Hayotda shunday zotlar bo’ladiki, ular sizga faqat ilm o’rgatmaydi — yo’l ko’rsatadi. Ular faqat bilim bermaydi — tafakkurni tarbiyalaydi. Ular sizdan faqat natija talab qilmaydi — vijdon, halollik va masuliyatni o’rgatadi.
Ana shunday inson bilan uchrashish taqdirning eng katta inomidir.
Tom manodagi ilm yo’li aslo yengil emas. Aksincha u sizdan sabr, matonat, jiddiylik, chidam va iztirob talab qiladi. Biroq, agar omadli bo’lsangiz, ana shu mashaqqatli yo’lda o’zidan nur taratib turgan yo’lchi yulduz paydo bo’lar ekan. Shundagina yelkadagi yuk qanchalik og’ir, zil-zambil bo’lmasin, oldinga qarab yurishga kuch topasiz. Chunki yo’lchi yulduz — faqat yo’nalish beruvchi emas, u masuliyat, ishonch va sadoqat manbaidir.
Ustoz insonni emin-erkin fikrlashga, qo’rqmasdan haqiqatning yuziga qarashga, voqelikni xolis baholashga o’rgatadi. Murakkab muammolarga tayyor, shunchaki navbatchi javob emas, asosli ilmiy yechim izlash madaniyatini shakllantiradi. Eng muhimi, mustaqil qaror qabul qilish, o’z so’zi va pozitsiyasi uchun kurashishni, qatiylikni, javob berishni hayot qonuniga aylantiradi.
Bu esa yillar, mehnat va shaxsiy namuna orqali sizga beriladigan tarbiyadir.
Tashqaridan qaraganda bosib o’tilgan yo’l oson tuyulishi mumkin. Ammo u yo’lda kutilmagan qarshiliklar, asossiz to’siqlar, tengsiz kurashlar bo’lgani rost. Ayrim damlarda esa sabrning o’zi sinovga aylangan pallalar ham bo’lgan. Ana shunday paytlarda ustozning qatiyati, printsipial pozitsiyasi va ichki muvozanati shogird uchun eng katta tayanch bo’lib xizmat qilar ekan.
Kechasiyu kunduzi, yilning qorli-qirovli, yomg’irli-bo’ronli, jazirayu chillasi, xullasi, istalgan faslida tinim bilmagan kunlarimiz bugun kech bo’lsa-da o’z samarasini berdi.
O’zbekistonning global axborot makonidagi imiji va nufuzi bo’yicha olib borilgan ilmiy izlanishlar, dalil va isbotlarga tayangan tahlillar, tizimlashtirilgan xulosalar va aniq takliflar ilmiy maktab shakllanishiga xizmat qildi.
Bu mehnatlar 12 yil davomida: avval PhD, keyin esa DSc dissertatsiyalarida o’z ifodasini topdi. Ammo eng muhimi — mazkur jarayonda shogird o’laroq halollik, ilmiy qonun va qodilarga sadoqat va akademik poklik nima ekanini amalda o’rgandik.
Bir kuni ilmiy jamoat oldida aytilgan hazilomuz, ammo chuqur manoli so’zlar ushbu yo’lning mohiyatini aniq ifodalab bergan edi:
— «Bu shogirdim boshqalardek qoidalarni buzib o’tganida edi, allaqachon o’z manziliga yetardi. Ammo ming afsuslar bo’lsinki, unga svetaforning qizilida ham bosib o’tib ketish mumkinligi, har qanday qing’ir-qiyshiq usul bilan ham maqsadga erishish mumkinligi, mavjud qoidalarni buzishga aslo o’rgata olmadim…»
Bu aytilgan gapda bir paytning o’zida hazil bilan birga ustozga xos faxr, ishonch va printsiplarga sadoqat mujassam edi.
Ilk marralarga yetib borgan damlarimizda ustozning ko’zlaridan tomchilab oqqan mashaqqatli mehnatning achchiq, ehtimol biroz alamli, ammo pok ko’z yoshlari — ana shu printsiplarning eng yorqin, eng halol isboti bo’ldi.
Ustoz hech qachon o’z shogirdiga to’xtab qolishga imkon bermadi. Yiqilsa-da, ustini qoqib, faqat yuqoriga qarab yurishni davom ettirishga, kichik yutuqlar bilan qanoatlanmaslikni, o’ziga nisbatan talabni pasaytirmaslikni o’rgatdi.
Chunki haqiqiy ustoz uchun har bir yangi marra — yangi masuliyat ekan.
Bugungi 75 yoshlik yubileyingiz — faqat umr yo’lini sarhisob qilish sanasi emas. Bu kun — yaratilgan ilmiy maktab, ilmiy va manaviy meros oldida tazim qilish kunidir.
Xurshid Nabiyevich!
Shogirdlaringiz orasida Sizni eng ko’p qiynaganlari, joningizga tekkanlari, shu bilan birga siz eng ko’p ishonganlaringiz ham bor, albatta. Ammo shuni ishonch bilan aytamanki, har bir shogirdingiz Sizdan ilm bilan birga insoniylik, halollik va masuliyat darsini olgan.
Siz faqat ustoz emas, balki katta ilm dunyosi tomon bizga beminnat yo’l ko’rsatgan yulduzsiz. Buyog’iga hatto 200 yil yashasak ham, Sizdan ko’rgan mehr va yaxshiliklarning hech bo’lmasa bir qismini qaytarishga qodir bo’lolmasligimizni anglab ezilaman va cheksiz minnatdorlik hissini tuyaman.
Esingizdami? Shu gapimizdan keyin “endi 200 yil yashamagan ham nomard” degandingiz.
Fursatdan foydalanib, Sizga va kelinoyimga mustahkam salomatlik, uzoq umr, ikki dunyo roziligini so’rab qolaman.
Chuqur ehtirom va minnatdorlik bilan shogirdlaringiz nomidan,
Beruniy
08.01.2026y.


