Hissiz texnologiya ijodiy jarayonga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Aslida SI haqiqiy jurnalistik ijod qonuniyatlaridan ancha uzoq. Chunki ijod – inson tafakkuri, hissiyotlari va estetik qarashlariga asoslangan murakkab jarayon. Lekin ijodda shunday vazifalar borki, ularni mexanik tarzda bajarish mumkin. Masalan, statistik ma’lumotlarni yig‘ish, raqamlarni qo‘shish-ayrish, turli hisob-kitoblar, infografikalar yaratish, jadval va diagrammalar chizish, foto va video materiallarni tahrirlash. Bu kabi texnik vazifalar uning yordamida tez va aniq bajariladi.
Qolaversa, texnologiya jurnalist uchun mutlaqo yangi platformalar yaratib berishi mumkin.Aytaylik, grafik tizimlar yoki interfaol gipermatnlar, katta maqolalar (longrid), virtual haqiqat vositalari, storitelling texnologiyalari SI orqali yanada takomillashmoqda. Bu texnologiyalar axborotni nafaqat taqdim etadi, balki uni tushunarli va ta’sirchan qiladi. Umuman olganda, jurnalistikada SI amaliyoti – texnikaviy va ijodiy imkoniyatlardan vobasta, o‘zaro bog‘liq holda foydalanish degani.
Shuningdek, SI jurnalistga noan’anaviy mavzularni izlash, yangi yondashuvlarni taklif qilish va materiallarni yaratishda ilg‘or yondashuvlarni ishlab chiqishda ko‘maklashadi. Masalan, SI muayyan mavzu yuzasidan ilgari kuzatilmagan rakurslardan qarash, tahlil qilish va fikr yuritishni taklif qilishi mumkin.
Keling, shu o‘rinda sun’iy intellektning ijodiy jarayonga qanday ta’siri borligini aniq misollar, nazariyalar asosida chuqurroq ko‘rib chiqamiz.
Sun’iy idrok inson tafakkurining eng murakkab va ko‘p qirrali funksiyalarini texnologik shaklda modellashtirish imkonini bergan inqilobiy yondashuv sifatida ijodiy jarayonlarga ham chuqur ta’sir ko‘rsatmoqda. Nafaqat ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilishda, balki yangiliklar yaratish, hikoya tuzish, uslubiy tahrir kiritish, tilni emotsional jihatdan boyitish kabi nozik va ijodiy vazifalarni ham bajara olmoqda. Bu kontent tayyorlash jarayonida tub o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi.
Masalan, “The Washington Post” tahririyati 2016-yildan buyon “Heliograf” nomli SI tizimidan foydalanmoqda. Bu tizim saylov natijalari, sport yangiliklari va moliyaviy hisobotlar asosida avtomatik tarzda maqolalar yaratadi. Dastur 2016-yilgi AQSh prezidentlik saylovlarida minglab yangiliklarni yaratishda ishtirok etgan[1].
Heliograf tezkorligi, xatoga yo‘l qo‘ymasligi va yo‘naltirilgan axborot yetkazish imkoniyatlari bilan jurnalistikaga katta qulaylik olib keldi. Shu orqali yangiliklar kontentini avtomatlashtirish, omma e’tiboridagi mavzularni tezda aniqlash va auditoriyaga mos shaklda taqdim etishda muhim vositaga aylandi.
Yevropada ham ilg‘or tajribalar bor. Buyuk Britaniyaning “BBC” media korporatsiyasi SI texnologiyalaridan nafaqat matn yaratishda, balki ovoz sintezi, video tahlili va hatto “deepfake” texnologiyalarini aniqlashda foydalanmoqda.
“BBC News Labs” loyihasi orqali ishlab chiqilgan maxsus algoritmlar yangiliklarning haqiqatga mosligini aniqlash, manbalarni tekshirish va auditoriyaga ishonchli ma’lumotlarni uzatish imkonini beryapti.
Shu bilan birga, SI asosidagi tahliliy dasturlar jurnalistlarga dolzarb mavzular bo‘yicha maqolalar yaratishda asosiy yo‘nalishlar va kalit so‘zlarni aniqlashda ilhomlantiruvchi tavsiyalar beradi. Bu ijodiy jarayonni emas, jurnalistning nazariy-analitik fikrlashini qo‘llab-quvvatlaydi.
“Xinhua” axborot agentligi (Xitoy)da yaratilgan sun’iy diktor – “AI Anchor” loyihasiga asoslangan virtual jurnalistlar video formatda yangiliklarni real vaqt rejimida o‘qiy oladi. Ularinsonlardek muloqot tili va mimikani o‘zlashtirgan, turli madaniy kontekstlarda chiqishlar qiladi, ko‘p tilli auditoriyalar bilan samarali muloqot o‘rnatadi. Mazkur texnologiya xatoliklardan xoli, doimiy ishlaydi, tillarni tezda “o‘rganadi” va turli madaniy kontekstlarda chiqish qiladigan sun’iy diktorlar orqali ommaviy axborot vositalarida inson mehnatini qisqartirish imkonini bermoqda. Natijada ijodiy jarayonda sun’iy intellekt inson rolini to‘laqonli egallamasa-da, unga yelkadosh bo‘layotgani aniq sezilmoqda. Bu texnologiyalar virtual ommaviy axborot vositalarining shakllanishiga, ya’ni to‘liq raqamli jurnalistikaning yangi avlodiga asos bo‘lsa, ajab emas.
Milliy ommaviy axborot vositalarimizda ham sun’iy intellekt texnologiyalari bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (UzA), “Daryo.uz”, “Gazeta.uz”, “Kun.uz” kabi yetakchi axborot saytlari sun’iy intellektga asoslangan tarjima vositalarini, matn tahlili xizmatlarini va kontent yaratish bo‘yicha yordamchi algoritmlarni foydalanishga tatbiq etyapti.
Masalan, “Daryo.uz” sun’iy idrok texnologiyalari yordami bilan ijtimoiy tarmoqlardagi trendlarni kuzatadi va ular asosida tezkor maqolalar yaratish bo‘yicha tahlillar yuritadi. Bu esa tahririyatlarning tezkorlik va dolzarblik tamoyillarini saqlashiga yordam beradi.
Ayni paytda SI jurnalistning ijodiy qobiliyatiga raqib emas, hamkor sifatida namoyon bo‘lyapti. Inson tajribasi, axloqiy mezonlari va hissiy kechinmalari asosida shakllanadigan jurnalistik mahoratga sun’iy intellekt hali erisha olgani yo‘q, biroq faktlar, ma’lumotlar va umumiy strukturani tayyorlashda ulkan yordamchi vosita sifatida ishtirok etadi. Uning ko‘magidan foydalanuvchi jurnalist e’tiborini tasnif, izoh, tahlil va kontekstga qaratadi.
Bu ijodiy jarayonda insoniy tafakkur bilan sun’iy tafakkurning uyg‘unlashishiga olib keladi. Boshqacha aytganda, innovatsiyalarga boy, texnologik taraqqiyotga asoslangan va insoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashgan yangi axborot davri vudujga kelmoqda.
Yana bir muhim jihati, SI asosidagi vositalar tilga oid cheklovlarni yo‘qotishga xizmat qilmoqda. Mashinaviy tarjima, avtomatik sarlavha yaratish, matnni qisqartirish, tahliliy qaydlar tuzish, hissiy semantika asosida kontentni baholash kabi funksiyalar nafaqat ish unumdorligini oshiradi, balki jurnalistning ijodiy yo‘nalishini aniq belgilashga ko‘maklashadi.
Bu borada “OpenAI” ishlab chiqqan “ChatGPT” modelining tahrirlash, tarjima va matn yaratish funksiyalari jurnalistika sohasida keng qo‘llanmoqda[2].
Shu tariqa sun’iy idrok texnologiyalari jurnalistikada kontent tayyorlash jarayonining ajralmas qismiga aylanib, jurnalistik ijodning yangi davrini boshlab berdi – u jurnalistga faqat axborot yetkazishda emas, uni qanday tarzda, kimga va qachon yetkazish masalalarida ham fikrlash imkonini bermoqda.
Bunday jarayon esa zamonaviy jurnalistikada innovatsiyalarni, ko‘p tarmoqlilikni va insoniyat ehtiyojlariga moslashuvchanlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
SI texnik vazifalarimizni o‘z “zimmasiga oldi”
Bir vaqtlar faqat jurnalistlar bajargan bir qancha murakkab texnik vazifalarni sun’iy intellekt tizimlari bir necha daqiqada uddalamoqda. Matn yozish, faktlarni tekshirish, tilga oid tuzatishlar kiritish, tahliliy va statistik ma’lumotlar asosida maqola tayyorlash, multimedia kontentini ishlab chiqish, foydalanuvchi qiziqishlariga mos axborotni filtrdan o‘tkazish kabi texnik vazifalarni bemalol bajaryapti.
Xalqaro jurnalistik tajribada “Associated Press” agentligi qo‘llayotgan “Wordsmith” tizimi e’tiborga molik. Bu dastur moliyaviy hisobotlar, sport musobaqalari natijalari va boshqa statistik axborotlar asosida maqolalar yaratadi. Agentlik 2014-yildan buyon har oyda 1000 dan ortiq moliyaviy hisobotga asoslangan matnni inson aralashuvisiz e’lon qilmoqda[3].
Texnik jihatdan olganda, sun’iy ong katta hajmdagi raqamli ma’lumotlarni tahlil qilish, aniq mavzu atrofida grammatik va uslubiy jihatdan mukammal matn tuzish funksiyalarini “zimmasiga oldi”.Natijada jurnalistlarda tahliliy va izohli materiallar ustida ko‘proq ishlash imkoni paydo bo‘ldi.
Yoki bo‘lmasa, “Reuters” axborot agentligi “Lynx Insight” tizimi yordamida jurnalistlarga dolzarb mavzularni taklif qiladi, statistik tafovutlarni aniqlaydi va anomaliyalarni ko‘rsatib beradi. Ya’ni tizim qanday faktlar asosida maqola yozish mumkinligini tavsiya qiladi va kerakli axborot bazasini tezda taqdim etadi. Bu orqali ishonchli manbani izlash, faktni topish, aniqlash va matnga moslashtirish kabi murakkab texnik mehnat soddalashmoqda[4].
O‘zbek milliy mediasi ham bu borada faol. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan “Kun.uz”, “Gazeta.uz” va “Daryo.uz” kabi yetakchi media platformalarda SI asosidagi xizmatlar tobora kengaymoqda.
Masalan, “Daryo.uz” sun’iy intellekt yordamida ijtimoiy tarmoqlardagi trendlar, odamlar e’tiboridagi mavzular, eng ko‘p izlanayotgan kalit so‘zlar haqida avtomatik monitoring olib boradi. Monitoring xizmati kontent strategiyasini belgilashda, ya’ni qaysi mavzuda, qaysi uslubda va qaysi auditoriyaga maqola tayyorlash kerakligini aniqlashda yordam beradi. Sodda qilib aytganda, texnologiya kalit so‘zlar va sarlavhani avtomatik tarzda tanlash, tezkor xulosalar tayyorlash kabi texnik, gohida keng ijodiy vazifalarni osonlashtirmoqda.
SI ko‘magida matndagi grammatik, stilistik va uslubiy xatolarni tuzatish imkoniyati bor. Masalan, “Grammarly” yoki “ProWritingAid” kabi global servislar matnni til qoidalariga muvofiq tahrirlaydi, uslubiy takliflar beradi, emotsional ohangni baholaydi va matnning tushunarlilik darajasini aniqlaydi.
Lekin bu xizmatlar hozircha o‘zbek tilida yaxshi rivojlanmagan.
Texnik nuqtayi nazardan qaraganda, bu yerda sun’iy idrok tabiiy tilni qayta ishlash (NLP – Natural Language Processing), emotsional semantika tahlili va mashinali o‘rganish algoritmlaridan foydalanadi.
Sohadagi yana bir texnik, ammo o‘ta dolzarb vazifa – faktcheking, ya’ni faktlar to‘g‘riligini tekshirish jarayonida ham SI samarali ishlamoqda. “Full Fact” (Buyuk Britaniya) va “ClaimBuster” (AQSh) kabi SI asosida ishlab chiqilgan tizimlar matnni tahlil qiladi, faktiklarni aniqlaydi va ularni ochiq manbalardagi mavjud dalillar bilan solishtiradi. Yolg‘on yoki haqiqatga zid ma’lumotlarni aniqlab, xatolikdan ogohlantiradi.
O‘zbekistonda bu xizmat hali keng joriy qilinmagan. Ammo “Factcheck.uz” loyihasi doirasida SI asosida ishlovchi ayrim vositalar tajriba tariqasida foydalanilmoqda.
SIning multimediali kontentlarni tayyorlashdagi texnik yordamini inkor etib bo‘lmaydi. “Wibbitz” va “Lumen5” kabi platformalar jurnalistik maqolalarni video formatga aylantiradi, infografikalar, audiomatn yaratadi.
OAVda konvergensiya jarayonlari chuqurlashayotgan ayni sharoitda mazkur texnologiyalar kontentni nafaqat matn shaklida, balki ko‘p formatli vositalar orqali auditoriyaga yetkazish imkoniyatini kengaytiradi. Bunday imkoniyatlar yoshlar auditoriyasini bemalol jalb qila oladi.
Jurnalistikada yangi formatlar paydo bo‘ladimi?
Tahlillardan ko‘rinmoqdaki, zamonaviy jurnalistika inson va texnologiya uyg‘unligida rivojlanayotir. Bunday jarayon kelgusida kutilmagan o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Xususan, SI jurnalistikada kontent ishlab chiqish va tahrirlash jarayonlarini avtomatlashtirishdan tashqari, butkul yangi platformalar, formatlar va jurnalistik ifoda shakllarini taqdim etyapti, axborot tarqatish, qabul qilish va tushunish jarayonlarini o‘zgartirib yubormoqda. An’anaviy matnli yangiliklar, audio va video materiallar SI ijrosida interfaol, shaxsiylashtirilgan (aniq auditoriyaga yo‘naltirilgan – desak bo‘ladimi?), real vaqt rejimida moslasha oladigan shakllarga aylanmoqda.
Bu platformalar jurnalistikaning texnik imkoniyatlarini kengaytiribgina qolmay, auditoriya bilan o‘zaro aloqani chuqurlashtiradi, foydalanuvchi ehtiyojlariga mos kontent yaratishni osonlashtiradi.
Misol uchun, “The New York Times” va “Washington Post” kabi nufuzli nashrlar sun’iy intellektdan auditoriyani tahlil qilish, shaxsiylashtirilgan maqolalarga tavsiyalar berish, infografika va dinamik vizual kontent yaratishda faol foydalanmoqda. Bunday yondashuv jurnalistik kontentni qamrovliroq va foydalanuvchi ehtiyojlariga mos shaklda taqdim etishga xizmat qiladi.
Ayni paytda yangilik platformalar real vaqt rejimida ishlay oladi, foydalanuvchining ta’biga mos ravishda maqola hajmini, uslubi va hatto mavzularni avtomatik o‘zgartira oladigan tizimlarga aylanmoqda.
“Quartz” nashriyoti ishlab chiqqan mobil ilova sun’iy intellekt asosida yangiliklarni chat-interfeys ko‘rinishida taqdim etadi. Foydalanuvchi ilova bilan suhbat tarzida muloqotda bo‘lib, kerakli mavzu haqida savollar berishi, qo‘shimcha izohlar olishi yoki qisqacha xulosa so‘rashi mumkin. SI asosida qurilgan interaktiv platforma an’anaviy yangilik tarqatish shakliga nisbatan ko‘proq foydalanuvchi ishtirokiga asoslanadi.
Bu esa jurnalistikaning passiv axborot berishdan faol muloqotga o‘tishini anglatadi.
“BBC”ning “Talking with Machines” loyihasi sun’iy ong yordamida interfaol audio platforma yaratishga qaratilgan. Foydalanuvchilar o‘zlari qiziqqan mavzularda ovozli savollar berib, SIning javoblarini olishi mumkin.
Shu singari platformalar jurnalistikani oddiy yangilik taqdimotidan chuqurroq dialogga asoslangan, real vaqtli aloqa vositasiga aylantirmoqda. Ajabmaski, yaqil vaqt ichida jurnalistikaning yangi interaktiv shakli yuzaga kelsa…
Bunday tizimlar tabiiy tilni qayta ishlash (Natural Language Processing), mashinaviy o‘rganish va ovozli interfeyslar asosida qurilgan bo‘lib, ularning ishlash mexanizmi SIga tayanadi[5].
Yangi platformalarning yana biri – vizual va data-jurnalistikani kuchaytiruvchi, infografik va interaktiv xaritalar yaratishga ixtisoslashgan xizmatlardir. “Bloomberg” agentligi SIdan foydalangan holda interaktiv moliyaviy grafa va avtomatik tahliliy hisobotlar yaratadi. Platforma foydalanuvchilar xohlagan parametrlar asosida ma’lumotlarni tanlab, o‘zgarishlarni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi.
Bu nafaqat jurnalistik materialni tushunarli qilish, balki o‘quvchi ishtirokini rag‘batlantirish va xulosalar chiqarish qobiliyatini kuchaytirish uchun xizmat qiladi.
O‘zbekistonda bu yo‘nalishdagi tajribalar asta-sekin shakllanmoqda. Masalan, “Gazeta.uz” sayti o‘z yangiliklar platformasida sarlavhalarni avtomatik tahlil qilish, maqolalarni turli auditoriyalar uchun moslashtirish, eng ko‘p o‘qilgan materiallarni foydalanuvchi afzalliklariga mos tarzda taklif qilish uchun AI algoritmlarini joriy qilgan.
“Daryo.uz” esa SI yordamida ijtimoiy tarmoqlardagi tendensiyalarni kuzatib boradi va ularga asoslanib dolzarb mavzularda kontent yaratadi.
Bu orqali jurnalistika endi faqat axborot yaratish emas, balki uni strategik aniq maqsadlarda tarqatish va foydalanuvchi bilan aloqa o‘rnatish vositasiga aylanmoqda.
***
SI metavers va kengaytirilgan haqiqat (AR/VR) asosidagi jurnalistik platformalarni rivojlantirishga ham turtki bermoqda.
Misol uchun, “The New York Times” “The Daily 360” loyihasi orqali foydalanuvchilarga yangiliklarni 360 daraja aylanada – virtual haqiqat formatida ko‘rish imkonini taqdim etmoqda. Bu interaktivlik va immersiv yondashuv jurnalistikani nafaqat ko‘rish yoki o‘qish, balki boshdan kechirishga imkon beradigan tajribaga aylantirmoqda. Sun’iy intellekt bu yerda vizual sahnalarni avtomatik boshqarish, foydalanuvchi harakatlarini kuzatish va unga mos kontent yetkazish orqali texnik asos vazifasini bajaradi.
***
Quyidagi savolga ham batfsil javob izlaymiz: Sun’iy intellekt noan’anaviy yechimlarni qanday taklif qiladi?
Sun’iy idrok jurnalistikaga kirib kelishi bilan sohada ilgari mavjud bo‘lmagan, g‘ayrioddiy va noan’anaviy yondashuvlar yuzaga kela boshladi. Bu sohaning mazmuniy, texnik va estetik jihatlariga ta’sir qilib, axborot uzatish va iste’mol madaniyatini tubdan o‘zgartirmoqda.
Texnologiya inson tafakkuridan farqli tarzda algoritmik va statistik asosda qarorlar qabul qiladi, bu jurnalistikaning yaratish, tahlil qilish va tarqatish bosqichlarida ilgari tasavvur qilinmagan g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.
Masalan, “The Washington Post” ishlab chiqqan “Heliograf” dasturi yangiliklarni yozadi va ular orasida kam e’tibor qaratilgan, biroq statistik yoki ijtimoiy jihatdan ahamiyatli bo‘lgan mavzularni ajratib oladi. Bu jurnalistikaning noan’anaviy funksiyalaridan biri – “jim ovozlar”ga minbar berish, ya’ni ommaviy axborot vositalarida kam tilga olinadigan mavzularni ochiqlashga xizmat qilmoqda.
Sun’iy intellekt odatdagi insoniy fikr yuritish doirasidan tashqariga chiqib, yangiliklarni kutilmagan yondashuvlarda yoritish imkonini yaratadi. Bu, ayniqsa, katta hajmdagi ma’lumotlar asosida anomaliyalar, aloqalar yoki tendensiyalarni aniqlashda namoyon bo‘ladi. Misol uchun, “Reuters” agentligining “Lynx Insight” tizimi statistik ma’lumotlar ichida kutilmagan o‘zgarishlar yoki qiziqarli tafovutlarni aniqlab, jurnalistga aynan shu jihatlar bo‘yicha maqola tayyorlashni taklif etadi.
Inson jurnalist o‘zining tajribasi yoki intuitiv fikriga asoslanib bu mavzularni e’tiborsiz qoldirgan bo‘lishi mumkin, ammo sun’iy intellekt algoritmlari statistik anomaliyalarni asosiy mavzuga aylantira oladi. Bu esa noan’anaviy yondashuvlarning texnologik asosi sifatida xizmat qiladi.
Sun’iy idrokning salohiyatiga qaramay, jurnalistning ijodkorlik qobiliyati nima uchun bu qadar muhim ahamiyatga ega?
SI jurnalistikada keng qo‘llanilayotgan bo‘lsa-da, inson ijodiy salohiyati va kasbiy sezgirligi hanuzgacha o‘z qiymatini yo‘qotgani yo‘q. Chunki sun’iy intellekt, hatto eng ilg‘or algoritmlar va til modellari orqali ishlovchi tizimlar ham inson tafakkurining chuqurligi, kontekstual tahlil, emotsional sezgi va madaniy anglash darajasiga yetolmaydi.
Jurnalistika bu shunchaki ma’lumot yetkazish emas, balki voqelikni anglash, uni tushuntirish va jamiyatga ta’sir etuvchi fikrlar yaratish jarayoni bo‘lib, bu jarayon faqat inson ongining mahsuli sifatida shakllanadi.
Masalan, “The Guardian” gazetasida 2019-yilda sun’iy intellekt (GPT-2) yordamida yozilgan maqola e’lon qilinadi. Matn texnik jihatdan to‘g‘ri, mantiqan silliq bo‘lsa-da, unda ijtimoiy hissiyot, tanqidiy qarash va murakkab kontekstual idrok yetishmaydi. Gazeta bu maqolani jurnalistlar tahrirlaganini ochiq e’tirof etadi va bu holat shuni ko‘rsatadiki, jurnalist ijodi sun’iy ong mahsulini insoniy kontekstda anglash orqali mukammallashtiradi[6].
Sun’iy intellekt ma’lumotlarni tez va keng qamrovda tahlil qila olsa-da, u voqelikdagi noaniqlik, paradoks, kinoya yoki madaniy konnotatsiyani anglashga ojizdir. Inson esa bu murakkab jihatlarni ko‘ra oladi, tahlil qiladi va ular asosida jamoatchilikni hushyor torttiradigan materiallar tayyorlaydi.
O‘zbekiston kontekstida bunga misol qilib, “Gazeta.uz” nashrining Andijon viloyatidagi ijtimoiy tengsizlik mavzusiga bag‘ishlangan jurnalistik surishtiruvini keltiraylik. Bu materiallarda inson taqdiriga oid voqealar chuqur psixologik his etish, anglash asosida yoritilgan, ularning tahlilida insoniy nuqtayi nazar asosiy omil bo‘lgan.
Bu kabi chuqur ijtimoiy kontekstda sun’iy intellektning faqat faktlar asosidagi yondashuvi yetarli bo‘lmaydi. Jurnalist esa bu faktlarga ma’naviy, axloqiy va jamiyat ichki ehtiyojlariga asoslangan ma’nolarni singdira oladi[7].
Yana bir muhim jihat shuki, sun’iy intellekt mavjud ma’lumotlar asosida ishlaydi. Ya’ni u o‘zining bilim bazasidan tashqariga chiqa olmaydi. Inson-jurnalist esa yangi voqeani yoritayotganda ilgari noma’lum bo‘lgan fikrlar, tafakkur yo‘nalishlari va g‘oyalarni yaratishga qodir. Bu esa jurnalistikani har doim yangilik, ilg‘orlik va o‘ziga xoslik sari yo‘naltiradi.
“ProPublica” kabi xalqaro surishtiruv jurnalistikasi tashkilotlari e’lon qiladigan tahlillar – masalan, AQSh sog‘liqni saqlash tizimidagi kamsitishlarga oid materiallar – chuqur insoniy kuzatuv, surishtiruv va empatiya mahsulidir. SI esa bunday ijtimoiy nohaqliklarni statistik ko‘rsatkichlar sifatida qamrab olsa-da, ularning orqasidagi insoniy fojiani anglay olmaydi (Marcovitz, H., “Investigative Journalism: Proven Strategies for Reporting the Story”, ReferencePoint Press, 2020).
Jurnalist ijodining yana bir noyob jihati – til bilan ishlashdagi uslubiy erkinlik va badiiy ifoda. Sun’iy intellekt, hatto GPT-4 darajasidagi model ham, stilistik jihatdan yaxshi yozuvchi bo‘lishi mumkin, lekin u o‘ziga xos ovoz, ironiya, satira yoki madaniy metaforalarni ixtiro qila olmaydi.
Masalan, “The New Yorker” nashridagi maqolalar o‘ziga xos sarkazm, badiiylik va g‘oyaviy murakkablik bilan ajralib turadi. Bu kabi ifoda shakllari faqat inson tafakkuridan tug‘ilishi mumkin.
Sun’iy intellekt mavjud tilda mavjud uslublarni qayta ishlay oladi, lekin yangi ifoda vositalarini yaratishda passiv rol o‘ynaydi[8].
Shuningdek, jurnalist axloqiy mas’uliyatni his qilgan holda ishlaydi. Har bir so‘z, faktni taqdim etishda o‘z oldiga jamiyatga foyda keltirish, yolg‘on va manipulyatsiyaga qarshi turish, inson huquqlarini himoya qilish kabi muhim vazifalarni qo‘yadi.
Sun’iy intellekt esa bunday mas’uliyatni sezmaydi, u faqat kodlar va algoritmlar doirasida tafakkur qiladi. Bu, ayniqsa, dezinformatsiya va “deepfake” kabi sun’iy mahsulotlar ortida turgan axloqiy muammolar yuzasidan yaqqol namoyon bo‘ladi.
Masalan, 2023-yilda AI yordamida yaratilgan yolg‘on video kontentlar bir qancha siyosiy tanqid va janjallarga sabab bo‘ldi. Bunday sharoitda jurnalistning etik mezonlarga sodiqligi yanada muhim ahamiyat kasb etadi[9].
Alqissa, sun’iy idrok jurnalistikani qo‘llab-quvvatlovchi, tezlashtiruvchi va texnik jihatdan boyituvchi vosita sifatida xizmat qilmoqda. Ammo jurnalistik ijod – voqelikni anglash, tahlil qilish, u orqali jamiyat bilan dialog qurish, muammoni insoniylik mezonida tushunish va yechim taklif qilish qobiliyatidir. Bu qobiliyat hozircha sun’iy intellektga xos emas.
Jurnalist faqat texnik rolga emas, balki axborot jamiyatining yo‘lboshchisi, ifodachisi va muhokama yurituvchisi sifatida alohida mavqega ega bo‘lib qolmoqda. Bu mavqe – inson tafakkurining, qalbining va ijtimoiy mas’uliyatining bevosita mahsulidir.
[1] Marconi F., Newsmakers: Artificial Intelligence and the Future of Journalism, Columbia University Press, 2020.
[2] OpenAI, Technical Report on GPT-4, 2023.
[3] Linden, C., Decoding the Journalistic Automation: Artificial Intelligence and the Future of News Production, Nordicom Review, 2017.
[4] Diakopoulos, N., Automating the News: How Algorithms Are Rewriting the Media, Harvard University Press, 2019.
[5] Jurafsky, D., & Martin, J. H., Speech and Language Processing, Pearson, 2023.
[6] The Guardian, “A robot wrote this entire article. Are you scared yet, human?”, 2020.
[7] Bobojonov, H., “Jurnalistika nazariyasi va amaliyoti”, Toshkent: Ma’naviyat, 2021.
[8] Zinsser, W., “On Writing Well”, Harper Perennial, 2006.
[9] Ward, S. J. A., “The Invention of Journalism Ethics”, McGill-Queen’s University Press, 2004.
Manba:
Alimov B. S. Inson tafakkuri va sun’iy ong integratsiyasi. Zamonaviy jurnalistika va sun’iy intellekt: istiqbollar va muammolar. Monografiya. Samarqand davlat chet tillar instituti. «Mahorat» nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2026-yil. 156-bet.— B. 10-21.


