Televideniyeda SIdan foydalanish amaliyoti
Oxirgi o‘n yillikda SI amaliy sohalarda, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarida chuqur ildiz otdi. Ilgari faqat insonlarga xos bo‘lgan ko‘plab vazifalarni zamonaviy algoritmlar, ayniqsa, chuqur o‘rganish (deep learning) asosidagi neyron tarmoqlar yordamida bajara olayotgani sun’iy intellektni OAVning ajralmas bo‘lagiga aylantirdi.
Xususan, televideniyeda SIdan foydalanish amaliyoti kengaydi.
Telekanallar faqatgina axborot uzatib qolmay, ijtimoiy-estetik, madaniy targ‘ibotchi funksiyalarini ham bajaradi. Sohaga SI texnologiyalarining kirib kelishi qator vazifalarni texniklashtirib, kontent yaratishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Televideniyeda SIdan foydalanish masalasida Yaponiya va Xitoy yetakchilik qilmoqda. Masalan,Yaponiya birinchilar qatorida sun’iy teleboshlovchi (robot, animatsion personaj)larni yaratdi.
Ovozni tanish va yuzni aniqlash texnologiyalari audio-vizual jurnalistikada eng ko‘p qo‘llanadi.Masalan, BBC va CNN kabi dunyoning yetakchi telekanallari efirdagi intervyularni transkripsiya qilish, arxivlarni tartiblash va efirga chiqish jarayonini avtomatlashtirishda sun’iy intellektdandanfoydalanmoqda (Westlund & Lewis, Automating the News: How Algorithms Are Rewriting the Media, Harvard University Press, 2021).
SI kontentni personallashtirish imkonini berdi: tomoshabinga qiziqishi, odatlari va ijtimoiy tarmoqlardagi xatti-harakatlariga moslab yangiliklar lentasini shakllantiradi. Bu esa ularni axborotga ko‘proq jalb qilish, kontent bilan bog‘lanishni oshirishga xizmat qiladi.
Reklamani mohirona joylashtirish borasida ham SIga raqobatlashish qiyin. Tomoshabinlar qiziqishlari asosida ularni jalb qiladigan reklamalarni tanlab, efir vaqtini samarali boshqara oladi. Bu tijoriy faoliyatni jonlantiribgina qolmay, reklamani o‘quvchi yoki tomoshabin “stoliga” zo‘rakiliksiz “tortish”, uning axborot maydoniga sezdirmay kirib boorish deganidir.
Bunday texnologiya Netflix, YouTube va boshqa raqamli platformalarda keng qo‘llanmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, Netflix daromadining 75 foizigacha qismi kontent tavsiya qiluvchi algoritmlar orqasidan kelib tushadi (Gershgorn, “How Netflix Reverse Engineered Hollywood,” Quartz, 2016).
OAVda montaj qilish, sahnalashtirish va vizual effektlar yaratishda ham sun’iy aql texnologiyalari tobora ommalashmoqda. Adobe kompaniyasining yangi dasturlari video va audio kontentni bir necha harakat bilan to‘liq tayyor holga keltiradi.
Deepfake texnologiyasi esa vizual kontentni manipulyatsiya qilish orqali yangicha yondashuvlar yaratayotgani jurnalistika va axborot xavfsizligi borasida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lmoqda (Schick, The Rise of Deepfakes: AI and the Future of Misinformation, MIT Press, 2022).
Televideniyeda SIning asosiy afzalliklari – tezlik, aniqlik, xolislik va samaradorlikdir. Biroq etik masalalar, mualliflik huquqi, yolg‘on axborot tarqatilishi kabi xavf-xatarlar ham mavjud. Shu sababli jurnalistlar, tahririyatlar va texnologlar hamkorlikda SIdan mas’uliyat bilan foydalanishlari talab etiladi. Bu borada jurnalistika sohasi vakillari uchun maxsus qo‘llanmalar, etik kodekslar ishlab chiqilmoqda (UNESCO, Artificial Intelligence and Journalism: Challenges and Opportunities, 2023).
Telejurnalistikani yangi davrning boshlanishi
Sun’iy intellekt texnologiyalari bugungi kunda televideniye sohasida jadal sur’atlar bilan joriy etilmoqda va bu o‘zgarishlar nafaqat texnik jarayonlarga, balki kontent yaratish, efirga tayyorlash, auditoriya bilan ishlash va tarjima xizmatlarigacha bo‘lgan barcha bosqichlarga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Inson miyasi faoliyatiga taqlid qiluvchi algoritmlar tizimi sohada tezlik va samaradorlikni oshirdi, inson mehnatini yengillashtirdi, vaqtni tejash, sifatni oshirish jihatidan yangi darajaga olib chiqdi.
Xitoyda Xinhua agentligi 2018-yilda ishlab chiqqan birinchi sun’iy diktor – yangiliklar dasturi boshlovchisining eng asosiy xususiyatlari va u OAVga olib kirgan yangilik nimadan iborat edi?
2018-yilda Xitoyning Xinhua agentligi va Sogou kompaniyasi hamkorligida dunyodagi birinchi sun’iy intellektga asoslangan yangiliklar boshlovchisi ishlab chiqildi. Bu sun’iy diktor ilk bor Jahon internet konferensiyasida namoyish etilgan.
Sun’iy diktor quyidagi xususiyatlarga ega edi:
Real boshlovchiga o‘xshash tashqi ko‘rinish. Ingliz tilida Zhang Zhao, xitoychada Qiu Hao ismli real boshlovchiga asoslangan.
24 soat ishlay oladi. Sun’iy boshlovchi tanaffussiz ishlay olishi yangiliklar ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradi.
Matnni tabiiy ohangda o‘qiydi. U matnni xuddi mahoratli teleboshlovchidek o‘qiydi, yuz ifodalari va lab harakatlari aynan takrorlanadi.
O‘z-o‘zini o‘rganish qobiliyatiga ega. Eng hayratlanarlisi, jonli efir orqali o‘zini kuzata oladi va harakatlarini nazorat qilishni o‘rganadi, tajriba orttirgan sari takomillashadi, o‘zini to‘g‘rilab boradi.
Sun’iy diktor xabarlar taqdimotini avtomatlashtirgani bilan OAVga katta yangilik olib kirdi. Shu bois, unga jurnalistika sohasida yangi davrning boshlanishi sifatida qaraladi.
Shu o‘rinda sun’iy boshlovchilar televideniyeda insonlar o‘rnini egallay olishi mumkinmi, degan xavotirlarga ham to‘xtalsak. Chunki texnologiya rivojlangan sari bu savol dolzarblashyapti. Sun’iy boshlovchilar quyidagi jihatlari bilan insonlarga raqobatlasha oladi:
Tezlik va uzluksizlik. Tun-u kun ishlay oladi, dam olishga ehtiyoj sezmaydi.
Xarajatlar qisqarishi. Texnologiya ortiqcha chiqim va resurslar talab qilmaydi, inson omili bilan bog‘liq muammolardan mutlaqo xoli.
Texnik aniqlik. Sun’iy boshlovchilar matnni xatosiz o‘qiydi, ishonchli axborotni yetkazadi.
Real olib qaraganda, bular inson bajara oladigan vazifalarning texnik tomonlari xolos. Chunki hali sun’iy idrok inson boshlovchilarning barcha fazilatlarini, deylik, hissiy ta’sir va improvizatsiya, vaziyatga xos fikrlash, auditoriya bilan hissiy aloqaga kirishish – jonli muloqot, hazil-mutoyiba kabi ko‘nikmalarni o‘zlashtira olgani yo‘q. Ya’ni televideniyeda inson omili bebaho. Balki inson va texnologiya hamkorlikda ishlab, biri tezlik, ikkinchisi teranlik borasida ustunlikni ta’minlab berishi mumkin.
Masalan, Adobe Sensei, Magisto, Wisecut va boshqa dasturlar sun’iy intellekt asosida videoni tahlil qilib, muhim sahnalarni aniqlaydi, kerakli segmentlarni birlashtiradi va ovoz bilan muvofiqlashtirib, tayyor mahsulot yaratadi.
Bu texnologiyalar yangilik dasturlari, hujjatli filmlar va reklama roliklari tayyorlashda samara bermoqda. Efirga ketadigan materiallar sun’iy intellekt yordamida ancha tez, ixcham va aniqlik bilan tayyorlanadi.
Tilga oid to‘siqlarni yengib o‘tishda ham sun’iy intellekt televideniyega kamarbasta bo‘ladi. Real vaqt rejimida tarjima qilish, subtitrlar yaratish va nutqni matnga aylantirish vositalari orqali xalqaro axborot almashinuvi soddalashmoqda.
Google Translate, DeepL, Meta AI Translate, Whisper kabi tizimlar real vaqtda jonli tarjimalar qilish, turli tillarda subtitrlar yaratish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, ko‘p tilli mintaqalarda va xalqaro yangilik uzatuvchi telekanallarga ustunlik beradi.
Masalan, “Deutsche Welle” va “France 24” xalqaro axborot tarmoqlari AI asosida ishlab chiqilgan tarjima va subtitr tizimlaridan foydalanib, bir vaqtning o‘zida bir necha tilda efirga chiqmoqda (Marconi (Marconi, 2020), Artificial Intelligence and Journalism, Routledge, 2020).
SI televideniye sanoatini har tomonlama yangilab, raqamli, moslashuvchan va samarali tizimga aylantirmoqda.
O‘z navbatida, mualliflik huquqi, axborotning ishonchliligi va soxta yangiliklar (deepfake) kabi xavf-xatarlarning oldini olish, texnologiyalardan foydalanganda axloqiy mezonlarga, professional tamoyillarga va insoniy qadriyatlarga amal qilish mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida Yevropa Jurnalistika markazi, UNESCO va boshqa xalqaro tashkilotlar telemutaxassislar uchun etik qo‘llanma va metodik tavsiyalar ishlab chiqmoqda (UNESCO, AI and the Media: Guidelines for Journalists, 2023).
Erica, Zhang Zhao va Sobira Xoldorova…
Yaponiya va Xitoy televideniyesi sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng va tizimli foydalanayotgan davlatlar sirasiga kiradi. Bu ikki mamlakatning media sanoatida SI amaliyoti zamonaviy texnologik yutuqlar, inson-mashina ta’siri, kontentni avtomatlashtirish va auditoriya bilan interaktiv aloqa qurish asosida shakllanmoqda.
Yaponiya hamisha robototexnika va sun’iy idrok texnologiyalari sohasida yetakchi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, sun’iy intellekt asosida insoniy fazilatlarga taqlid qila oladigan vositalarni ishlab chiqish borasida katta yutuqlarga erishgan.
Kunchiqar mamlakat SIni televideniyega joriy etishda ham dunyodagi ilg‘or davlatlardan biridir. 2018-yilda Tokyo Broadcasting System (TBS) telekanalida sun’iy intellekt asosida ishlaydigan Erica nomli sun’iy boshlovchi ilk bor efirga chiqdi. Erica inson nutqini imitasiya qilish, intonatsiya va noverbal muloqot tilidan foydalanish, yangiliklarni tabiiy o‘qish ko‘nikmasiga ega edi.
Erica Yaponiya ilmiy tadqiqot markazlari – Osaka universiteti va Hiroshi Ishiguro laboratoriyasida yaratilgan. Uning asosiy vazifasi nutqni simulyatsiya qilish edi. Loyiha ilmiy doiralar va media olamida katta qiziqish uyg‘otdi (Ishiguro, H. Humanlike Robots and the Future of Media, Tokyo University Press, 2020).
Yaponiyaning yetakchi telekanallaridan biri – NHK esa SI yordamida tarixiy videolarni rangli formatga o‘tkazish, nutqni tahlil qilish va teleroliklar yaratishda ildamlik qilmoqda. Telekanal ishlab chiqqan SI dasturi 1940–1960-yillardagi arxiv videolarni rangli formatga aylantirib, zamonaviy auditoriyaga moslashtirish imkonini yaratdi.
Bu texnik yangilik tarixiy materiallarga yangicha yondashuv omilidir. Bundan tashqari, NHK subtitrlar yaratishda, audionutqni matnga aylantirishda, efirda real vaqt rejimida tarjima xizmatlarida ham SI texnologiyalaridan foydalanmoqda.
Xitoy ham sun’iy intellekt sohasiga katta mablag‘ sarflamoqda. Hukumat sohani milliy strategik texnologiya deb e’lon qilgan. Mamlakatda Zhang Zhao ismli real diktor qiyofasida yaratilgan “AI News Anchor” nomli virtual boshlovchi (Xinhua agentligi) haqida yuqorida to‘xtaldik. Agentlik 2019-yilda loyihaning uzviy davomi sifatida sun’iy ayol boshlovchi – Xin Xiaomengni taqdim etdi.
Bu texnologiyalar ayni paytda qanday ishlamoqda va ko‘zlangan natijani berdimi, degan savol tug‘iladi. Boshlovchilar kun bo‘yi uzluksiz ishlashi, charchoq bilmasligi kundek ravshan. Sarf-xarajatlarni qisqartirishda ham kutilgan effektni bermoqda. Yana sun’iy boshlovchilar tabassum qiladi, yuz ifodalari va intonatsiyani o‘zgartira oladi.
Etika va xolislik nuqtayi nazaridan qaraganda ham ko‘pchilik kutmagan natija kuzatilgan: AI boshlovchi shaxsiy fikr bildirmaydi – xolislikni ta’minlashning asosiy shartlaridan biri shu. Faqat ma’lumotlar bazasidagi xatolar yoki biaslar noto‘g‘ri axborot tarqatilishiga olib kelishi mumkin.
Ammo sohada gender stereotiplari kuzatilayotgani tahlilchilar e’tiborini tortgan. Ya’ni ko‘pchilik OAVlarda AI boshlovchilar ayol obrazida yaratilgan. Bu esa media sanoatidagi gender stereotiplarini aks ettiradi, ba’zida esa ularni chuqurlashtiradi.
Shunday bo‘lishiga qaramay, ilk sinov jarayonlari muvaffaqiyatli baholanadi. Chunki AI boshlovchilarni yaratish va ishlatish ancha arzon. Xabar berishicha (www.newslaundry.com manbasi) Hindistondagi ba’zi telekanallar inson boshlovchiga oyiga 70 000 rupe to‘lash o‘rniga sun’iy diktorga atigi 7 000-8 000 ming rupe sarflamoqda.
Xitoyning CCTV va iQiyi platformalari SI yordamida auditoriyaning dasturlarni tomosha qilish tarixini, faoliyat davomiyligini tahlil qilib, shaxsga mos dasturlarni tavsiya qiladi. Bu reklama marketingini aniq nishonga qaratilgan shaklda yuritish imkonini bergan. iQiyi va Tencent Video kabi xizmatlar SIni video montaj, ovoz sintezi, tarjima va hatto drama ssenariylarini yaratishda ham qo‘llamoqda.
2021-yilda Tencent ishlab chiqqan dastur ssenariy yozishda, obrazlarni shakllantirishda va harakat chizig‘ini aniqlashda ishtirok etgani texnologiyaning ijodiy jarayonga ham kirib kelganidan dalolat beradi (Li, M. AI-Generated Media in China: Culture, Control and Creation, Beijing Media University Press, 2023).
Xulosa qilib aytganda, telejurnalistikaga SIni joriy etishda Yaponiya ilmiy-texnik asosga va estetika, inson bilan uyg‘unlik tamoyillariga urg‘u bersa, Xitoy texnologik samaradorlik, 24 soatlik efirni avtomatlashtirish, personallashgan kontent yaratish va katta auditoriyaga tezkor xizmat ko‘rsatishga intiladi.
Har ikki davlatda SI axborot siyosatini shakllantiruvchi kuchli omilga aylanmoqda. Shu bilan birga, bu amaliyotlar axloqiy mezonlar, ijtimoiy mas’uliyat va inson-texnika o‘rtasidagi chegaralarni aniq belgilab olish zaruratini ham kun tartibiga qo‘ymoqda. Bu global media kelajagining sun’iy idrok bilan uyg‘unlashgan yangi bosqichini ifoda etadi.
O‘zbekistonda-chi, virtual boshlovchilar kelajagi qanday? Mamlakatimiz jurnalistlari ham AI texnologiyalarini OAVga joriy qilishda ilg‘or qadamlar tashlamoqda. 2024-yilda UzA – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi birinchi AI boshlovchisi – Sobira Xoldorovani taqdim etdi. Bu loyiha madaniy va tarixiy qadriyatlarni tiklashga ham qaratilgan.
Sobira axborot maydoniga ko‘p tillilik (9 tilda yangiliklarni o‘qiydi – o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, arab, xitoy, nemis, ispan, qozoq)ni olib kirdi. Bu O‘zbekistonning xalqaro axborot maydoniga chiqishigaxizmat qiladi. Yana u texnologik xususiyatlariga muvofiq, tezkor, xolis va hissiyotga berilmagan holda axborot yetkazadi. Axborot xavfsizligi ham ta’minlangan. Har bir video QR-kod bilan himoyalanganisoxta videolarni aniqlash va rasmiy manbani tasdiqlash imkonini beradi.
Eng ahamiyatli jihatlaridan biri – virtual boshlovchiga ilk o‘zbek ayol jurnalisti Sobira Xoldorova nomi berilgani yosh avlodga ilhom beradi.
Jahon tajribasida kuzatilayotgani kabi kelgusida O‘zbekistonda ham bu texnologiya faqat yangiliklar o‘qish bilan cheklanmaydi, balki axborot madaniyatini, til rivojini va texnologik mustaqillikni mustahkamlashda muhim vositaga aylanadi.
Televideniye kelajagi SI bilan chambarchas bog‘langan
Televideniye sanoatining kelajagi sun’iy intellekt bilan chambarchas bog‘liq. Kontent yaratish, efirni boshqarish, auditoriyani anglash va interaktivlikni ta’minlashda SI muhim rol o‘ynaydi. Bu nafaqat televideniyening samaradorligini oshiradi, balki ijodiy jarayonlarni ham yangi bosqichga olib chiqadi.
Sun’iy intellekt texnologiyalarining televideniye sanoati kelajagidagi roli tobora chuqurlashib, nafaqat texnik jarayonlarni avtomatlashtirish, balki ijodiy faoliyatning o‘zagini tashkil etish yo‘lida kengayib bormoqda.
Kelgusida televideniye faqat oddiy axborot uzatish vositasi emas, balki sun’iy intellekt bilan uyg‘unlashgan, inson xohishlariga mos kontent ishlab chiqaruvchi, o‘quvchi va tomoshabinning kayfiyatini anglaydigan, vizual va ovozli ma’lumotni sof estetik va kognitiv formatda yetkazadigan kompleks tizimga aylanadi.
Bugungi kundagi ilg‘or tadqiqotlar, xususan, MIT Media Lab, Stanford AI Lab va Oxford Future of Humanity Institute olib borgan izlanishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, kelgusida SI faqat kontentni tahlil qilish bilan kifoyalanmaydi, balki uni mustaqil ravishda yaratadi, ssenariy yozadi, obrazlar orasidagi munosabatlarni belgilaydi va dramatik syujetni boshqaradi.
Masalan, “The Creativity Code” asarida Marcus du Sautoy sun’iy intellektning san’at va madaniyat sohalariga, jumladan kino va televideniyega kirib borishi haqida to‘xtalib, uning kelgusida inson ijodiyotiga raqobatchi emas, balki sherik bo‘lishi haqida ta’kidlaydi (du Sautoy, M. The Creativity Code: Art and Innovation in the Age of AI, Harvard University Press, 2019).
Sun’iy idrok algoritmlari dasturlarni ko‘rishlar tarixi, tomoshabinning hissiy reaksiyasi, hatto yuz ifodalarini tahlil qilib, unga eng mos videomateriallarni taklif etadi. Bu nafaqat tomoshabin e’tiborini ushlab qolish, balki efirda o‘zaro aloqani kuchaytirish imkonini beradi. McStay tomonidan yozilgan “Emotional AI” kitobida bu jarayonlar batafsil yoritilib, sun’iy intellektning inson hissiyotlarini tahlil qilish asosida media kontentni qanday shakllantirayotgani bayon etiladi (McStay, A. Emotional AI: The Rise of Empathic Media, SAGE Publications, 2018).
Kelajakda sun’iy intellekt yaratgan kontentlar faqat avtomatik bo‘lishi emas, balki sun’iy tasavvur va sun’iy estetik yondashuv bilan yaratilgan, ya’ni zamonaviy madaniyatda ijodiy asar sifatida tan olinadigan darajada bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, SI asosida ishlaydigan hayotiy 3D animatsiyalar, virtual boshlovchilar, interaktiv tok-shoular va sun’iy aktyorlar ishtirokidagi seriallar televideniyening eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir. Disney, Netflix va Sony kabi kompaniyalar bu borada yangi loyihalarni sinovdan o‘tkazyapti.
Masalan, Netflixning “Love, Death & Robots” animatsion seriyasi sun’iy idrok yordamida ssenariy tahlili va vizual sahnalarni ishlab chiqishi bilan ajralib turadi (Netflix Production Notes, 2020).
Umuman olganda, televideniye kelajakda SI bilan uyg‘un rivojlanadi. Hatto odamlarning teleaxborotni iste’mol qilish madaniyati qayta shakllanadi. Natijada televideniye nafaqat yangiliklar manbai, balki aqlli va empatik media platformaga aylanadi.
Glossariy:
AI Presenter – sun’iy intellekt asosida ishlovchi boshlovchi yoki diktor.
Virtual boshlovchi – grafika yoki animatsiya asosida yaratilgan, real boshlovchini taqlid qiluvchi sun’iy personaj.
Yuzni aniqlash – vizual tizimlar orqali inson yuzini tanib olish texnologiyasi.
Tavsiyalar tizimi – foydalanuvchi xatti-harakatlarini o‘rganib, mos kontentni tavsiya qiluvchi SI moduli.
Adabiyotlar ro‘yxati:
- Alimov B. S. Jurnalistikada sun’iy intellekt davri. Monografiya. — Toshkent: New Factor Books. — 208 b. ISBN 978-9910-09298-5.
- Alimov B. S. Sun’iy intellekt axborot xavfsizligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? // Oʻzbekiston matbuoti, — T:, 2025. — № 1. — B. 4-7 (10.00.00; № 5).
- Alimov B. S. Sun’iy intellektning jurnalistikadagi roli va istiqbollari // Filologiya masalalari. — Toshkent, 2025. — № 2. — B. 219-235. (10.00.00; № 18).
- Komolov, S.Raxmatov. Sun’iy intellekt asoslari. Mashinaviy o‘qitish. Toshkent: «Ijod NASHR» nashriyoti, 2022. – 104 b.
- N. Zaynidinov., T.A.Xo‘jaqulov., M.P. Atadjanova., Sun’iy intellekt /TATU, Toshkent 2018 y. 261 b.
- To‘xtayev Sh. Sun’iy intellekt asoslari. – Toshkent: Fan va Texnologiya, 2021. – 278 b.
- Ravshan Ayupov, Go‘zal Baltabaeva. Sun’iy intellekt: ChatGPT va uning imkoniyatlari. Toshkent: Kitobxon, 2023.
- Sh. Bekqulov, I. Ibragimov. Sun’iy intellekt asoslari (ma’ruzalar matni). Qarshi: Erasmus+ loyiha asosida, yili ko‘rsatilmagan.
- 9. Karimov A.X. Sun’iy intellekt va axborot jamiyati, 210 bet. Toshkent: “Fan va texnologiya”, 2021.
10.To‘xtayev Sh. Sun’iy intellekt asoslari. – Toshkent: Fan va Texnologiya, 2021. – 278 b.
- 11. Назаров А. Искусственный интеллект в СМИ. – Москва: Наука, 2020. – 240 стр.
- 12. Russell S., Norvig P. Artificial Intelligence: A Modern Approach. – 4th Edition. – London: Pearson, 2020. – 1136 p.
- 13. Xu X., Zhang L. AI and the Future of Media. – Beijing: Tsinghua University Press, 2022. – 312 p.
- 14. Matsuo Y. Artificial Intelligence in Japanese Media. – Tokyo: MediaTech Publishers, 2023. – 198 p.
Manba:
Aqlli telejurnalistika taraqqiyoti // Oʻzbekiston matbuoti, — T:, 2026. — № 1. — B. 4-10 (10.00.00; № 5).


