“…Ustoz, jurnalni Qodir o‘qimasin, doim kir qilib keladi”, “Ustoz, Laziz uch kundan beri gazetani uyidan olib kelmaydi, sinfdan tashqari o‘qish bergandingiz”. Bu gaplar ayni davr maktab o‘quvchilariga ertakdek tuyulsa kerak. Aslida esa 9–10 yil oldin shunaqa edi. Ammo keyin Laziz gazetani uyidan qaytarib olib kelmadimi, bilmadim, shu-shu odamlar gazeta o‘qimay ketdi…
Kechagidek yodimda, “Tez oqish mashqi” jurnallarning qaysi sonidan tusharkan, deb qiziqib, ularning biror sonini o‘tkazib yubormas edik. “Falon maktab o‘quvchisi chizgan surat” degan ijod namunalarini ko‘rib yetti yot notanish tengdoshlarimga havas (yashirmayman, hasad qilgan vaqtlarim ham bo‘lgan) qilardim. Chunki men ham rasm chizishni yoqtirardim. “Chizgan suratlarimni har safar ustoz maqtaydi, balki bergandir jurnalga”, deb umid qilardim. Qofiya nimaligini anglamay, she’rlar yozib ko‘rardim… Qiziq, bugun maktab o‘quvchilari gazeta-jurnalsiz nimaga intilib, kimlarga havas qilib ulg‘ayishayotgan ekan-a?…
O‘zbekistonda 2018-yilga kelib ijtimoiy soha xodimlari, shifokorlar va o‘qituvchilarning gazeta va jurnallarga majburan obuna bo‘lishlariga chek qo‘yildi. Maqsad gazeta-jurnallardan voz kechish edimi, yoki aholi birovning topshirig‘isiz, majburlovisiz ham endi nima ziyon-u nima foyda ekanligini yaxshi biladi; matbuotdan uzilib qolmaydi, degan o‘y edimi? Biroq ayni shu sababli o‘z ustida ishlamay, dala yoki uy ishlaridan qo‘shimcha tayyorgarliksiz to‘gri maktabga keladigan o‘qituvchi-yu, o‘zi haqidagi tanqid yoki yuborilgan murojaatni birovdan eshitmaguncha yillab bilmay yuradigan, buning ustiga to‘g‘ri yozishni ham uddalay olmaydigan chalasavod rahbarlar ko‘payib ketdi.
Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, jahondagi yirik nashrlarning hisob-kitobi bo‘yicha AQSH va Kanadada 10 kishidan 6 tasi kundalik gazetalarni, 7 nafari haftalik gazetalarni o‘qir ekan. Xo‘sh
bizda-chi?
Hozirgi mavjud vaziyat, gazeta-jurnallarga yurtimiz va xorijiy mamlakatlardagi munosabat, gazeta-jurnallarning hayotimizdagi o‘rni haqida bir necha soha vakillaridan intervyu oldik.
Beruniy Alimov, filologiya fanlari doktori, Yangi mediata’lim markazi direktori:
– Gazeta-jurnal, haqiqatan ham, bugungi kunning aktual mavzusi. Birgina yurtimizda emas, xorijiy mamlakatlarda ham matbuotdan biroz bo‘lsa-da uzoqlashish kuzatilmoqda.
Biroq vaziyat O‘zbekistondagidek yomon emas. Masalan, Xitoydagi mahalliy gazetalardan birining bosh muharririga “50 yildan keyin ham Xitoyda gazeta bo‘ladimi?”, deb savol berganimda u: “Kechirasiz, – dedi, – Xitoyda 100 yildan keyin ham gazeta bo‘ladi”. Tan berdim, demak, Xitoyda gazetaning kelajagi bor, bordirki, Xitoy aholisining gazetaga talabi hamon yuqoridirki, bosh muharriri bir asrdan keyingi davrni ham dadil taxmin qila olyapti, ko‘ra olyapti. Xuddi shu savolni Amerikaning Texas universiteti professoriga berganimda esa u aytdiki: “Real qarasak, faqat yirik nashrlar saqlanib qolsa kerak. Masalan, “New York Times”, “Wall Street journal” va hokazo. Ammo kichik gazetalar iqtisodiy inqiroz sababli yopilsa kerak”. 30 yil oldin o‘zim o‘qigan Hindiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga bordim. Ne ko‘z bilan qarayki, universitet kutubxonasida talabalar gazeta o‘qiyapti. Afsuski, bizning hatto bolg‘usi jurnalist talabalarimiz ham oxirgi 10 yillikda gazeta o‘qiganini ko‘rganim yo‘q. Yaponiyada gazeta-jurnallarga bo‘lgan munosabat havas qilarli darajada. Biz ko‘zimizni telefondan uzmaydigan jamoat transportlarida ular mobil qurilmalarini ovozsiz qilib gazeta-jurnal o‘qishadi. Mana nima uchun Yaponiya yuksalish bosqichlarida birinchilardan ekanligining sababi. Endi o‘zimizdagi holatni tahlil qiladigan bo‘lsak, biz sharq bilan g‘arb o‘rtasidagi davlatmiz. Shunga yarasha milliy jurnalistikamiz ham o‘ziga xos bo‘lishi; bor narsani saqlab qolishni bilishimiz zarur. Boisi, matbuot o‘z ustida qanchalik ishlamasin, tahliliy materiallarni qanchalik zo‘r berib tayyorlamasin, aholi undan uzoqlashib ketdi. Oldimizda katta vazifa turibdi – 150 yildan buyon o‘zbek milliy matbuoti yashab kelyapti va uning yashab
qolishiga harakat qilishimiz kerak. Gapning ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, “Matbuot kerak emas”, deb qo‘limizni qo‘ltigimizga suqib turaversak, milliy jurnalistikamiz tarixi bizni kechirmaydi.
Muhayyo Saidova, jurnalist:
– Matbuot mushtariylarini yana mutolaa va mushohadaga qaytarish uchun, avvalo, gazеta tahririyatlarining moddiy-tеxnik bazasini yaxshilash, jurnalistlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash zarur. Zamonaviy axborotlashgan jamiyatimizda matbuotning oqsashi sohalarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.
Matbuotsiz aholining savodi ham pasayib bormoqda. Hatto savodi juda past dеsak ham bo‘ladi. Ba’zi jurnalistlar ham o‘z savodi va malakasi ustida tinmay ishlashi kеrak. Chunki yangi texnologiyalar shiddat bilan hayotimizga kirib kеlar ekan, o‘zi bilan yangidan-yangi yondashuvlar, yangi uslublar, yangi qarashlarni olib kеladi. Jurnalist esa hamisha bir qadam oldinda bo‘lishi zarur.
Erkinjon Yarashev, Zarafshon shahridagi 13-IDUM fizika o‘qituvchisi:
– Millatning ertasi, kelajagi, ravnaq topishi, ayni damda jamiyatda ro‘y beradigan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-ma’naviy o‘zgarishlar haqida ma’lumotga ega bo‘lish, o‘z fikrlarini bildirish, unda tomoshabin bo‘lib emas, ishtirokchi bo‘lib yashash – daxldorlik hissini uyg‘otish uchun har bir jamiyat vakili uchun matbuot suv va havodek zarur. To‘g‘ri, tezkor zamon deymiz, texnika asri deymiz, internet rivojlangan davr deymiz, tan olish kerak, dunyoning bir burchagidagi axborotni yashin tezligida dunyoning ikkinchi bir burchagiga yetkaza olish mumkin bo‘lgan bir davrda matbuotning o‘rni, ko‘lami, nufuzi, unga bo‘lgan ehtiyoj biroz chekindi, afsus. Esimda, bolaligimda uyimizga 15 ga yaqin gazeta-jurnallar kelardi. Hatto har bir yoshning o‘z gazetasi bor edi. Xo‘sh, hozir nega aksariyat kishilar gazeta-jurnal, kitob o‘qimay qo‘ydi? Buning sabablari juda ko‘p. Avvalo, obuna narxining qimmatligi. Ayrim gazetalar obunasi narxi bir oilaning salkam bir oylik budjetiga teng. Ular hatto gazeta o‘qishni xohlashsa ham bunga imkoni yo‘q. Ikkinchidan, to‘gri, kishilarning o‘ziga ham bog‘liq o‘qish-o‘qimaslik. O‘qimaydigan kishining qo‘liga bepul gazeta berib qo‘ysangiz ham o‘qimaydi. Internet uchun sarflanadigan bir yillik mablag‘ gazeta obunasiga yetib ortib ham qoladi har holda. Demakki, hamma gap ham iqtisodga borib taqalavermaydi. Ko‘p narsalar, avvalo, kishining ma’naviyatiga bog‘liq. Qarangki, ma’naviyat ham oiladan, oila a’zolarining nima o‘qishidan yoki ko‘rishidan shakllanadi. Gazeta haftada bir marta eshigini taqillatib kelmagan xonadon a’zolari qanday qilib ma’naviyatli bo‘lishsin?
Gulchehra Ashurova, Termiz shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi:
– Faoliyatimdan xulosa qilib shuni aytishim mumkinki, gazeta-jurnallar nafaqat o‘qituvchining pedagogik mahoratini, balki o‘quvchining ham ijtimoiy ong-u saviyasi, huquqiy va siyosiy savodxonligi to‘g‘ri shakllanishiga yordam beradi. Albatta, har tomonlama teran fikrlovchi, yetuk avlodni tarbiyalash uchun ham bosma nashrlar obunasiga qaytishimiz kerak. Chunki boshlang‘ich maktab davrida bola u qadar mustaqil bo‘lmaydi. Aksariyat hollarda o‘qituvchi yoki ota-ona qaysi tomonga boshlasa, shu tomonga yo‘naladi. Sanoqli maktablarning gazeta-jurnallarga obuna ekanligini hisobga olsak, bu yaqin kelajakda farzandlarning nafaqat ijtimoiy, balki har tomonlama tengsizligiga olib keladi. Tabiiyki, bunga arzimas istisodni o‘ylab obunadan voz kechgan, o‘quvchini gazeta-jurnaldan mahrum qilgan maktab ma’muriyati sababchi bo‘lib qoladi.
Ilhom Norov, Shahrisabz shahridagi 32-maktab targ‘ibotchisi:
– To yaqin-yaqingacha gazеtalarning tiraji millionni qoralaydiganlari, haftaning har kuni, bеsh marta, uch marta nashr qilinadiganlari ko‘p edi. Har qadamda topiladigan matbuot shaxobchalaridan gazеta navbatda turib xarid qilinardi. Endi obuna haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Masalan, “Ma’rifat” gazetasini aytadigan bo‘lsak, haftada uch marta nashr qilinardi…
2017-yili kursdoshlarimni OTMni bitirganimizning 30 yilligiga taklif qilib “Ma’rifat” gazetasiga e’lon bеrdim; tеlеfonimni ilova qildim. Jimjitlik. Bilsam, hеch kim gazеta varaqlamay qo‘ygan ekan…
Gap tеlеfonda ham, intеrnеtda ham emas, odamlar gazеta o‘qimay qo‘ydi. Rеspublikada 500 mingdan ziyodroq o‘qituvchi bor, nashr tiraji 5 ming atrofida. Nisbat: 500000:5000. Yuz kishiga bir gazеta to‘gri kеlyapti.
Rеspublikada 4 milliondan ortiq o‘quvchi bo‘laturib, bolalar nashri “Tong yulduzi”, “Gulxan”, “G‘uncha” va “Klass”da judayam ayanchli manzara: 10 ming maktab – 3 ming tiraj. Endi o‘zingiz o‘ylang, har uch o‘quvchida emas, uch maktabda bir dona jurnal, boshqacha aytadigan bo‘lsak, 1333 o‘quvchiga bir dona…
Malika Saburova, O‘zDJTU tyutori:
– Esimda, bolaligimizdan yoshimizga moslab gazеta o‘qib kеlganmiz. “G‘uncha”, “Gulxan”, “Lеnin uchquni”, “Muzilka”, “Yosh lеninchi”, “Komsomolskaya Pravda”ga maktabdan obuna bo‘lganmiz. Erta tongdan pochtalyonlar gazеta tarqatishardi. Uyimizga 23 turdagi gazеta-jurnal kеlardi. Dunyo yangiliklaridan tortib, yarmarkalarigacha ma’lumotga ega bo‘lardik. Qabul qilinayotgan yangi buyruqlar, qarorlar bilan tanishardik. Endi-chi? Otini to‘g‘ri yozolmaydiganlarga kunimiz qolgan. Har bir kasbning yangiliklarini yoritib boradigan o‘z gazеtasi bo‘lsa, har bir mutaxassis kasbdoshlarining faoliyatidan boxabar bolsa, raqobat ruhi kuchaysa, zamon bilan hamnafas yashasak deyman…
Shu o‘rinda Beruniy Alimovning quyidagi gapi juda ham o‘rinli: “Yosh bolaga nima yeysan, deb so‘rasangiz, u kunning har bir ovqatlanish vaqtida “Muzqaymoq!” deb javob beradi. Holbuki, uning sog‘ligi uchun boshqa ovqatlar ham zarur va bundan tashqari ob-havo ham muzqaymoq uchun doimo tog‘ri kelavermaydi”. Ya’ni aholiga qo‘yib bersangiz ijtimoiy tarmoqlarning yengil-yelpi postlari-yu, hovliqma videolari, biryoqlama fikrlaridan nariga o‘tmaydi. Natijada mustaqil fikrlashni to‘xtatadi, fikriy qaramga aylanadi. O‘zlari bolalariga gazeta-jurnal nimaligini bildirmay o‘stirishadi-da, kelgusida jamiyatni aybdor qilishadi. Oqibatda boshqa davlatlarning farzandlari ixtirochi bo‘laverishadi-yu, men-men degan daholarning avlodlari, ya’nikim biz esa oddiy iste’molchidan nariga o‘ta olmay qolishimiz mumkin…
Shahnoza YANGIBOYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri
06.09.2023.