Odam 20 yoshida topgan do’stlari o’rnini hech kim bosolmaydi.

Hafa bo’lmang. Odam 20 yoshida topgan do’stlari o’rnini hech kim bosolmaydi.
U paytda Nikolas Megoran doktaranturada, o’zbek-qirg’iz chegarasi mavzusini o’rganayotgan edi. Kamina esa Londondagi elchixonamizda Press-Attache sifatida xizmat qilardim.
Qizig’i soatlab davom etadigan suhbatlarimizda u menga tinmasdan o’zbekcha gapirishga harakat qilardi. Tabiiyki men unga ingliz tilida bir narsalar derdim.
Bir piyola choy yoki bir pinto pivo ustidagi gurunglarimiz qamrovi chegara bilmasdi. Geografiyadan tortib turli madaniyatlargacha, milliy jurnalistikadan tortib katta siyosatgacha qamrashga urinardik.
Eng esda qolgani – Nickning Shimoliy Yorkshirdagi jonajon qishlog’ida bir hafta mehmon bo’lganim.
Hamqishloqlari menga bir ko’rishda yoqib qolgandi.
Sof Angliya tabiati…
Bepayon yam-yashi yaylovlar, pastqam, osuda tog’lar orasida o’sgan odamlar emasmi, bag’ri nihoyatda keng, tanti va samimiy insonlar jamoasiga tushib qolganman.
Bundan ikki yuz oldin ajdodlari qurgan uyida Nikning ota-onasi, ukasi va rahmatli buvisi bilan yaqindan tanishdik.
Orada u o’z karyerasini qildi. Oilali bo’ldi. 2 nafar farzandi hozir o’qishni tugatay deyapti. Muhimi, farzandlarining endi mevaga kiradigan payti.
Nickning o’zi bir necha yildan beri New Castle universitetining professori. Toshkentga mehmon ma’ruzachi sifatida qisqa vaqtga kelibdi.
Har ikkalamizning ham grafiklarimiz tig’iz bo’lsa-da, yarim soat vaqt topib ko’rishishga ulgirdik.
Bahonada do’stligimizning 29 yilligini nishonladik.
17/11/2025