Mamlakatimizdagi yetakchi nashrlardan biri – “Pravda Vostoka” Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida izchillik bilan amalga oshirilayotgan va yuksak samaralar berayotgan islohatlarning faol targ‘ibotchisi, xalqaro media maydonida esa O‘zbekistonimizning manfaatlarini munosib himoya qilib kelayotgan nufuzli gazetalarimizdan.
Buni, ayniqsa, boy milliy madaniyatimiz, san’atimiz va tariximizga, yurtimizda millatlararo ahillik, do‘stlik, mamlakatimizda qaror topgan tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlashga oid keng qamrovli, chuqur tahliliy va o‘qishli materiallar muntazam chop etib kelinayotganidan ham bilsa bo‘ladi. Matbuot sohasiga ko‘p yillardan buyon samarali mehnati singgan, tajribali va fidoyi jurnalistlarning ijodida bu yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanadi.
Irina Ribar yozgan maqolalar va tayyorlagan suhbatlarni gazetxonlar nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham katta qiziqish bilan o‘qiydilar. Uning gazetadagi har bir salmoqli chiqishi gazetxonlarda qizg‘in fikr uyg‘otib, bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Tahririyat ko‘plab xatlar oladi.
Biz ushbu maqolani tayyorlash jarayonida muallif qalamiga mansub ayrim materiallar bilan yana bir bor tanishdik. Jumladan, taniqli adabiyotshunos, yozuvchi va tarjimon Ibrohim G‘afurov bilan suhbatda o‘zbek milliy mumtoz adabiyoti, badiiy tarjima, ona tilimizning boyligi va o‘ziga xosligi to‘g‘risida atroflicha fikr yuritilgan.
“Qalb va idrok ko‘zi” sarlavhali mazkur suhbatda, jumladan, shunday satrlarni o‘qish mumkin: “O‘zbek tilining boyligi – so‘z birikmalari, majmualari, iboralari, juft so‘zlar va semantikasi turliligida. U doimo harakatda, rivojlanib, yangilanib bormoqda. Zamonaviy adabiy va so‘zlashuv tiliga fikr va mulohazalarning eng nozik tomonlarini yetkazib berish imkoniga ega, barcha ilm fan sohalarida qo‘llanib kelmoqda. Asosiysi, u muttasil va jo‘shqin rivojlanib, boyib bormoqda”.
Irina Ribar o‘zining o‘tgan yili chop etilgan boshqa bir suhbatida — O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam bilan kitob mutolaasi haqida gurunglashgan. Adibning fikricha, O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi mamlakatimizda kitobga bo‘lgan hurmat va e’tiborni kuchaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
“Qachonlardir biz jahondagi eng ko‘p o‘qiydigan xalqlardan biri edik, — deydi adib. — Kitob yagona yupanch edi. Kitobni, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin — makulaturaga almashtirib, so‘rab-surishtirib, safarlardan qaytishda qo‘lga kiritishga urinardik.
Bozor munosabatlarining kirib kelishi bilan kitobsiz ham yashash mumkinligi haqidagi fikr, turmush tarzi shakllanib qoldi. Moddiyat ma’naviy ehtiyojlardan ustun keldi. Bularning bari bizni ortga siljitdi. Shu sababli ham, Prezidentimizning farmoyishi — bu kitobga bo‘lgan hurmatni qaytarish yo‘lidagi eng muhim qadamlardandir.
Kitobxonlarning yangi avlodini tarbiyalash uchun oilaviy kitob o‘qish an’analarini va ommaviy axborot vositalarida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan siyosatni shakllantirishga e’tiborni kuchaytirmoq zarur. Haqiqiy adabiyot qaerda-yu, omma adabiyoti qayda — tushuntirib, ko‘rsatib berish kerak.
Bu — mening fikrim, chunki men kitob yozaman. Davlatimiz rahbarining farmoyishini men o‘z ko‘chamdagi bayramdek qabul qilaman”.
O‘zbek madaniyati va san’atining tolmas targ‘ibotchisi Irina Ribar muallifligida so‘nggi o‘n yil mobaynida suhbatlari chop etilgan taniqli madaniyat, san’at, fan, ta’lim va sport sohasi arboblarining ro‘yxati uzun. Yuzdan oshadi. Mana ularning ayrimlari: O‘zbekiston xalq artistlari Bahodir Yo‘ldoshev, To‘ti Yusupova, Muyassar Razzoqova, Galina Melnikova, Munojat Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston xalq rassomlari Akmal Nur, Bahodir Jalolov, Lekim Ibragimov, afsonaviy gimnastikachi, Olimpiada va jahon chempionatlarining bir necha bor g‘olibasi, buxorolik Oksana Chusovitina, mashhur fazogir Vladimir Jonibekov, O‘zbekiston xalq shoirlari Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo, Muhammad Ali, akademiklar Edvard Rtveladze, Akbar Hakimov, folklorshunos olimlar Mamatqul Jo‘raev, Shomirza Turdimov, san’atshunoslar Otanazar Matyoqubov, Xolida Komilova…
“Pravda Vostoka” gazetasi tahririyatining mahorat maktabida har doim ish qizg‘in. Bu xalqimizning ming yillik tarixga ega ustoz-shogird an’analari juda yaxshi yo‘lga qo‘yilganidan. Yosh qalamkashlar — bo‘lg‘usi jurnalistlar orasida, litsey va kollej o‘quvchilaridan, universitet talabalarigacha bor. Yuksak darajadagi ta’lim-tarbiyani ko‘rgani bilan, bevosita ustoz saboqlarini olmas ekan, yosh mutaxassisning haqiqiy kasb egasi bo‘lishi qiyin. Sir emas, o‘arb mamlakatlarida endi joriy etilayotgan bir shogirdga — bir ustoz, ya’ni mentoring uslubi bizda qadimdan mashhur.
Jurnalistikaning qattiq nonini aynan gazetada tatib ko‘rgan polopon muxbir dastlab oyog‘ida mustahkam turishini, keyin ijod osmonida baland parvozlar eta olishini hayot ko‘p tasdiqlagan.
Muhammad Qarshiboev, Aziza Islomova, Yevgeniya Yun, Sabina Alimova kabi qalamkashlarning tahririyatga kelganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ularning ko‘pchiligi aslida hali universitet talabalari. Ammo ilk tashlagan qadamlariyu, bugungi ijodini kuzatgan kishi mamlakatimizda jurnalistlarning yangi avlodi shakllanib kelayotganligini ko‘rib, xursand bo‘ladi.
Muhammadning asl kasbi – axborot texnologiyalari bo‘yicha muhandis. Jurnalistikaga bo‘lgan cho‘ng mehri sabab bir muddat O‘zAda ishlagan. Ammo, “Pravda Vostoka”ga kelib, “o‘zini topdi”. Bugun iqtisodiyot mavzuida ishonchli qalam tebratayotgan, mavjud muammolarni dadil ko‘tarib chiqayotgan va o‘zi mehr qo‘ygan sohadagi yangiliklarni chuqur tahlil qilayotgan faol jurnalist sifatida ancha tanilib qoldi.
Uning 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga bag‘ishlangan “Katta g‘ayrat va shijoat bilan” mavzuidagi salmoqli sharhi, mamlakatimizda axborot texnologiyalarini rivojlantirish va sohadagi muammolar xususidagi “Raqamli o‘zgarishlar davri”, xalqimiz so‘nggi ikki yilda taraqqiyot sari tashlayotgan dadil qadamlarning tahlili haqida so‘z yuritilgan “Yuksak maqsadlar sari” maqolalari nafaqat gazetxonlar, balki iqtisodchi olimlar va mutaxassislarda, xalqaro ekspertlarda ham katta qiziqish o‘yg‘otdi.
Aziza Islomova bir maqolasida O‘zbekistonda innovatsion g‘oyalar ustida izchillik bilan olib borilayotgan ishlar mavzuini muvaffaqiyatli yoritib beradi. Bu borada intelektual mulkning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratar ekan, tegishli ekspertlarning fikr-mulohazalariga tayanadiki, ayni uslub materialning o‘qishli va ishonchli chiqishiga xizmat qilgan.
Yosh muxbirning yana boshqa bir materiali odamlar salomatligi borasidagi dolzarb mavzuda. Xususan, u yoshlar o‘rtasida tamaki chekuvchilarining kamaymayotganidan tashvish chekib yozadi. Bunday insonlar nafaqat o‘z sog‘ligiga, balki atrof-muhitga ham salbiy ta’sir o‘tkazayotganligini mutaxassis so‘zlari yordamida keng ochib beradi. Kulfatning oldini olish borasida dadil takliflarini ilgari suradi.
Yevgeniya Yun universtetning endi 4-bosqichiga o‘tdi. Biroq shu paytgacha ijodkor sifatida turli mazularda o‘zini sinab ko‘rdi va gazetxonlar e’tiboriga tushdi.
Yevgeniya o‘zining kichik bir sharhida respublikamizdagi maktab o‘quvchilarining hayoti, yozgi ta’tili uchun yaratilgan shart-sharoitlar masalasini olib chiqqan bo‘lsa, boshqasida yanada yirikroq mavzu – innovatsiyalarni mamlakatimiz iqtisodiyotiga yo‘naltirish haqida dadil fikrlarni yozadi.
Bu kabi jurnalistik materiallar mamlakatimizning media makondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bunda “Pravda Vostoka”ning nafaqat “qog‘oz varianti”, balki o‘tgan yilning kuzida ishga tushirilgan va jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan “pv.uz” on-layn sayti imoniyatlaridan ham foydalanilayotganini ta’kidlamoq zarur. E’tiborli yana bir jihati shundaki, “Pravda Vostoka”ning tom ma’nodagi baynalminal va ahil jamoasi mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib gazetaning elektron variantini ikki — o‘zbek va rus tillarida yo‘lga qo‘ydi.
Bir so‘z bilan aytganda, tahririyatda yoshlar bilan ishlashdan, ularga kasbimizning sirlarini o‘rgatishdan charchamaydigan, o‘zining ko‘p yillik tajribasini endigina shakllanib kelayotgan ijodkorlar bilan baham ko‘rishdan erinmaydigan Temur Nizayev, Botir Temirov, Ramil Islomov, Nafisa Abduxoliqova, Yulianna Moroz kabi taniqli jurnalistlar borligi gazetaning zamon bilan hamnafas qadam tashlashiga va kelajakka katta ishonch bilan qarashiga xizmat qilayotir.
Ana shunday ezgu ishlarga qariyb o‘n besh yil mobaynida rahbarlik qilib kelgan “Pravda Vostoka”ning bosh muharriri, matbuot ishining mohir tashkilotchisi Abbosxon Usmonovning mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev farmoniga binoan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanishi tahririyatda amalga oshirilgan samarali ishlarning davlatimiz tomonidan yuksak e’tirofning amaldagi ifodasidir.
«Hurriyat» gazetasi, 25 iyul 2018 yil
Beruniy ALIMOV,
filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori, PhD.