O’zi bo’lgan Go’ro’gli emasman

Yoki qaysidir rahbar hammaning oldida “bizning Beruniy – haqiqiy samorodok” deganida u mutlaqo nohaq edi.
Chunki buni inkor etuvchi jiddiy asoslarim bor.
To’g’ri, yetimlikda katta bo’ldim.
Lekin dunyo yuzini ko’ribmanki, hayotning har qanday murakkab chorraxasida Yaratganning o’zi yaxshi odamlarga ro’baro’ qildi.
Ular har doim to’g’r yo’lni ko’rsatib turishni kanda qilishmadi. Hatto qo’limdan yetaklab yurib, muhim yutuqlarga erishishda bevosita kamarbasta bo’lishdi.
Qizig’i, ayni jarayon ustoz-shogird munosabatlari asosida, shaxsiy manfaatlarsiz, shunchaki beg’araz amalga oshirildi.
Masalan, Abror Ahrorovich G’ulomov 1990-yillarning o’rtalarida birinchi rasmiy o’zbek xalqaro jurnalistlari safiga kaminani qo’shdilar.
Londonga (undan keyin Tokio va Moskvaga) ishga yuborish barobarida endigina atak-chechak bo’layotgan milliy diplomatiyamiz olamiga yo’llanma berdilar.
Keyin esa media sohasidagi eng nufuzli davlat boshqaruvi pozitsiyasigacha shaxsan o’zlari olib chiqdilar.
O’sha paytda tizimdagi ayrim qiziquvchilar: “hammasi tushunarli, gap bu yoqda ekan, Beruniy – Abror akaning xolasining o’g’li ekan” degan afsona (legenda) to’qib chiqarib, shu bilan o’zlarini sal yupatishgan edi.
Vaholanki orada nepotizmning n harfiyam yo’q edi.
Aksincha Abror akadan sahna ortida eshitilgan “tarbiyaviy soatlar”da boshqa birov bo’lganida edi… bu jiddiylik, bu qadar talabchanlik va qat’iyatlikdan dodlab yuborgan bo’lardi.
U kishidan tanbeh va tarbiya ma’nosida eshitganim qattiq gaplardan ko’ra, ba’zan “qaniydi sekin kabinetga olib kirib, xumoridan chiqquncha do’pposlab urib tashlasalar, balki yaxshroq bo’larmidi” degan paytlarim ham bo’lgan.
Chuqur tahliliy ma’lumotnoma yozish, matn ustida ishlash, hatto imlo (proofreading) hatolaridan tortib, matn tahrirgacha, shuningdek, diplomatning o’zini tutishidan tortib, qanday kiyinishi kerakligicha shu kishidan o’rgandim.
Etiketning ko’zga ko’rinmas qoidalari, oq paypoq muammosi, pichoq va vilkani to’g’ri ushlash, tilga mustahkam bo’lish masalalari ham chetda qolmagan.
Endi hozirga kelib oldin bo’lib o’tgan bu kabi voqealarga boshqacha qarayapman.
Abror akam o’sha paytda bu darajada qattiqqo’l bo’lmaganlarida (katta ehtimol bilan!) hech narsaga erisholmagan bo’lardim va bu haqiqatni endi yoshim bir joyga yetganida sekin-asta tushuna boshladim.
Xurshid Nabiyevich Muhammedov kaminani haqiqiy ilm-fan olamiga yetaklab kirdilar.
12 yil deganda himoyaga zo’rg’a chiqqan, OAK raisidan 14 marta qaytgan “eng yomon dissertatsiya” nomi bilan tarixda qolgan ishga rahbarlik qilganlar.
Ustoz bilan xalqaro media makonda O’zbekiston imiji muammosini tahlilga tortdik.
Eng qizigi’, tengsiz va ayovsiz qarshiliklar nafaqat tepadan, balki atrofdagi 100 yillik soha professorlaridan ham beomon yog’ilib kelavergan.
Oxiri bo’lmay ketgan paytlari “mayli, sen-ku hali yosh bolasan, hech bo’lmasa mening yoshimni sal hurmat qilishsa bo’lardi” degandilar ustoz.
PhD va DSc himoyalari paytida esa u kishining ko’zlaridan tomgan har bir qatra yoshning ortida millionlab sabr va alam zarrachalari bor edi.
Muhimi, ana shu ilm yo’lidagi mashaqqatlar va uztozning o’gitlari odamning ichki dunyosini mutlaqo qaytadan isloh qilishga asos bo’ldi.
Kurash maydonida yengilmaslik, “sportivnaya zlost”, emotsiyalrni jilovlash, sabr-bardoshli bo’lish, o’zaro hurmat, kamtarlik degan tushunchalarni boshqatdan o’rgandim.
Bir so’z vilan aytganda, shu davrgacha nimagaki erishgan bo’lsam, avvalo xudo, va allbatta ustozlarimning sahxsiy qo’lovlari bilan erishdim.
Ular men uchun osmon kengliklarida erkin parvoz qilishga yordam bergan, ikki katta, keng yoyilgan, zabardast qanotlarim bo’lib kelishmoqda.
Alloh dunyodagi barcha ustozlardan rozi bo’sin!
O’z qimmatli vaqtini ayamasdan, huzur-halovati va tinchligidan voz kechib kimgadir yaxshilik ulashayotgan insonlarning umrini ziyoda qilsin.
Men o’zi bo’lgan Go’ro’g’li emasman.
B.A.
PS
Foto: Polvonning oshida
08.08.2025