Axborot bozorida tekintamoq bo’lmang

Esda tuting, agar siz o’qiyotgan axborotingiz uchun bir chaqa miqdorida bo’lsa-da pul to’lasangiz – u siz uchun haqiqatan ham tovar hisoblanadi.
Aksincha, agar siz axborotni bepul olayotgan bo’lsangiz, bilingki, siz ana shu axborotni sizga yetkazayotganlar uchun tovarsiz.
Boz ustiga hozirgi media to’qayzorda sizning e’tiboringiz kimlar uchundir oltindan ham qimmatroq o’lja hisoblanadi.
Ayni sababdan ham nima o’qishni, qanday axborot iste’mol qilishni uzatuvchi emas, siz o’zingiz hal qiling.
Xuddi ko’chadagi bepul ovqat qorinni og’ritganidek, Internetdan tekinga iste’mol qilinayotgan media mahsulot ham bir kunmas bir kun teshib chiqishi mumkin.
Bilasiz, media mahsulot keng tushuncha. Kun davomida nimaiki o’qisak, tinglasak, ko’rsak – hammasi shunga kiradi.
Mashinangizdagi radio, devordagi chang bosgan yapaloq televizor va hatto telefoningizga tinmay kelayotgan xabarlar ham media mahsulotga kiradi. Otangizdan qolgan eski kitoblar, gazeta-jurnalar ham shular jumlasidan.
Ishonchli axborot manbasiga ramziy ma’noda bir chaqa bo’lsa-da obuna puli uzatishdan qochmaganingiz ma’qul. Agar hech narsa to’lamagan taqdiringizda ham loaqal axborotni qaysi resursdan olayotganingizni bir o’ylab ko’ring.
Aytmoqchi, yaponlar bekorga NHK telekanali uchun oyiga obuna puli to’lamaydi. Sababi, na davlat, na biznes unga o’z hukmini o’tkaza oladi. Haqiqiy jamoatchilik telekanali ularda.
“Axir biz ro’zg’orni zo’rg’a tebratayapmiz. Endi o’qiydigan, ko’radigan, eshitadigan narsalarimizga ham pul to’laylikmi?”, deb savol berishga shoshilmang.
Agar turli propagandadan xoli, sof yangilik bilan tanishaman desangiz, media mahsulot, sifatli kontent uchun to’lov qilishdan uyalmang. Shunda siz “aldanganlar” qatoridan “aldanmaganlar” qatoriga o’tasiz. Qadringizni biroz bo’lsa-da seza boshlaysiz.
Hech bo’lmaganda hali Oskar olib ulgurmagan yangi kino asarlarni birinchilardan bo’lib ko’rish imkoniyatini qo’lga kiritasiz.
Yangiliklar dasturlarini turli muqobil resurslardan olib, ularni o’zaro chog’ishtirib, bemalol xulosa qilasiz.
Hammaga o’xshamang.
“Odamlar Internetdan bepul axborot olishga o’tib ketdi-ku, nima qilaman media resurslarga obuna bo’lib” demang.
Bilasizmi, dunyoda ayrim mashhur restoranlar eksklyuzivlikni saqlash uchun faqat kirishning o’ziga odamlardan 80-100$ oladi. Ovqat hali uyoqda tursin.
Axborot tekin ekan deb, tarqatuvchining tovariga, o’ljasiga aylanib qolmang.
Hechsa imkoniyatdan kelib chiqib Netflix yoki AllPlay kabi xizmatlardan bir foydalanib ko’ring. Ekslyuzivlikni his eting.
Axborot bozorida tekintamoq bo’lmang.
B.A.
13.03.24.