Nima uchun tahlil markazlari OAV kun tartibiga ta’sir ko‘rsatishi kerak?

Bunday tashkilotlar qaror qabul qiladigan shaxslarni axborot bilan taʼminlashga o’z hissasini qo‘shmoqda

So‘nggi yillarda tahlil markazlarining mamlakat ichki taraqqiyotidagi mexanizmlari barqaror ishlashidagi ahamiyati jiddi tarzda ortdi.  Bu institutlar siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, xavfsizlik, barqarorlik va atrof-muhit masalalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda muhim rol o‘ynamoqda, bu to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga asos bo‘lib xizmat qiladi.  

Bir qarasang, borday, bir qarasang – yo‘q

Tahlil markazlarining qaror qabul qiluvchi shaxslar, OAV va keng jamoatchilikni o‘z vaqtida axborot bilan ta’minlashdagi potensiali katta ekani e’tirof etilayotgan bo‘lsa-da, ushbu sektorlar o‘rtasidagi muloqotda jiddiy kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

2023-yil avgustida O‘zbekistonda bilimlarni uzatish madaniyati bor-yo‘qligini aniqlash va o‘rganish, shuningdek,  Osiyo taraqqiyot banki loyihasi doirasida mavjud kommunikatsiya yondashuvlarini tahlilga tortish maqsadida so‘rov o‘tkazildi. Tadbirda mamlakatning 3 ta shahrida – Toshkent, Samarqand va Nukus – joylashgan 13 ta davlat (78 foiz), nodavlat (11 foiz) va xususiy (11 foiz) tahlil markazi ishtirok etdi.

Tadqiqot jarayonida OAVning zikr etilgan masalaga munosabati ham o‘rganildi, chunki kommunikatsiya – ikki tomonlama harakat jarayoni. Jami 10 ta nodavlat va onlayn nashr qamrab olindi.

So‘rov natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, tahlil markazlari qaror qabul qiluvchi shaxslar, OAV vakillari va jamoatchilikni xabardor qilish ishiga hissa qo‘shmoqda. Tadqiqotda ishtirok etgan har bir tahlil markazining ushbu sohada takrorlanmas tajriba va ko‘nikmasi bor.

Ayni paytda tahlil mazlari aksariyatining (89 foiz) o‘z rasmiy sayti bor va ular ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishga intilmoqda. Yarmidan ko‘prog‘ining Telegram kanali mavjud. Juda kam qismi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasiga ega. Ayrim tahlil markazlari  jurnal, xabarnoma, byulleten va hisobotlar chop qilmoqda An’anaga ko‘ra, ushbu format muloqotning eng muhim shakli hisoblanadi.

Biroq ekspertlar bilan yuzma-yuz intervyular, matbuot konferensiyalarini tashkil etish va OAV uchun maxsus materiallar tayyorlashga juda kam e’tibor qaratiladi.

«Xo‘p, sizga qo‘ng‘iroq qilamiz»

Garchi jurnalistlar tahlil markazlariga doimiy tarzda murojaat qilayotgan bo‘lsa-da, ularga vaqtida javob berilmaydi, ayrim hollarda esa javoblar OAVga umuman yetib bormasligi ham mumkin. Bu zamonaviy kommunikatsiya qoidalariga ziddir.

Turli hisobotlar va davriy axborot byulletenlari axborot tarqatishning eng muhim usuli hisoblansa-da, tahlil markazlarining faqat 10 foizi ularni saytlariga ochiq joylashtiradi, xolos.

Bu qaror qabul qiluvchi shaxslar, OAV va jamoatchilikning qaysidir muhim mavzu bo‘yicha yangi tahliliy materiallardan foydalanish imkoniyatini cheklaydi.

Jurnalistlarga kim kerak o‘zi?

So‘rovda ishtirok etgan OAV jurnalistlari tahliliy materiallar tayyorlashda tegishli sohalar ekspertlarini izlab topishda muammolarga duch kelayotganini qayd etdi.

Aksariyat jurnalistlar ekspertlarni shaxsiy aloqalari orqali topayotganini aytadi. Ular fikricha, o‘zini qiziqtirayotgan mavzuga ixtisoslashgan tahlilchilarni internetdan ham, tahlil markazlarining rasmiy vebsaytlaridan ham topib bo‘lmaydi.

Tahlil markazlari vakillari tan olishicha, odatda intervyu berish huquqi ularning rahbariga, kamdan-kam hollarda esa o‘rinbosarlariga tegishli. Biroq tadqiqotchilar va ilmiy ishlanmalar mualliflari «institutional» sabablarga ko‘ra OAV bilan muloqot qilishga ro‘yixushlik bermaydi.

Na tahlil markazlarining boshqa mas’ul shaxslari, na ularning axborot xizmatlari vakillari ushbu jarayonda faol qatnashishni istaydi.

OAVni nima qiziqtiradi

OAV ishtirokida o‘tkazilgan so‘rov natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, ekspertlar bilan shaxsiy munozaralar va tahliliy maqolalar – foydalanuvchilar qiziqish bilan o‘qiydigan media janrlardir.

OAV murojaatlariga javob berish vaqti qonunchilikda o‘rnatilgan muddatlarga mos kelmaydi – bunga qonunchilikda belgilab qo‘yilgan 7 ish kuni o‘rniga 15 kun ketadi.

OAV murojaatlari bo‘yicha alohida tadqiqotlar o‘tkazilmaydi hisob.

Yolg‘on axborot tarqatilishi sabablari

Asoslangan tahliliy materiallar yo‘qligi milliy axborot makonida mish-mish, shov-shuv va soxta xabarlar urchib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Bu, o‘z navbatida, o‘zini tahlilchi hisoblaydigan, aslida esa odamlar miyasini soxta axborot bilan to‘ldiradigan savodsiz ekspertlar – populistlar paydo bo‘lishiga olib keladi.

Biroq «axborot kapitali» atamasini oladigan bo‘lsak, har bir professional tahlil markazi o‘z sohasida noyob tajriba va bilimlar bazasiga ega tashkilot ekani ayonlashadi. O‘quvchilarning ushbu bilimlar bazasiga qiziqishlarini yaratish va boshqarish hamda buni bir darajada ushlab turish ushbu kapital o‘ta muhim ekanini ko‘rsatadi.

Muhimlik darajasi va jozibadorligi bilan o‘lchanadigan axborot kapitalini boshqara olmaslik aksariyat hollarda feyk va soxta xabarlar tarqalishi uchun zamin hozirlaydi. Yolg‘on xabar tarqatishning ko‘payishi axborot yetishmovchiligi bilan ham bog‘liq.

Agar tahlil markazlariga o‘zgarishlarga turtki beruvchi tashkilotlar sifatida qaralsa, hech kim mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlarni ulardan ortiq tushuntirib bera olmaydi. Shuning uchun yangi qonunlar borasidagi tushunmovchiliklar ortib bormoqda. Shuningdek, ijobiy o‘zgarishlarga nisbatan shubha va davlat idoralariga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘lishi mumkin.

OTB xalqaro OAV va kommunikatsiyalar bo‘yicha eksperti, filologiya fanlari doktori
Manba:
https://uz.kursiv.media/uz/opinions/nima-uchun-tahlil-markazlari-oav-kun-tartibiga-tasir-korsatishi-zarur/