirok etish emas, balki mahalliy va xorijiy o‘quvchini qiziqtira oladigan ob’ektiv axborotni tarqatishdan iborat emasmi?! Ma’lumki, media tarqatadigan har qanday yangilik auditoriya tomonidan boricha o‘zlashtiriladi. Uning ongiga joylashadi. Muhimi, har xil ko‘rinsishda o‘zgarib turadigan aniq voqealar va faktlardan tashkil topuvchi mavjud holat haqidagi yaxlit tasavvurni uyg‘otadi [Shkondin M. V. Izvestiya Irkutskoy gosudarstvennoy ekonomicheskoy akademii [The Functional integrity of media system] 2014, 2nd vol. Elektronnыy resurs: http://cyberleninka.ru/article/n/funktsionalnaya-tselostnost-mediasistemy].
Keyingi davrda AKTning shiddatli tarzda rivojlanishi, sotsial medianing shu paytgacha kishilar ongida shakllanib kelgan an’anaviy ommaviy axborot vositalari ko‘lamini mutlaqo kengaytirib yuborgani rost. Natijada hozirgi axborot makoni – bizning misolimizda milliy jurnalistika «hududi», chegaralari tubdan o‘zgardi. «Ichkari»dan «tashqari»ga va aksincha «tashqari»dan «ichkari»ga axborot oqimlari shakli, hajmi, sur’ati tasavvur qilib bo‘lmas darajada kengayib ketdi.
Istalgan maqola ichidagi axborot, qolaversa so‘z va iboralar, grafikalar, ovoz yoki videotasvirlar vositasida resipient ongiga kirib, o‘rnashib oladi. Natijada o‘quvchi xotirasida ma’lum bir voqeaning aksi, predmetning obrazi yoki alohida hududning imiji paydo bo‘ladi. E’tiborlisi, til imkoniyatlari imij bilan bog‘liq kommunikatsiya jarayonlari, ya’ni PR, reklama va jurnalistika amaliyotida beqiyos o‘ringa ega. Ayni ma’noda rossiyalik olim V.Taranov qayd etganidek, odamlar tasavvuridagi hudud imiji asosan massmedia tarqatgan xabarlar asosida shakllanadi [Taranov V. Tradicionnye i novye media v regional’nom imidzhmejkinge v informacionnom setevom obshchestve. Elektronnыy resurs: http://izvestia.asu.ru/2010/4-1/pols/TheNewsOfASU-2010-4-1-pols-06.pdf].
Chet el va respublika OKVda Yangi O‘zbekistonning qiyofasi, uning obrazi, imijini shakllantirish va rivojlantirish yo‘lidagi turli shaklga ega mediakontent, sharh, suhbat va hokazo materiallarini atroflicha va tizimli o‘rganish, tadqiq, tahlil qilish, ularni ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, milliy-psixologik jihatlardan tahlilga tortish alohida ahamiyatga egadir. Lekin shuni ham e’tiborga olish zarurki, odamlar salbiy axborotni qiziqish bilan va tezroq qabul qiladilar. Ijobiy axborotga esa nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lishadi. Psixologlar bu haqda juda ko‘p tadqiqotlar olib borganlar.
Moskvalik media tadqiqotchilar T.Glushkova va O.Zaysevaning fikriga ko‘ra, ob’ektning mediaobrazini yaratishda stereotip va freym kabi kognitiv strukturalardan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Nazariy jihatdan stereotip so‘ziga ta’rif bersak, u biron bir aniq narsa, predmet yoki ayni mamlakat, ya’ni Yangi O‘zbekiston obrazi bilan bog‘liq barqaror, o‘zgarmaydigan, soddalashtirilgan, sxematik tushunchani o‘z ichiga oladi. Stereotiplar amaliyotda salbiy yoki ijobiy bo‘ladi. Albatta imijni yuksaltirishda ijobiy stereotiplardan samarali foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Aslida freym aniq bir ma’no yuzasidan o‘zaro birlashib ketadigan semantik munosabatlardan iborat bo’ladi. Nazariy jihatdan u modellashtirilayotgan ob’ekt haqidagi tasavvurlar va bilimlarni tartibga solishda qo‘l keladi [T.Glushkova. O.Zayseva. Mediaobraz kak instrument sozdaniya territorialnogo imidja: kognitivnыy aspekt. Elektronniy resurs: https://cyberleninka.ru/article/n/mediaobraz-kak-instrument-sozdaniya-territorialnogo-imidzha-kognitivnyy-aspekt]. Mazkur maqolani yozish jarayonida OAV tomonidan shakllanayotgan tasavvurlarni mavzularga qarab tasniflashga harakat qildik. Ayni jarayonda ularning ma’no-mazmun jihatidan bir-biriga o‘zaro juda yaqin yoki tobe bo‘lgan freymlarni hosil qilishi kuzatildi. Tadqiqotimiz uchun material sifatida AQSh, Britaniya va Rossiya ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan maqolalariga murojaat qilindi. Ularga emperik baza sifatida qaraldi.
Respublika turizm salohiyati bilan bog‘liq ma’lumotlar New York Times gazetasida quyidagi freymda aks ettiriladi: «agar siz Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qilishni orzu qilsangiz, uni amalga oshirishga qulay fursat keldi. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin oradan 25 yildan ortiq vaqt o‘tib, sobiq sovet respublikasi bo‘lgan O‘zbekiston nihoyat o‘zining qayta qurish davrini boshdan kechirmoqda. Aynan shu yerda tarixiy yo‘lning ajoyib maskanlari joylashgan» [52 places to go in 2019. Electronic resource: https://shorturl.at/mvwE9]. Bunda amerikalik jurnalist O‘zbekistonning qadimiy Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liqligi stereotipidan foydalangan.
Londondan ushbu mavzuda material uzatar ekan, BBC quyidagi freymdan foydalanadi: «O‘zbekiston butun dunyo ziyoratchilarining manzili, ya’ni ikkinchi Makkaga aylanishga intilmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasining eng ko‘p aholiga ega bo‘lgan mazkur mamlakatida, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi mashhur Ipak yo‘li shaharlarida yaxshi saqlangan masjid va ibodatxonalar bor» [Qobil R. Uzbekistan: Land of a thousand shrines. Electronic resource: https://www.bbc.co.uk/news/world-asia-44685414]. Ko‘rinib turibdiki, britaniyalik muxbir (asli o‘zbek) O‘zbekistondagi qadimiy shaharlarni musulmon olamidagi eng mashhur shahar hisoblangan Makka va Madinaga qiyoslaydi. Bir so‘z bilan aytganda bu qadim shaharlarni ziyoratchilar talpinadigan ilohiy maskan sifatida freymlaydi.
Rossiyadagi TASS axborot agentligi xabarida Sankt Peterburg shahrida O‘zbekiston Respublikasining madaniy yodgorliklarini asrash bo‘yicha maxsus butunjahon kongressi tuzilganligi aytiladi [V Peterburge uchredili vsemirnoe obщestvo po soxraneniyu kulturnogo naslediya Uzbekistana. Elektronniy resurs: http://tass.ru/obschestvo/5277084]. Ruz muxbiri o‘zbek madaniyati me’rosining butun dunyo bo‘ylab yoyilib ketganligiga e’tibor beradi. Bu bilan u ko’tarilgan mavzuni freymlashga urinadi.
Yangi O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar haqida ham freymlar uchraydi. Ya’ni bir-biriga mazmunan va shaklam yaqin maqolalar bor. Vashington DCda joylashgan Brukings instituti tomonidan chop etilgan «O‘zbekiston qanday qilib ochiq iqtisodiyotga aylanmoqda» sarlavhali maqolani o‘qiymiz: «O‘zbekiston ikki yildirki bozor iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini amalga oshirmoqda. Hukumat mamlakat iqtisodiyotiga uchta asosiy o‘zgartirish kiritmoqda: buyruq va boshqaruvga asoslangan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tish; davlat sektori ustuvor bo‘lgan iqtisodiyotdan xususiy sektorni rivojlantirishga yo‘naltirilgan iqtisodiyotga o‘tish; va yopiqlik va yakkalikdan hamkorlikka moyillik va ochiqlikka chiqish» [Lilia Burunciuc, Wolfgang Fengler, Wiebke Schloemer, and Daria Taglioni. How Uzbekistan is transforming into an open economy. Electronic resource: https://shorturl.at/ahtBW].
Bosh qarorgohi Londonda joylashgan Reuters axborot agentligining Jahon banki ma’lumotiga tayangan holda uzatgan maoqlasida yozilishicha Yangi O‘zbekiston biznes yuritishni yengillashtirish borasida 2017 yilda dunyo bo‘yicha birinchi 10talikka kirdi. Jumladan, korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, qurilishga ruxsat olish, invesititsiyalarni himoyalash, elektr ta’minotiga ulanish kabi jarayonlar soddalashtirilgan [Uzbekistan priotkryvaet dver inostrannym investoram. Elektronniy resurs: https://ru.reuters.com/article/businessNews/idRUKBN1DR1AN-ORUBS]. Londonlik muxbir bu gapi oqali O‘zbekistonning biznes va iqtisodiyot sohasida erkinlashayotgan mamlakat sifatidagi mediaobrazini berishga urinadi.
Moskvadagi RIA Novosti axborot agentligi xabarida ta’kidlanishicha, endilikda har qanday chet el fuqarosi Yangi O‘zbekistonda o‘z investitsiyalari evaziga barpo etiladigan korxonaning asoschisi maqomin bemalol olishi mumkin [Uzbekistan uprostil protsess polucheniya vizy. Elektronniy resurs: https://ria.ru/world/20180802/1525789408.html]. Bu kabi sarmoyadorlarga jami 3 yilga mo‘ljallangan ko‘p marotabalik viza nihoyatda yengillashtirilgan tarzda berilshi mumkin. Ayni fakt yordamida rus muxbiri O‘zbekistonda yangi iqtisodiy islohotlar joriy etila boshlaganligini e’tinorni qaratadi.
Albatta yuqoridagi singari misollarni ko‘plab kelitirsak bo‘ladi.
Biroq shu narsa aniqki, biror bir mamlakatning boshqa bir davlat tomonidan yaratilgan imiji jahon hamjamiyati va ushbu davlat fuqarolarining munosabatiga juda katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Sir emaski kuchli axborot texnologiyalariga ega bo‘lgan tashqi kuchlar tomonidan uyushtiriladigan axboriy huruj katta xavf tug‘dirishi bor gap. Afsuski bunday holat nafaqat jahon hamjamiyatiga, balki axborot bilan ta’minlanishi zaif yo‘lga qo‘yilgan, eng ayanchlisi, AKTning rivojlanmaganligi; axborotning yopiqligi; senzuraning mavjudligi sababli mamlakat jamoatchiligi ichida ham psixologik bo‘hron keltirib chiqarishi ehtimoli katta. Shu sababdan mamlakattning ijobiy obrazini yaratishda muayyan konstrukt, qonun-qoidalar bo‘lishi shart.
Tarixdan ma’lumki, turli davlatalr jahon sahnida bir-birlariga turli ko‘rinishda, masalan goh oshkora, goh pinhona qarama-qarshi kayfiyatida bo‘lib kelganlar. Hozir esa aynan ana shu davlatlarning o‘zlari internet makonidan mutlaqo yangi ko‘rinishdagi jang maydonlarini yasab olmoqdalar. Ming afsuski, odamiylik, ezgulik uchun xizmat qiladigan jurnalistikani, OAVni, OKVni o‘sha jang maydonlarining jangchilariga aylantirmoqdalar. Qator davlatlar axborot urushiga hozirlikni ochiqchasiga boshlab yuborganlar. Ayni maqsadda cheksiz pul-mablag‘lar ajratilmoqda. Hozirgi axborot urushi uchun an’anaviy chegaralarni buzib o‘tish shart emas, qolaversa, bu urushda odamlarga qirg‘in keltirilmaydi, balki telekommunikatsiya, OAV tizimlari «hamkorligi»da keng ommaning dunyoqarashlariga zug‘um o‘tkaziladi, tamom. Shu orqali o‘z maqsadiga erishiladi.
Ming afsuski, harbiy qurol-yaroq uchun ajratiladigan ko’p millionli harajatlar bilan birga tashqi axborot hurujlari uchun millionlab pul-mablag’ ajratish oddiy holga aylanib ulgurdi.
Obraz aslida qiyofa, qolaversa imij bilan bog‘liq hodisadir. Biroq nima bo‘lganda ham u omma ongining hozirgi ruhiy orientatsiyasiga muvofiq bo‘lgan tabiiy qonunlarga tayanadi. Hozirgi globallashgan axborot sahnasida ruhiy-informatsion ta’sir vositalarini to‘liq nazoratga olish va cheklash imkonsiz hisoblanadi. Demokratik boshqaruv, fikrlar xilma-xilligi bunga yo‘l qo‘ymaydi. Muhim jihati shundaki, ayni tizimlarni qudratli davlatlardan tashqari hech bir davlat yoki markazlar cheklash yoki nazorat qilish imkoniga ega bo‘lmaydi. «Aslida, – deb yozadi o‘zbek olimi J.Meliqulov, – buning ortida G‘arb qadriyatlari va qoliplariga moslangan g‘oyalarni butun dunyoga joriy etish va shu orqali o‘z ta’sir doirasini kengaytirish istagi yotadi. Maqsad esa begona ongni eksport qilishdan iboratdir» [Meliqulov M. // O‘zbekiston adabiyoti va san’ati. 2006 yil, 1 dekabr]. Ayni sababdan tarqatilayotgan har qanday axborot qayta-qayta tekshirilgan, fakt-cheking qilingan bo‘lishi shart. Oddiy va jo’n til imkoniyatlari, turfa iboralardan keng hamda emin-erkin foydalanish ham ahamiyatlidir. Kezi kelganda xalq maqollari, naqllari, ideomalaridan samarali foydalanish, ehtiros bilan bitilgan so‘zlar auditoriya bilan samimiy kayfiyat va psixologik muhitni paydo qiladi.
Zamonaviy media va axborot texnologiyalari vositasida turli millat va mamlakatlar vakillarining axborotni qabul qilish psixologiyasiga alohida ahamiyat berish zarur. Chunki OAV kanallarida uzatiladigan jurnalistik materiallar orqali kishilar ongiga kirib boriladi va ayni ish osonlikcha amalga oshirilmaydi. Unda qarama-qarshiliklar, turli kurashlar yuzaga keladi. Biroq mutaxassislar V. Abaturov va Yu.Naumova iborasi bilan aytganda «jang maydonida qo‘lda avtomat bilan turgandan ko‘ra, efirda mikrofon bilan turgan afzalroqdir» [Abaturov, Naumova // Ekonomicheskoe obozrenie. 2003, №6, 37].
XXI-asr sivilizatsiyasining muhim xususiyatlaridan biri shuki, unda mavqe, salohiyat, taqdir ko‘p jihatdan axborot maydonidagi holatga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Fuqarolardan tortib yetakchi shaxslarning, davlat rahbarlarining, shuningdek, butun boshliq xalqlarning, davlatlarning hayoti, yashash tarzi, turmushi, istiqboli, kelajagi aynan axborot maydonlarida hal etilmoqda. Ko‘rinadiki, mustaqil davlatlarning oyoqqa turishi, mintaqada hamda jahon hamjamiyatida mustahkam o‘ringa ega bo‘lishi, har jihatdan axborotga, media kontentga, yana bir karra milliy va jahon axborot makonida kechadigan jarayonlarga bevosita bog‘liq bo‘lmoqda.
Muhimi shundaki, milliy jurnalistika, ya’ni milliy OAV, avvalo mamlakat aholisining axborotga bo‘lgan ichki ehtiyojini qondiradi. Buning barobarida xalq, jamiyat va davlat haqidagi tasavvurlarni yaratadi. Lekin har qanday ochiqdan-ochiq targ‘ibot maqsadida tarqatiladigan axborotni demokratik prinsiplarga asoslangan jamiyatlar va umuman olib qaraganda biron bir media makon shundayligicha qabul qilavermaydi. Masalan professor X.Do‘stmuhammadning fikricha, «hozirgi bozor munosabatlari sharoitida axborot tovar, ya’ni buyum tusini olmoqda. Buyum bozorda o‘z xaridorini topgan taqdirdagina u bozordagi raqobatga barbdosh bera oladi, aks holda kasodga uchrashi, sinishi, ya’ni bankrot bo‘lishi muqarrardir. Teleko‘rsatuv yoki radioeshittirish bo‘ladimi, gazeta yoki jurnal bo‘ladimi – bularning oldida eng katta muammo bitta: aytilayotgan so‘zga xaridor bor-yo‘qligi» [Do‘stmuhammad X.N. Axborot – mo‘jiza, joziba, falsafa. –T.: Yangi asr avlodi, 2013. – 320 b. B. 78.]. O‘zbek tadqiqotchisining yozishicha, «Zo‘raki targ‘ibotlar, hatto majburiy obuna qilish usullari ham endilikda ish bermaydi». Shu ma’noda O‘zbekistonning ijobiy imijini yuksaltirishga qaratilgan targ‘ibot jarayonini ham bozor qonuniyatlariga e’tiborsizlik bilan amalga oshirish mumkin emas. Biz agar ob’ektiv va balanslangan va eng muhimi xorijiy o‘quvchining talabiga mos axborot tayyorlashni, uni o‘z vaqtida uzatishni o‘rgansakkina, bizning «mahsulotlarimiz» jahon media bozorida raqobatbardoshlikka erisha oladi, deb aytish mumkin.
OAV funksiyalari orqali Yangi O‘zbekiston imiji yaratilishining kognitiv jihati (AQSh, Buyuk Britaniya va Rossiya media kontentlari asosida)
№ | OAVning ijtimoiy funksiyalari | Imij shakllanishiga qo‘shiladigan hissasi | Ta’sirchanlik
ko‘lami |
1. | Muhim voqea-hodisalar haqida o‘z vaqtida, tezkor axborot yetkazish, ularni sifatli tasvirlash | Eksklyuziv va tezkor xabarlar orqali voqea haqida ma’lum qiladi, tasvirlab beradi, ogoh etadi | Media content orqali auditoriyaning diqqat-e’tiborini qaratadi |
2. |
Mavjud voqea-hodisalarni har tomonlama batafsil chuqur o‘rganish va tahlil etib berish | Ayni paytdagi voqea-hodisaning kelib chiqishi sababini o‘rganadi, ko‘rsatadi va voqealarning keyingi rivojlanishi bo‘yicha prognoz beradi | Resipientlar, ya’ni axborot qabul qiluvchilarining ma’lum bir hudud, mamlakat haqidagi tahliliy ma’lumotlari bazasi shakllantiriladi, rivojlantiradi
|
3. |
O’zi uzatgan sifatli, tezkor, tahliliy axborot yordamida auditoriya ongostiga kognitiv ta’sir etadi | Hudud auditoriyasining ma’lum bir chet mamlakatga nisbatan ma’lumoti, bilimi, o‘y-fikri, munosabati, dunyo qarashimustahkamlanadi
|
Asosiy axborot resipientlari uchun (xorijlik investor, turist, talaba va boshqalar) hududga nisbatan keyingi harakatlarni o‘zgartirishga yoki tegishli qaror qabul qilishga asos yaratadi, uni boshqaradi |
Hozirgi media makondagi davlat qiyofasining kognitivlik xususiyatlari haqida gapirilar ekan, jamiyat a’zolaridagi har qanday ijtimoiy-psixologik kayfiyat, unga ta’sirning ahamiyatini chetlab o‘tish mumkin emas, deb o‘ylaymiz. Ayni asosda, fikrimizcha:
– media makondagi ijobiy psixologik fon yordamida chet elliklarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish rejalarini ishlab chiqish, uni kerakli vaziyatga moslashtirish yaxshi natija beradi. Ayni ma’noda jamiyatida qo‘lga kiritilayotgan olamshumul yutuqlar haqidagi sara, dolzarb, muhim va batafsil ma’lumot beruvchi kontentlarni tanlab olish, ularni massmedia orqali doimiy uzatib borish kerak, bu borada tizim ishlashi lozim;
– hozirgi jurnalizmning hosilasi bo‘lgan mediaobraz nazariy jihatdan imijmeykingning mediaimij kabi tushunchasiga aynan mos tarzda yuzaga keladi, ko’zga tushadi, davom etadi. Mazkur jarayonda ayniqsa lingvokognitiv modellashtirish metodikasidan foydalanish biz kutgan samarani berishi ehtimoli juda katta;
– aslini olib qaraganda nafaqat biron bir kontinent, mintaqa, davlat, balki viloyat, chekka hudud, tuman, qishloq kesimida ham imijni modellashtirish jarayonini yangi, chuqurlashgan aspektlarda alohida va batafsil tadqiq qilish kerak bo’ladi.
Xulosa.
Usbu maqola doirasida atroflicha ko’rib chiqilgan, batafsil tahlil qilingan mediaobraz hamda mamlakat imijining kognitivlik xususiyatlari resipientlardagi, ya’ni auditoriyadagi ijtimoiy-psixologik, qolaversa ruhiy holat, kayfiyat hamda bevosita ta’sirning ahamiyati juda keng va muhim ekanligini isbotladi. Ayni fikrga qat’iy tayangan holda:
– massmedia yordamida yaratiladigan har qanday ijobiy psixologik fon yordamida chet elliklarning Yangi O‘zbekistonga bo‘lgan avvalo qiziqishini, qolaversa ishonchini yanada oshirish maqsadida jamiyatda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar haqidagi muhim, olamshumul ma’lumotlar beruvchi sifatli media kontentlarni yaratish, tanlab olish va ularni turli OAV va OKV orqali tizimli tarzda uzatish lozim;
– hozirgi jurnalizmning tom ma’nodagi hosilasi, mevasi bo‘lgan mediaobraz nazariy jihatdan imijmeykingning mediaimij kabi tushunchasiga aynan mos tarzda yuzaga kelishini tan olish, bunda lingvokognitiv modellashtirish usulidan samarali foydalanish kutilgan samarani beradi;
– nafaqat biron bir kontinent, mintaqa, davlat, balki viloyat, chekka hudud, tuman, qishloq kesimida ham imijni modellashtirish jarayonini yangi, chuqurlashgan aspektlarda alohida va batafsil tadqiq qilish kerak;
– AQSh, Buyuk Britaniya va Rossiya OAVda Yangi O‘zbekiston mavzusining yoritilishidagi o‘xshashlik hamda xilma-xillik o‘rtasidagi ba’zan uchraydigan tafovutga bundan keyin chek qo’yish bo‘yicha tegishli konstruktiv reja ishlab chiqish;
– istalgan mamlakat mediaimiji mezonlari, asoslari qatorida turizm, xususan, xalqaro turizim sohasi alohida o‘rin tutishiga e’tibor qaratish lozim;
– respublikaning xalqaro mediamakondagi obro‘si avvalo uning ichki axborot maydonidagi imijining uzviy, ajralmas qismi ekanligiga tayanilsa, ichki milliy jurnalizmning yetakchi namoyondalari, shuningdek milliy ekspertlar mediada ko‘tarib chiqayotgan salmoqli fikr-mulohazalari yaxlit intellektual salohiyat sifatida milliat, mamlakat imijini shakllantirishning muhim omiliga aylanishi, zamonaviy o‘zbek jurnalistikasi jahon axborot makoni arxitektonikasining haqli a’zo sifatida jahonning yetakchi matbuotida qabul qilingan zamonaviy qoida, shakl hamda formatlarga uyg‘unlashuvi zarur;
– media makondagi turli stereotiplar, ya’ni Yangi O‘zbekiston obrazi bilan bog‘liq barqaror (konstanta), o‘zgarmaydigan, soddalashtirilgan, aniq, turfa, sxematik tushunchalar amaliyotda salbiy yoki ijobiy bo‘lishini inobatga olish zarur. Shuningdek, imijni yuksaltirishda ijobiy stereotiplardan samarali foydalanish hamda ushbu freymlar nazariy jihatdan modellashtirilayotgan ob’ekt – Yangi O‘zbekiston haqidagi tasavvurlar hamda bilimlarni tartibga solish.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Abaturov, Naumova // Ekonomicheskoe obozrenie. 2003, №6, 37.
- Arslonov Z. Kognitiv tilshunoslik haqida qisqacha. Elektron resurs: http://arslonov.blogspot.com/2012/01/blog-post_12.html.
- Gavra D. Kategoriya imidja v sovremennoy kommunikavistike. Elektronniy resurs: http://www.jourssa.ru/sites/all/files/volumes /2013_4/Gavra_2013_4.pdf.
- Demidov A.I., Fedoseev A.A. Osnovi politologii. Moskva, “Visshaya shkola”, 1995, 229-str.
- Do’stmuhammad X.N. Axborot – mo»jiza, joziba, falsafa. –T.:Yangi asr avlodi, 2013. – 320 b. B. 78.
- Muitov D. Geosiyosat va jurnalistika. –T.:, TURON-IQBOL, 2014. –B.11.
- Meliqulov M. // O’zbekiston adabiyoti va san’ati. 2006 yil, 1 dekabr’
- Safarov Sh. Pragmalingvistika. Monografiya.Toshkent. 2008 yil, 318 bet. Elektron resurs: http://n.ziyouz.com/books/kollej_va_otm_darsliklari/ona-ili_va_adabiyot/Pragmalingvistika%20(Sh.Safarov).pdf.
- Tlepbergenova A. Stranovoy imidj: uchebnoe posobie dlya studentov bakalavriata universitetov, obuchayushixsya po spetsial’nostyam «Jurnalistika», «Svyaz’ s obshestvennost’yu». – Almati: Qazaq universitetі, 2011. – S 13.
- 10. Shatil E. Does combined cognitive training and physical activity training enhance cognitive abilities more than either alone? A four-condition randomized controlled trial among healthy older adults. Electronic resource: https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/23531885/.
- Сognitiv Electronic resource: https://dictionary.cambridge.org/dictionary/english/cognitive.
- Panarin I. SMI, propaganda i informatsionnie voyni. Elektronniy resurs: https://textbooks.studio/uchebnik-teoriya-politiki/osnovnyie-funktsii-smi17974.html.
- Taranov V. Tradicionnye i novye media v regional’nom imidzhmejkinge v informacionnom setevom obshchestve. Elektronniy resurs: http://izvestia.asu.ru/2010/4-1/pols/TheNewsOfASU-2010-4-1-pols-06.pdf.
- Glushkova. O.Zaytseva. Mediaobraz kak instrument sozdaniya territorial’nogo imidja: kognitivniy aspekt. Elektronniy resurs: https://cyberleninka.ru/article/n/mediaobraz-kak-instrument-sozdaniya-territorialnogo-imidzha-kognitivnyy-aspekt.
- V Peterburge uchredili vsemirnoe obshestvo po soxraneniyu kul’turnogo naslediya Uzbekistana. Elektronniy resurs: http://tass.ru/obschestvo/5277084.
- Uzbekistan priotkrivaet dver’ inostrannim investoram. Elektronniy resurs: https://ru.reuters.com/article/businessNews/idRUKBN1DR1AN-ORUBS.
- Uzbekistan uprostil protsess polucheniya vizi. Elektronniy resurs: https://ria.ru/world/20180802/1525789408.html.
- Shkondin M. V. Izvestiya Irkutskoy gosudarstvennoy ekonomicheskoy akademii [The Functional integrity of media system] 2014, 2nd vol. Электронный ресурс: http://cyberleninka.ru/article/n/funktsionalnaya-tselostnost-mediasistemy.
- 52 places to go in 2019. Electronic resource: https://www.nytimes.com/interactive/2019/travel/places-to-visit.html?rref=collection%2Fcolumn%2Fthe-52-places-traveler&action=click&contentCollection=travel%C2%AEion=rank&module=package&version=highlights&contentPlacement=4&pgtype=collection.
- Qobil R. Uzbekistan: Land of a thousand shrines. Electronic resource: https://www.bbc.co.uk/news/world-asia-44685414.
- Lilia Burunciuc, Wolfgang Fengler, Wiebke Schloemer, and Daria Taglioni. How Uzbekistan is transforming into an open economy. Electronic resource: https://www.brookings.edu/blog/future-development/2018/12/20/how-uzbekistan-is-transforming-into-an-open-economy/?fbclid=IwAR044AmtU30EqvWhHFg-zw5LrxLTOgNcyDHbME0y81f5raIEqzQXYmK85n0.
Alimov Beruniy Sultonovich
Filologiya fanlari doktori, DSc
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Toshkent, O‘zbekiston
Manba: Ilm sarchashmalari, 2024. 3-son, 106-113-betlar